Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalariga va O‘zbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
XXI BO‘LIM · 8 bob · 1 124 test · 19 tuzilish testi
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
To‘liq matn
Yetmish birinchi bob. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari.
To‘rt yuz yetmish to‘qqizinchi modda. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarga soliq solish.
Birinchi qism. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar ushbu bobda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliqlarni to‘lovchilar hisoblanadi.
Ikkinchi qism. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar mehnatga haq to‘lash tarzida olinadigan daromadlar bo‘yicha belgilangan stavkalar bo‘yicha ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘laydi.
Uchinchi qism. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius zimmasiga xodimlarning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini va ijtimoiy soliqni hisoblab chiqarish hamda to‘lash majburiyati yuklatiladi.
To‘rtinchi qism. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar notarial xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
To‘rt yuz saksoninchi modda. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslarning foydasiga soliq solish.
Birinchi qism. Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar foyda solig‘ini ushbu Kodeksda belgilangan stavka bo‘yicha to‘laydi. Bunda foyda solig‘ini hisoblab chiqarish, soliq hisobotlarini taqdim etish va to‘lash yiliga bir marta, hisobot davridan keyingi yilning birinchi martidan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Ikkinchi qism. Foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi ushbu Kodeksning qirq uchinchi bobida nazarda tutilgan daromadlarning barcha turlari notariuslarning daromadlari deb e’tirof etiladi.
Uchinchi qism. Notarial faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar chegiriladigan xarajatlar jumlasiga kiritiladi. Bunda chegirilmaydigan xarajatlar ushbu Kodeksning uch yuz o‘n yettinchi moddasiga muvofiq aniqlanadi.
To‘rtinchi qism. Foyda solig‘i to‘langanidan keyin xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariusning tasarrufida qolgan foyda soliq solish maqsadida dividendlarga tenglashtiriladi.
