Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i

XIII BO‘LIM · 6 bob · 1 055 test · 36 tuzilish testi

52-bob · 364–367 moddalar

Soliq to‘lovchilar, soliq solish obyekti va soliq bazasi

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Ellik ikkinchi bob. Soliq to‘lovchilar, soliq solish obyekti va soliq bazasi. Uch yuz oltmish to‘rtinchi modda. Soliq to‘lovchilar. Birinchi qism. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining soliq to‘lovchilari deb (bundan buyon ushbu bo‘limda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) quyidagilar e’tirof etiladi: Birinchi band. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar; Ikkinchi band. O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromad oluvchi O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslar. Uch yuz oltmish beshinchi modda. Soliq solish obyekti. Birinchi qism. Soliq to‘lovchining jami daromadi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining (bundan keyin ushbu bo‘limda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyekti deb hisoblanadi. Ikkinchi qism. Yakka tartibdagi tadbirkorlarning va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning tadbirkorlik faoliyatidan olingan hamda ushbu Kodeksning XX bo‘limiga muvofiq aylanmadan olinadigan soliq solinadigan daromadlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Uch yuz oltmish oltinchi modda. Soliq bazasi. Birinchi qism. Soliq bazasi quyidagilar hisoblanadi: Birinchi band. O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun - ushbu bo‘limda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini hisobga olgan holdagi jami daromadlari; Ikkinchi band. O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun - ushbu bo‘limda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qo‘llanmagan holdagi jami daromadlari. Ikkinchi qism. Soliq bazasini aniqlashda soliq to‘lovchining ham pul shaklida, ham natura shaklida olgan daromadlari yoki daromadlarni tasarruf etish uchun yuzaga kelgan huquqlari, shuningdek moddiy naf tarzidagi daromadlari hisobga olinadi. Bunda soliq to‘lovchining alohida turdagi daromadlari ushbu bo‘limda belgilangan shartlarda va tartibda jami daromad tarkibida hisobga olinishi yoki hisobga olinmasligi mumkin. Uchinchi qism. Soliq to‘lovchining chet el valyutasida ifodalangan daromadlari, haqiqatda daromadlar olingan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi bo‘yicha milliy valyutaga qayta hisob-kitob qilinadi. To‘rtinchi qism. Turli soliq stavkalari bo‘yicha solinadigan soliq bazasi alohida aniqlanadi. Beshinchi qism. Soliq bazasi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq davri boshidan e’tiboran o‘sib boruvchi yakun bilan aniqlanadi. Oltinchi qism. Soliq bazasi nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining ushbu Kodeksning VII bo‘limiga va ikki yuz sakkizinchi moddasiga muvofiq aniqlanadigan yig‘ma foydasini ham o‘z ichiga oladi. Yettinchi qism. Soliq bazasiga ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda tuzatish kiritiladi. Sakkizinchi qism. Ushbu Kodeksning VI bo‘limida nazarda tutilgan hollarda soliq to‘lovchining daromadlariga ushbu Kodeksning yigirmanchi bobida nazarda tutilgan tartibda tuzatish kiritiladi. To‘qqizinchi qism. Agar soliq to‘lovchining daromadidan uning o‘z farmoyishiga, sudning yoki boshqa organlar va tashkilotlarning qaroriga ko‘ra ushlab qolishlar amalga oshirilsa, bunday ushlab qolishlar soliq bazasini kamaytirmaydi. Uch yuz oltmish yettinchi modda. Daromad olingan sana. Birinchi qism. Ushbu bo‘limning maqsadida daromad olingan sana quyidagicha aniqlanadi: Birinchi band. daromadni to‘lash kuni, shu jumladan daromadni soliq to‘lovchining banklardagi hisobvaraqlariga o‘tkazish yoki daromadlar pul shaklida olinganda - daromadni soliq to‘lovchining topshirig‘iga ko‘ra uchinchi shaxslarning hisobvaraqlariga o‘tkazish kuni; Ikkinchi band. daromadlar natura shaklida olinganda - daromadlarni natura shaklida berish kuni; Uchinchi band. daromadlar moddiy naf tarzida olinganda - tovarlarni (xizmatlarni), qimmatli qog‘ozlarni sotib olish kuni. Agar sotib olingan qimmatli qog‘ozlarga haq to‘lash ushbu qimmatli qog‘ozlarga bo‘lgan mulk huquqi soliq to‘lovchiga o‘tganidan keyin amalga oshirilsa, daromadning haqiqatda olingan sanasi sotib olingan qimmatli qog‘ozlarning qiymatiga tegishli to‘lovni to‘lash kuni sifatida aniqlanadi; To‘rtinchi band. bir turdagi qarama-qarshi talablarni hisobga olish kuni; Beshinchi band. belgilangan tartibda soliq agenti tomonidan umidsiz qarz hisobdan chiqarilgan kun; Oltinchi band. xodim safardan qaytganidan keyin bo‘nak hisobot tasdiqlangan oyning oxirgi kuni. Ikkinchi qism. Mehnatga haq to‘lash tarzida daromad olinganda bunday daromadning olingan sanasi deb, soliq to‘lovchiga mehnat shartnomasi (kontrakti) asosida mehnat majburiyatlarini bajarganligi uchun, unga daromadlar hisoblangan oyning oxirgi kuni e’tirof etiladi, shuningdek mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan ish qidirish davriga kompensatsiya to‘langan sana e’tirof etiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uchinchi qism. Kalendar oy tugaguniga qadar mehnat munosabatlari bekor qilingan taqdirda, soliq to‘lovchi tomonidan mehnatga haq to‘lash tarzida olingan daromadning haqiqatda olingan sanasi deb unga daromad hisoblangan oxirgi ish kuni e’tirof etiladi. To‘rtinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi foydasining summasi tarzidagi daromadlar uchun daromadning haqiqatda olingan kuni deb chet el kompaniyasi yoki tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davrning tugallanish sanasi to‘g‘ri keladigan kalendar yildan keyingi soliq bo‘yicha soliq davrining oxirgi sanasi e’tirof etiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobotni tuzish va taqdim etish majburiyatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, bunday kompaniya foydasining summasi tarzidagi daromadning haqiqatda olingan sanasi deb foyda aniqlanadigan kalendar yilidan keyingi kalendar yilning oxirgi kuni e’tirof etiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Savol berish