Foyda solig‘i

XII BO‘LIM · 10 bob · 2 485 test · 69 tuzilish testi

49-bob · 347–350 moddalar

Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentlarning daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

Ustoz sharhi

Qirq to‘qqizinchi bob — doimiy muassasa orqali ishlaydigan norezidentlar. Ya’ni chet el kompaniyasi O‘zbekistonda filial, ofis yoki qurilish maydoni orqali ishlasa. Uch yuz qirq yettinchi modda — soliq solinadigan daromad. Faqat doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq daromad olinadi: shu yerda sotilgan tovar va xizmat, shu yerdagi mol-mulkdan daromad va hokazo. Uch yuz qirq sakkizinchi — chegiriladigan xarajatlar. Doimiy muassasa faoliyati uchun qilingan xarajatlar chegiriladi, xuddi yuridik shaxsdagidek: asoslangan va hujjatli bo‘lishi kerak. Bosh ofisning boshqaruv xarajatlari ham ma’lum shartlarda taqsimlanishi mumkin. Uch yuz qirq to‘qqizinchi — hisobot va to‘lov. Doimiy muassasa ham oddiy firma kabi chorak va yil bo‘yicha hisobot topshiradi va o‘n besh foiz stavkada to‘laydi. Uch yuz ellikinchi — agar doimiy muassasa daromadidan soliq agenti soliqni ushlab qolgan bo‘lsa, bu summa hisobga olinadi. Ya’ni ikki marta to‘lanmaydi. Yakun: doimiy muassasa — faqat o‘z faoliyati daromadi, o‘z xarajatlari, umumiy tartibda hisobot, agent ushlagani hisobga olinadi. Zo‘r!

To‘liq matn

Qirq to‘qqizinchi bob. Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentlarning daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari. Uch yuz qirq yettinchi modda. Soliq solinadigan daromadni aniqlash. Birinchi qism. Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezidentning daromadlaridan soliqni hisoblab chiqarish va to‘lash ushbu bobda nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, ushbu Kodeksning qirq uchinchi – qirq yettinchi boblarida belgilangan tartibda mazkur norezident tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Bajarilishi mazkur bobda nazarda tutilgan, faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident bo‘lgan soliq to‘lovchining majburiyatlari uning doimiy muassasasiga yuklatilishi mumkin. Bunda doimiy muassasa soliq to‘lovchining barcha huquqlariga ega bo‘ladi. Uchinchi qism. Doimiy muassasaning jami daromadini bunday doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshirish boshlangan sanadan e’tiboran olingan daromadlarning quyidagi turlari tashkil etadi: Birinchi band. norezident tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatini o‘zining doimiy muassasasi orqali amalga oshirish natijasida olingan daromadlar; Ikkinchi band. norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va (yoki) uni tasarruf qilishdan olgan daromadlari; Uchinchi band. norezidentning daromadlari, shu jumladan uning boshqa davlatlardagi tuzilmaviy bo‘linmalarining O‘zbekiston Respublikasidagi O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan mazkur yuridik shaxsning doimiy muassasasi orqali amalga oshiriladigan faoliyatga aynan o‘xshash yoki bir xil faoliyatni amalga oshirishdan oladigan daromadlari; To‘rtinchi band. ushbu Kodeksning uch yuz ellik birinchi moddasida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan doimiy muassasaga tegishli boshqa daromadlar; Beshinchi band. bunday doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar. To‘rtinchi qism. Agar norezident O‘zbekiston Respublikasida ham, uning hududidan tashqarida ham o‘zining O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi bilan birgalikda bajariladigan bitta loyiha yoki aloqador loyihalar doirasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lsa, agar norezident xuddi shunday yoki aynan o‘xshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan o‘xshash sharoitlardagi faoliyatda band bo‘lgan yakka va alohida shaxs bo‘lganida hamda o‘zi doimiy muassasasi bo‘lgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatganida olishi mumkin bo‘lgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb hisoblanadi. Beshinchi qism. Agar norezidentning doimiy muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlarni (xizmatlarni) norezidentning O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan boshqa tarkibiy bo‘linmasi realizatsiya qilsa, agar u xuddi shunday yoki aynan o‘xshash faoliyat bilan xuddi shunday yoki aynan o‘xshash sharoitlardagi faoliyatda band bo‘lgan yakka va alohida shaxs bo‘lganida hamda o‘zi doimiy muassasasi bo‘lgan norezidentdan mustaqil ravishda faoliyat ko‘rsatganida olishi mumkin bo‘lgan daromad bunday doimiy muassasaning daromadi deb e’tirof etiladi. Oltinchi qism. Agar norezident O‘zbekiston Respublikasida uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab, doimiy muassasa shakllanishiga olib keladigan tayyorgarlik va (yoki) yordamchi turdagi faoliyatni amalga oshirsa va bunda shunday faoliyatga nisbatan haq olish nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq solinadigan baza ushbu doimiy muassasaning bunday faoliyat bilan bog‘liq xarajatlari summasining yigirma foizi miqdorida belgilanadi. Yettinchi qism. Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq O‘zbekiston Respublikasi norezidenti doimiy muassasasining shunday norezidentning bosh ofisi yoki boshqa tuzilmaviy bo‘linmalari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha yuzaga keladigan kursga oid farqlar O‘zbekiston Respublikasi norezidentining doimiy muassasasi daromadlari (xarajatlari) jumlasiga kiritilmaydi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Agar norezidentning O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati doimiy muassasa shakllanishiga olib keladigan bittadan ortiq muassasasi bo‘lsa, soliq solinadigan baza va soliq summasi har bir muassasa uchun alohida hisoblanadi. To‘qqizinchi qism. Faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentning soliqni to‘langandan keyin o‘z tasarrufida qoladigan sof foydasi dividendlarga tenglashtiriladi va unga ushbu Kodeks uch yuz ellik uchinchi moddasining birinchi bandida belgilangan soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinishi lozim. O‘ninchi qism. Ushbu modda to‘qqizinchi qismining qoidalarini qo‘llash maqsadlarida doimiy muassasa orqali faoliyatini amalga oshiruvchi norezident dividendlar tarzidagi daromadlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida nazarda tutilgan pasaytirilgan soliq stavkasini ushbu Kodeksning uch yuz ellik yettinchi moddasida ko‘rsatilgan tartibda qo‘llashga haqli. Agar O‘zbekiston Respublikasining soliq solish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomasida dividendlar tarzidagi daromadlar bo‘yicha bir nechta pasaytirilgan soliq stavkalari nazarda tutilgan bo‘lsa, ularning eng kami qo‘llaniladi. Izoh: sakkiz yuz o‘n ikki sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. O‘n birinchi qism. Sof foyda deganda jami daromad va doimiy muassasa faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar o‘rtasidagi farq tushuniladi. Bunda joriy soliq davri uchun sof foyda ayni bir doimiy muassasa doirasida avvalgi soliq davrlarida olingan zararning (zararlarning) umumiy summasiga, basharti ilgari bunday zarar (zararlar) sof foydani aniqlashda hisobga olinmagan bo‘lsa, kamaytiriladi. O‘n ikkinchi qism. Sof foydadan olinadigan soliqning hisoblab chiqarilgan summasi soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay budjetga to‘lanadi. Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uch yuz qirq sakkizinchi modda. Chegirib tashlanadigan xarajatlarni aniqlash. Birinchi qism. Soliq bazasini aniqlash chog‘ida O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyatdan doimiy muassasa orqali soliq solinadigan daromadlar olish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, ular O‘zbekiston Respublikasida yoki uning hududidan tashqarida qilinganidan qat’i nazar, doimiy muassasaning chegirmalari jumlasiga kiritiladi, bundan ushbu Kodeksga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar mustasno. Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasining norezidentiga o‘zining doimiy muassasasi tomonidan to‘lanadigan quyidagi ko‘rinishdagi summalar ham chegirilmaydi: Birinchi band. ushbu norezidentning mulkidan yoki intellektual mulkidan foydalanganlik yoki foydalanish huquqini berganlik uchun royalti, gonorarlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar; Ikkinchi band. ushbu norezident tomonidan doimiy muassasaga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xarajatlar; Uchinchi band. ushbu norezident tomonidan doimiy muassasaga berilgan zayomlar bo‘yicha pul mukofotlari; To‘rtinchi band. ushbu norezidentning O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi orqali faoliyatidan daromadlar olish bilan bog‘liq bo‘lmagan xarajatlar; Beshinchi band. ushbu norezidentning mazkur moddaning to‘rtinchi qismida belgilangan, O‘zbekiston Respublikasida doimiy muassasa orqali faoliyatni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari. Uchinchi qism. Agar qo‘llaniladigan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasi qoidalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi norezidenti doimiy muassasasining soliq solinadigan daromadini aniqlashda shu norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlarini chegirib tashlashga yo‘l qo‘yilsa, bunday xarajatlar summasi shunday norezident tomonidan o‘z tanloviga binoan quyidagi usullardan biri bo‘yicha aniqlanadi: Birinchi band. xarajatlarni mutanosib ravishda taqsimlash usuli; Ikkinchi band. xarajatlarni chegirmalarga bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) kiritish usuli. To‘rtinchi qism. Ushbu modda uchinchi qismining maqsadida ishlab chiqarish jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruv va boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlar deb e’tirof etiladi. Bunda ushbu norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari jumlasiga quyidagilar kiritilmaydi: Birinchi band. norezidentning bevosita doimiy muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida yoki norezidentning vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida ushbu Kodeksga muvofiq chegirmalar jumlasiga kiritiladigan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari; Ikkinchi band. norezidentning bevosita vakolatxonasi yoki doimiy muassasalari tomonidan boshqa davlatlarda qilingan, O‘zbekiston Respublikasida soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan doimiy muassasasining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari; Uchinchi band. O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatdan o‘tkazilgan doimiy muassasaning faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlar. Beshinchi qism. Norezident hisobot (soliq) davri mobaynida o‘z tanloviga ko‘ra boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlarni soliq hisobotiga ilovada ko‘rsatiladigan doimiy muassasaning chegirmalariga kiritish usullaridan faqat bittasini qo‘llaydi. Oltinchi qism. Norezidentning boshqaruvga oid va umumma’muriy xarajatlari O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy muassasaning chegirmalariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda kiritiladi. Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uch yuz qirq to‘qqizinchi modda. Soliq hisobotini taqdim etish va soliq to‘lash tartibi. Birinchi qism. Doimiy muassasalar orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq hisobotini soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga ushbu Kodeks uch yuz o‘ttiz to‘qqizinchi moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda taqdim etadi. Ikkinchi qism. Doimiy muassasa orqali faoliyat yuritadigan norezidentlar soliq davrining yakunlariga ko‘ra soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan muddatlarda, soliq hisobiga qo‘yilgan joydagi soliq organiga O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni ham (ixtiyoriy shaklda) taqdim etadi. Uchinchi qism. Doimiy muassasaning faoliyati soliq davri tugaguniga qadar tugatilgan taqdirda, soliq bo‘yicha soliq hisoboti va O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot faoliyat tugatilganidan keyin bir oydan kechiktirmay taqdim etilishi kerak. To‘rtinchi qism. Soliqni to‘lash ushbu Kodeksning uch yuz qirqinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda umumiy asoslarda amalga oshiriladi. Beshinchi qism. Norezident O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy muassasa orqali faoliyatini tugatganda soliq bunday faoliyat tugaguniga qadar to‘lanadi. Uch yuz ellikinchi modda. Soliq agenti tomonidan ushlab qolingan soliqni hisobga olish tartibi. Birinchi qism. O‘zbekiston Respublikasining norezidenti tomonidan doimiy muassasa belgilariga javob beradigan faoliyatdan, doimiy muassasa sifatida soliq organida hisobga qo‘yishga qadar olingan daromadlarga ushbu Kodeksning ellikinchi bobida belgilangan tartibda soliq agentida soliq solinishi lozim. Bunda soliq agenti tomonidan ushlab qolingan soliq norezident soliq organida doimiy muassasa sifatida hisobga qo‘yilganidan keyin soliq majburiyatlarini qoplash hisobiga hisobga olinishi lozim. Ikkinchi qism. Mazkur moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hisobga olish soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolinganligini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi.
Savol berish