Foyda solig‘i
XII BO‘LIM · 10 bob · 2 485 test · 69 tuzilish testi
O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlariga to‘lanadigan dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
Ustoz sharhi
Qirq sakkizinchi bob — dividendlar va foizlar. Qisqa bob, uchta asosiy qoida.
Uch yuz qirq uchinchi modda — dividendlar. Firma o‘z rezidentiga dividend to‘lasa, soliqni to‘lov manbaida, ya’ni to‘lagan firma ushlab qoladi. Stavka — besh foiz, uch yuz o‘ttiz yettinchi moddaga ko‘ra. Oluvchi esa bu dividendni o‘z soliq bazasidan chegirib tashlaydi, ya’ni qayta soliq to‘lamaydi.
Uch yuz qirq to‘rtinchi — foizlar. Odatda foiz oluvchining umumiy bazasiga kiradi. Lekin notijorat va budjet tashkilotlariga depozit foizlari to‘lov manbaida soliqqa tortiladi.
Uch yuz qirq beshinchi — soliq agenti. Dividend va foiz to‘lovchi firma — soliq agenti. U soliqni har bir oluvchi bo‘yicha alohida hisoblaydi, ushlaydi va to‘lov paytidan kechiktirmay budjetga o‘tkazadi. Hisobot — dividend hisoblangan oydan keyingi oyning yigirmanchi sanasigacha.
Uch yuz qirq oltinchi — agar agent soliqni ushlamasa, uni o‘z hisobidan penya bilan to‘laydi.
Yakun: dividend — to‘lov manbaida, besh foiz; agent — har bir oluvchi bo‘yicha alohida; ushlamasa — o‘zi to‘laydi. Barakalla!
To‘liq matn
Qirq sakkizinchi bob. O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlariga to‘lanadigan dividendlar va foizlar tarzidagi daromadlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Uch yuz qirq uchinchi modda. Dividendlar tarzidagi daromadlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Birinchi qism. Yuridik shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentiga to‘lanadigan dividendlarga ushbu Kodeksning uch yuz qirq beshinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda to‘lov manbaida soliq solinadi va bunday daromadlarni oluvchi tomonidan soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Izoh: bir ming o‘n to‘rt sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Agar dividendlar O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidentiga to‘lansa, olingan dividendlarga nisbatan to‘lanadigan soliq summasi uni oluvchi tomonidan olingan dividendlar summasidan va ushbu Kodeks uch yuz o‘ttiz yettinchi moddasi birinchi qismining o‘n birinchi bandida belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqib, mustaqil ravishda aniqlanadi. Bunda dividend oluvchilar ushbu moddaga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq summasini daromad manbai joylashgan joy bo‘yicha to‘langan soliq summasiga kamaytirishga, agar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, haqli emas.
Uch yuz qirq to‘rtinchi modda. Foiz tarzidagi daromadlarga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari.
Birinchi qism. Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidentiga to‘lanadigan foizlar ushbu daromadlarni oluvchining soliq bazasida hisobga olinadi va unga ushbu bo‘limda nazarda tutilgan tartibda soliq solinadi.
Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan notijorat va budjet tashkilotlariga mablag‘larni depozitga joylashtirishidan to‘lanadigan foizlarga to‘lov manbaida ushbu Kodeks uch yuz o‘ttiz yettinchi moddasi birinchi qismining o‘n ikkinchi bandida belgilangan miqdordagi soliq stavkasi bo‘yicha soliq solinadi va bunday daromadlar oluvchilarning soliq bazasini aniqlashda chegirib tashlanadi.
Izoh: olti yuz qirq olti sonli qonun, ikki ming yigirma-yil tahririda.
Uch yuz qirq beshinchi modda. Soliq agentlari tomonidan dividendlar va foizlardan soliqni hisoblab chiqarish, ushlab qolish hamda to‘lash tartibi.
Birinchi qism. Dividendlar va foizlar tarzida daromadlar to‘lovchi yuridik shaxslar ushbu Kodeks uch yuz qirq uchinchi moddasining birinchi va uch yuz qirq to‘rtinchi moddasining ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda soliq agentlari deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Soliq agenti O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidentlari deb e’tirof etiladigan yuridik va (yoki) jismoniy shaxslarga dividendlar va foizlar tarzida to‘lanadigan daromadlarga nisbatan har bir soliq to‘lovchi bo‘yicha alohida soliq summasini ushbu Kodeks uch yuz o‘ttiz yettinchi moddasining birinchi qismi o‘n birinchi bandida yoki uch yuz sakson birinchi moddasida nazarda tutilgan soliq stavkalari bo‘yicha ko‘rsatilgan daromadlarni ushbu moddada belgilangan tartibda har bir to‘lovga tatbiqan belgilaydi.
Uchinchi qism. Dividendlar oluvchi soliq to‘lovchining daromadlaridan ushlab qolinadigan soliq summasini aniqlashda soliq bazasi har bir oluvchiga nisbatan soliq agenti tomonidan shu oluvchiga to‘g‘ri keladigan soliq solinadigan dividendlar jami summasining ulushi sifatida aniqlanadi. Dividendlarning soliq solinishi lozim bo‘lgan bunday jami summasi yuridik shaxs tomonidan barcha oluvchilarning foydasiga taqsimlanishi lozim bo‘lgan, ushbu yuridik shaxs tomonidan joriy hisobot (soliq) davrida va o‘tgan hisobotda (soliq davrlarida) olingan dividendlarni dividendlarni oluvchilar foydasiga taqsimlash sanasidagi dividendlar umumiy summasiga kamaytirilgan dividendlarning umumiy summasi sifatida aniqlanadi. Bunda taqsimlanadigan dividendlarning umumiy summasini ushbu yuridik shaxs tomonidan olingan dividendlar summasiga kamaytirish, basharti ushbu olingan dividendlar summasi avval ushbu yuridik shaxsning dividendlar tarzida olingan daromadlariga nisbatan soliq bazasini aniqlashda hisobga olinmagan bo‘lsa, amalga oshiriladi.
To‘rtinchi qism. Soliq agenti ushbu Kodeks uch yuz qirq to‘rtinchi moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan foiz tarzidagi daromadlarga nisbatan soliq summasini, ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan tartibga aynan o‘xshash tartibda aniqlaydi.
Beshinchi qism. Dividendlar va foizlardan olinadigan soliq summasi bo‘yicha soliq hisoboti o‘zining soliq hisobiga olingan joyidagi soliq organiga dividendlar va foizlar hisoblangan oydan keyingi oyning yigirmanchi kunidan kechiktirmay soliq agentlari tomonidan taqdim etiladi.
Oltinchi qism. Soliq summasi dividendlarni va foizlarni to‘lash muddatidan kechiktirmay budjetga to‘lanadi.
Yettinchi qism. Soliq agenti dividendlar va foizlarni oluvchining talabiga ko‘ra, ushbu shaxsga soliq davri uchun daromad summasi va ushlab qolingan soliqning umumiy summasi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi ma’lumotnoma taqdim etishi shart.
Uch yuz qirq oltinchi modda. Soliq agentining javobgarligi.
Birinchi qism. Soliq summasi to‘lov manbaida ushlab qolinmagan taqdirda, soliq agenti soliqning ushlab qolinmagan summasini va u bilan bog‘liq penya summasini qonun hujjatlariga muvofiq budjetga kiritishi shart.
