Foyda solig‘i
XII BO‘LIM · 10 bob · 2 485 test · 69 tuzilish testi
Jami daromad
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
Ustoz sharhi
Qirq uchinchi bob — jami daromad. Ya’ni foyda formulasining birinchi qismi: nimalar daromad hisoblanadi?
Ikki yuz to‘qson yettinchi modda. Jami daromad — O‘zbekistondagi va chet eldagi manbalardan olingan barcha daromad, QQS va aksizsiz. Yigirma yettita turi sanalgan. Eng muhimlarini eslab qoling:
tovar va xizmat sotishdan daromad; kredit bo‘yicha foiz; ijara va lizing daromadi; royalti; tekin olingan mol-mulk; inventarizatsiyada chiqqan ortiqcha tovar; hisobdan chiqarilgan majburiyatlar; kursdagi ijobiy farq; dividend va foizlar; qarzdor tan olgan jarimalar; korxonani sotishdan daromad. Va oxirida — boshqa daromadlar. Ya’ni ro‘yxat ochiq!
Daromad sanasi — buxgalteriya hisobi qoidalari bo‘yicha. Valyutadagi daromad — Markaziy bank kursida so‘mga o‘giriladi.
Ikki yuz to‘qson sakkizinchi — asosiy vosita sotilsa: daromad bilan qoldiq qiymat o‘rtasidagi farq.
Ikki yuz to‘qson to‘qqizinchi — tekin olingan mol-mulk daromad hisoblanadi, bozor qiymatida.
Uch yuzinchi — talab huquqini boshqaga o‘tkazish. Uch yuz birinchi — ilgari chegirilgan xarajat qaytsa, u daromad bo‘ladi. Uch yuz ikkinchi — xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar, masalan oshxona yoki dam olish maskani daromadi. Uch yuz uchinchi — uzoq muddatli kontraktlar.
Endi eng muhimi — uch yuz to‘rtinchi modda: daromad hisoblanmaydigan tushumlar. Yodlang:
ustav fondiga hissa; aksiyani nominaldan qimmat joylashtirish farqi; bo‘nak, ya’ni oldindan to‘lov; garov va zakalat; Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan olingan mablag'; grantlar va insonparvarlik yordami; sug‘urta tovoni; vositachiga kelgan tovar egasining puli; kredit va qarz summasi; davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromad; hisobdan chiqarilgan penya va jarimalar; REPO daromadi.
Masalan, mijozdan avans oldingiz — bu hali daromad emas. Bankdan kredit oldingiz — bu ham daromad emas, chunki qaytarasiz.
Yakun: jami daromad — hamma narsa, ro‘yxat ochiq. Daromad emas: hissa, bo‘nak, garov, kredit, grant, sug‘urta tovoni. Barakalla!
To‘liq matn
Qirq uchinchi bob. Jami daromad.
Ikki yuz to‘qson yettinchi modda. Umumiy qoidalar.
Birinchi qism. Jami daromad yuridik shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi va uning hududidan tashqaridagi manbalardan hisobot (soliq) davri mobaynida olingan daromadlardan iboratdir.
Ikkinchi qism. Jami daromad, agar ushbu Kodeksning ikki yuz to‘qson to‘qqizinchi moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini va aksiz solig‘ini inobatga olmagan holda aniqlanadi.
Uchinchi qism. Ushbu bo‘lim maqsadida jami daromadga (bundan buyon ushbu bo‘limda daromad deb yuritiladi) har qanday shaklda va (yoki) har qanday faoliyatdan olinishi lozim bo‘lgan daromadlar (bundan buyon matnda olingan daromadlar deb yuritiladi), xususan, quyidagi daromadlar kiradi:
Birinchi band. tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad;
Ikkinchi band. kredit (qarz, mikrokredit va boshqa moliyaviy operatsiyalar) bo‘yicha mukofot tarzidagi daromad;
Uchinchi band. sug‘urta, qayta sug‘urta tashkilotining sug‘urta, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha daromadi;
Izoh: bir ming ellik yetti sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
Beshinchi band. qimmatli qog‘ozlar va (yoki) muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar bo‘yicha ushbu Kodeksning uch yuz yigirma yettinchi – uch yuz yigirma to‘qqizinchi moddalariga muvofiq olingan daromad;
Oltinchi band. amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning ushbu Kodeksning ikki yuz to‘qson sakkizinchi moddasiga muvofiq chiqib ketishidan olingan daromad;
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yettinchi band. moliyaviy ijara (lizing) shartnomasiga binoan mol-mulkni berish bo‘yicha pul mukofoti tarzidagi daromad;
Sakkizinchi band. mol-mulkni mulk ijarasiga (ijaraga) berishdan olingan daromad, bundan moliyaviy ijara (lizing) mustasno;
To‘qqizinchi band. royalti;
O‘ninchi band. ushbu Kodeksning ikki yuz to‘qson to‘qqizinchi moddasiga muvofiq tekin olingan mol-mulk (olingan xizmatlar);
O‘n birinchi band. inventarizatsiya natijasida aniqlangan ortiqcha tovar-moddiy zaxiralarning va boshqa mol-mulkning qiymati tarzidagi daromad;
O‘n ikkinchi band. qonunchilikda belgilangan tartibda majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromad, bundan ushbu Kodeksning uch yuz o‘n yettinchi moddasiga muvofiq ilgari chegirib tashlanmagan xarajatlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar mustasno;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n uchinchi band. ushbu Kodeksning uch yuzinchi moddasiga muvofiq talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish shartnomasi bo‘yicha olingan daromad;
O‘n to‘rtinchi band. ushbu Kodeksning uch yuz birinchi moddasiga muvofiq ilgari chegirib tashlangan xarajatlar yoki zararlarning o‘rnini qoplash tarzidagi daromad;
O‘n beshinchi band. ushbu Kodeksning uch yuz ikkinchi moddasiga muvofiq xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardan olinadigan daromad;
O‘n oltinchi band. ushbu Kodeksning uch yuz o‘n to‘qqizinchi moddasiga muvofiq birgalikdagi faoliyatda ishtirok etishdan olingan daromad;
O‘n yettinchi band. qarzdor tomonidan e’tirof etilgan yoxud qarzdor tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati asosida shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan jarimalar, penyalar va boshqa sanksiyalar, shuningdek zararlarning (ziyonning) o‘rnini qoplash summalari;
O‘n sakkizinchi band. ushbu Kodeksning uch yuz yigirmanchi moddasiga muvofiq kursdagi ijobiy farq;
O‘n to‘qqizinchi band. dividendlar va foizlar;
Yigirmanchi band. ishonchli boshqaruv muassisi tomonidan mol-mulkni ishonchli boshqarishdan olingan daromad;
Yigirma birinchi band. shakllantirilish xarajatlari ushbu Kodeksning qirq to‘rt va qirq beshinchi boblarida belgilangan tartibda va shartlarda xarajatlar tarkibiga qabul qilingan, qayta tiklangan zaxiralar summalari;
Yigirma ikkinchi band. aksiyador, ishtirokchi yuridik shaxs foydasiga o‘z ulushining (ulushi bir qismining) qiymatini olishdan voz kechgan taqdirda, mazkur yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) kamayishi munosabati bilan olgan daromad;
Yigirma uchinchi band. korxonani mol-mulk majmui sifatida sotishdan olingan daromad;
Yigirma to‘rtinchi band. ushbu Kodeksning VI bo‘limida belgilangan hollarda va tartibda narxlarga tuzatishlar kiritish tufayli olingan daromad;
Yigirma beshinchi band. ushbu Kodeksning VII bo‘limida belgilangan hollarda va tartibda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foyda tarzidagi daromadi;
Yigirma besh bir band. ushbu Kodeks ikki yuz qirq sakkizinchi moddasining to‘rtinchi qismida belgilangan hollarda va tartibda soliq bazasiga tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda tuzatish kiritish natijasida olingan daromad;
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yigirma oltinchi band. alohida hisobi mavjud bo‘lmagan va (yoki) ulardan maqsadli foydalanilmagan maqsadli mablag‘lar tarzidagi daromad (bundan budjet to‘g‘risidagi qonunchilik normalari qo‘llaniladigan budjet mablag‘lari mustasno);
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yigirma yettinchi band. ushbu qismning birinchi – yigirma oltinchi bandlarida ko‘rsatilmagan boshqa daromadlar.
To‘rtinchi qism. Daromadlar soliq to‘lovchi tomonidan olingan daromadlarni tasdiqlovchi birlamchi hujjatlar va boshqa hujjatlar, shu jumladan elektron hujjatlar, shuningdek soliqni hisobga olishga doir hujjatlar asosida aniqlanadi.
Beshinchi qism. Jami daromad ushbu bo‘lim maqsadlarida pul, natura shaklida va (yoki) boshqa shakllarda kelib tushgan barcha tushumlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Oltinchi qism. Soliq to‘lovchi tomonidan olingan, qiymati chet el valyutasida ifodalangan daromadlar qiymati milliy valyutada ifodalangan daromadlar bilan birgalikda hisobga olinadi.
Yettinchi qism. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, mol-mulkning va pulda ifodalanadigan bahoga ega bo‘lgan nomulkiy huquqlarning qiymati va (yoki) yuridik shaxslarni qayta tashkil etish chog‘ida huquqiy vorislik tartibida olinadigan (o‘tkaziladigan), qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslar o‘zining qayta tashkil etilish sanasiga qadar olgan majburiyatlarining qiymati yangi tashkil etilgan, qayta tashkil etilayotgan va qayta tashkil etilgan yuridik shaxslarning daromadlari deb e’tirof etilmaydi.
Sakkizinchi qism. Agar daromadni buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq e’tirof etish daromadni ushbu Kodeksga muvofiq aniqlash va e’tirof etish tartibidan farq qilsa, mazkur daromad soliq solish maqsadlarida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hisobga olinadi, bundan ushbu moddaning to‘qqizinchi qismida ko‘rsatilgan hol mustasno.
Izoh: bir ming yuz yigirma olti sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda.
To‘qqizinchi qism. Kredit tashkilotlari tomonidan olingan daromadlarni e’tirof etish sanasi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va (yoki) buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq hisobga olinadi.
Izoh: bir ming yuz yigirma olti sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda.
O‘ninchi qism. Agar ushbu bo‘limda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash chog‘ida aktivlar va (yoki) majburiyatlarning qiymati o‘zgarganligi munosabati bilan buxgalteriya hisobida aks ettirilgan daromadlarga soliq solish maqsadidagi daromadlar sifatida qaralmaydi, bundan haqiqatda olingan daromadlar mustasno.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n birinchi qism. Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, daromadni e’tirof etish sanasi buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq aniqlanadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n ikkinchi qism. Soliq to‘lovchining daromadlariga tuzatish kiritish ushbu Kodeksning uch yuz o‘ttiz ikkinchi moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘n uchinchi qism. Agar muayyan bir daromad daromadlarning bir nechta moddasida nazarda tutilgan bo‘lsa, jami daromadni aniqlashda mazkur daromad faqat bir marta kiritiladi.
Ikki yuz to‘qson sakkizinchi modda. Amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromadlar (zararlar).
Birinchi qism. Ushbu moddaga muvofiq aniqlanadigan, chiqib ketishdan olinadigan moliyaviy natija amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan daromad (zarar) deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromaddan uning qoldiq qiymatini chegirib tashlash orqali aniqlanadi. Amortizatsiya qilinadigan aktivning qoldiq qiymati ushbu Kodeks uch yuz oltinchi moddasining yigirma beshinchi va yigirma oltinchi qismlariga hamda uch yuz yettinchi moddasining yettinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.
Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
Uchinchi qism. Amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natijani (foydani yoki zararni) aniqlashda bunday aktiv bo‘yicha ikki ming yigirma birinchi yilning birinchi yanvar holatiga ko‘ra to‘plangan qo‘shimcha baholash summasi (ilgari qayta baholangan narxini oshirish summasining oldingi narxni pasaytirish summasidan ortiq summalari) amortizatsiya qilinadigan aktivning chiqib ketishidan olinadigan daromad tarkibiga kiritiladi.
To‘rtinchi qism. Boshqa mol-mulkning chiqib ketishidan olinadigan moliyaviy natija buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi. Mazkur qismning qoidalari ushbu Kodeksning qirq beshinchi bobiga muvofiq soliq bazasini aniqlashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutiladigan mol-mulkning chiqib ketish hollariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikki yuz to‘qson to‘qqizinchi modda. Tekin olingan mol-mulk (xizmatlar).
Birinchi qism. Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi tomonidan tekin olingan mol-mulk va (yoki) xizmatlar soliq to‘lovchining daromadi deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Mol-mulkni (xizmatlarni) tekin asosda olish chog‘ida oluvchi shaxsning daromadlari, agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Uchinchi qism. Tekin olingan mol-mulkning (xizmatlarning) bozor qiymati hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Xususan, quyidagilar shunday hujjatlar bo‘lishi mumkin:
Birinchi band. yuklab jo‘natishga, yetkazib berishga yoki topshirishga doir hujjatlar;
Ikkinchi band. mahsulot yetkazib beruvchilarning narxga doir ma’lumotlari (prays-varaqlar);
Uchinchi band. ommaviy axborot vositalaridan olingan ma’lumotlar;
To‘rtinchi band. birja xabarlari;
Beshinchi band. davlat statistika organlarining ma’lumotlari.
To‘rtinchi qism. Qarz beruvchiga foizli daromad to‘lash majburiyatisiz qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish chog‘ida qarz oluvchining daromadi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Qarz oluvchining daromadini aniqlashning xuddi shunday tartibi qarz (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordam) olish sanasida stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lgan foizlar to‘lash sharti bilan berilgan qarzlarga (qaytarish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan qo‘llaniladi.
Izoh: bir ming o‘n to‘rt sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Beshinchi qism. Ushbu modda to‘rtinchi qismining qoidalari:
Birinchi band. banklararo operatsiyalarga va kredit tashkilotlari tomonidan berilgan kreditlarga;
Ikkinchi band. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga ko‘ra, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan beriladigan qarzlarga (ssudalarga);
Uchinchi band. soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining bir ishtirokchisi tomonidan ayni shu konsolidatsiyalashgan guruhning boshqa ishtirokchisiga beriladigan qarzlarga (qaytarib berish sharti bilan moliyaviy yordamga) nisbatan tatbiq etilmaydi.
Oltinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismi qoidalari ushbu Kodeksning uch yuz yigirma ikkinchi moddasida nazarda tutilgan soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda mol-mulkni ishonchli boshqaruvga berishdan naf oluvchi oladigan daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Uch yuzinchi modda. Talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlar.
Birinchi qism. Talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish shartnomasi bo‘yicha olingan daromadlar quyidagilarning o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi:
Birinchi band. talab qilish huquqini oluvchi soliq to‘lovchi uchun - qarzdordan talab bo‘yicha asosiy qarzdan olinishi lozim bo‘lgan summa, shu jumladan talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish sanasidagi asosiy qarzdan ortiq summa bilan talab qilish huquqini olish qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq;
Ikkinchi band. talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechgan soliq to‘lovchi uchun - talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish qaysi qiymat bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, o‘sha qiymat bilan soliq to‘lovchining dastlabki hisobga olish hujjatlariga binoan talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish sanasida qarzdordan olinishi lozim bo‘lgan talabning qiymati o‘rtasidagi ijobiy farq;
Uchinchi band. qarzni talab qilish huquqini bundan buyon amalga oshiruvchi soliq to‘lovchi uchun - talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish qiymati bilan mazkur talabni sotib olish xarajatlarining summasi o‘rtasidagi ijobiy farq.
Ikkinchi qism. Talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechishdan olingan daromad talab qilish huquqidan voz kechish amalga oshirilgan hisobot (soliq) davrida e’tirof etiladi.
Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talab qilish huquqidan o‘zganing foydasiga voz kechish shartnomasiga ko‘ra olingan salbiy farq soliq to‘lovchining zarari deb e’tirof etiladi va soliq bazasi aniqlanayotganda chegirib tashlanadi.
Uch yuz birinchi modda. Ilgari chegirib tashlangan xarajatlarning yoki zararlarning o‘rnini qoplash tarzidagi daromad.
Birinchi qism. Ilgari chegirib tashlangan xarajatlarning yoki zararlarning o‘rnini qoplash tarzidagi daromadlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Birinchi band. joriy soliq davrida o‘rni qoplangan, shu jumladan bunday talablarga bo‘lgan huquqlardan o‘zganing foydasiga qayta voz kechish yo‘li bilan o‘rni qoplangan, oldin xarajatlar jumlasiga kiritilgan, umidsiz (tavakkal qilingan) deb e’tirof etilgan talablarning summalari;
Ikkinchi band. chiqimlarning (xarajatlarning) o‘rnini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetidan olingan mablag‘larning summalari;
Uchinchi band. sug‘urta tashkiloti yoki zarar yetkazgan shaxs tomonidan to‘langan zararni kompensatsiya qilish summalari, bundan ushbu Kodeksning uch yuz to‘rtinchi moddasida ko‘rsatilgan sug‘urta to‘lovlari mustasno;
To‘rtinchi band. ilgari chegirmalar jumlasiga kiritilgan chiqimlarning o‘rnini qoplashdan olingan boshqa kompensatsiyalar.
Ikkinchi qism. Olingan kompensatsiya u qaysi hisobot (soliq) davrida olingan bo‘lsa, o‘sha hisobot (soliq) davrining daromadi bo‘ladi.
Uch yuz ikkinchi modda. Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardan olingan daromadlar.
Birinchi qism. Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar deganda faoliyati soliq to‘lovchining asosiy faoliyatiga xizmat ko‘rsatishga qaratilgan va soliq to‘lovchining asosiy faoliyati doirasida tovarlar ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lmagan xo‘jaliklar tushuniladi.
Ikkinchi qism. Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar jumlasiga quyidagilar kiradi:
Birinchi band. yordamchi xo‘jaliklar;
Ikkinchi band. uy-joy-kommunal xo‘jaligi obyektlari: uy-joy fondi, mehmonxonalar (turistik mehmonxonalar bundan mustasno), tashrif buyuruvchilar uchun uylar va yotoqxonalar, tashqi obodonlashtirish obyektlari, sun’iy inshootlar, cho‘milish havzalari, plyajlarning inshootlari hamda asbob-uskunalari, aholini gaz, issiqlik va elektr bilan ta’minlash obyektlari, uy-joy-kommunal xo‘jaligi obyektlariga texnik xizmat ko‘rsatish hamda ularni ta’mirlash uchun mo‘ljallangan uchastkalar, sexlar, bazalar, ustaxonalar, garajlar, maxsus mashinalar va mexanizmlar, omborxonalar;
Uchinchi band. ijtimoiy-madaniy soha obyektlari: sog‘liqni saqlash va madaniyat obyektlari, bolalar maktabgacha ta’lim obyektlari, bolalarning dam olish oromgohlari, sanatoriylar (profilaktoriylar), dam olish bazalari, pansionatlar, jismoniy tarbiya va sport obyektlari, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish sohasining ishlab chiqarishga oid bo‘lmagan obyektlari (hammomlar, saunalar, kirxonalar, tikuvchilik ustaxonalari hamda maishiy xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa ustaxonalar);
To‘rtinchi band. o‘z xodimlariga yoki o‘zga shaxslarga xizmatlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi umumiy ovqatlanish punktlari, o‘quv kombinatlari va shunga o‘xshash boshqa xo‘jaliklar, ishlab chiqarishlar hamda xizmatlar.
Uchinchi qism. Xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardan olingan daromadlar xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklar tomonidan tovarlarni va xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan mablag‘larning summasi bilan xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklarning umumiy faoliyatiga bog‘liq xarajatlarning summasi o‘rtasidagi ijobiy farq sifatida aniqlanadi.
To‘rtinchi qism. Ushbu bo‘limga muvofiq chegirib tashlanishi lozim bo‘lgan xarajatlar xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklarning faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar deb e’tirof etiladi.
Beshinchi qism. Chegirib tashlanadigan xarajatlarning daromadlardan ortib ketishi xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardan ko‘rilgan zarar deb e’tirof etiladi.
Uch yuz uchinchi modda. Uzoq muddatli kontraktlar bo‘yicha daromadlar.
Birinchi qism. Agar tuzilgan kontraktlar shartlarida xizmatlarni bosqichma-bosqich topshirish nazarda tutilmagan bo‘lsa, uzoq texnologik siklli ishlab chiqarish (bir soliq davridan ortiq) bo‘yicha mazkur xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromad hisobga olish ma’lumotlari asosida daromadni bir me’yorda e’tirof etish prinsipi inobatga olingan holda soliq to‘lovchi tomonidan taqsimlanadi.
Ikkinchi qism. Uzoq muddatli kontraktni hisobot davrining oxiriga kelib haqiqatda ijro etish kontraktni bajarish boshlangandan e’tiboran qilingan xarajatlarning solishtirma miqdorini kontraktni bajarishga doir xarajatlarning umumiy summasida hisob-kitob qilish asosida aniqlanadi.
Uchinchi qism. Hisobot davrining oxiridagi daromad qilingan xarajatlarning hisob-kitob qilingan solishtirma miqdori va kontrakt bo‘yicha daromadning (kontrakt narxlari) umumiy summasidan kelib chiqib aniqlanadi. Mazkur kontrakt bo‘yicha ilgari hisobga olingan daromadlar joriy hisobot davrida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadni aniqlash chog‘ida chegirib tashlanadi.
Uch yuz to‘rtinchi modda. Soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar.
Birinchi qism. Quyidagilar daromad sifatida hisobga olinmaydi:
Birinchi band. ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shilgan hissa tarzida olingan mablag‘lar;
Ikkinchi band. aksiyalarni (ulushlarni) joylashtirish narxining ularning nominal qiymatidan (dastlabki miqdoridan) ortiqcha summasi;
Uchinchi band. ishtirokchilar tarkibidan chiqish (chiqib ketish) chog‘ida ustav fondiga (ustav kapitaliga) qo‘shilgan hissa doirasida olingan yoki ishtirokchining ulushi miqdorini kamaytirish, shuningdek tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulkini ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlash chog‘ida olingan mablag‘lar;
To‘rtinchi band. oddiy shirkat shartnomasi bo‘yicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun birlashtiriladigan mablag‘lar;
Beshinchi band. oddiy shirkat shartnomasi bo‘yicha sherikning (ishtirokchining) shartnoma sheriklari (ishtirokchilari) umumiy mulkidagi ulushi qaytarilgan yoki bunday mol-mulk bo‘lingan taqdirda, ushbu sherik (ishtirokchi tomonidan) qo‘shilgan hissa miqdorida olingan mablag‘lar;
Oltinchi band. realizatsiya qilinadigan tovarlar (xizmatlar) uchun oldindan to‘lov (bo‘nak) tarzida boshqa shaxslardan olingan mablag‘lar;
Olti bir band. boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan hamda bajarilgan ishlardan olingan mablag‘lar;
Izoh: yetti yuz yetmish uch sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda.
Oltmish ikkinchi band. "Mahalla servis" kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bog‘liq ishlarni bajarishdan hamda mahallalar aholisiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar ko‘rsatishdan olingan mablag‘lar;
Izoh: bir ming yetmish bir sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
Yettinchi band. qonunchilikka muvofiq ushbu majburiyatlarning ta’minoti sifatida garov yoki zakalat tarzida olingan mablag‘lar, ularga bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan paytga qadar;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Sakkizinchi band. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tekinga olingan mol-mulk va xizmatlar;
To‘qqizinchi band. ushbu Kodeksning qirq sakkizinchi moddasida nazarda tutilgan talablar bajarilishi sharti bilan olingan grantlar, insonparvarlik yordami va maqsadli tushumlar;
O‘ninchi band. sug‘urta shartnomalari bo‘yicha sug‘urta tovoni (sug‘urta summasi) tarzida olingan mablag‘lar;
O‘n birinchi band. vositachiga yoki boshqa ishonchli vakilga vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki vositachilik xizmatlari ko‘rsatishga doir boshqa shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarishi munosabati bilan, shuningdek vositachi yoki boshqa ishonchli vakil tomonidan komitent yoxud boshqa ishonch bildiruvchi uchun amalga oshirilgan xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan kelib tushgan mol-mulk (pul mukofoti bundan mustasno). Bunday xarajatlar, agar tuzilgan shartnomalar shartlarida bu xarajatlarning o‘rnini qoplash nazarda tutilgan bo‘lsa, vositachidan yoki ishonchli vakildan chegirib tashlanmaydi;
O‘n ikkinchi band. moliyaviy ijara (lizing) obyektining qiymati o‘rnini ijaraga beruvchi (lizing beruvchi) tomonidan olingan ijara (lizing) to‘lovining qismi tarzida qoplash;
O‘n uchinchi band. mol-mulk ijarasiga doir shartnoma bo‘yicha olingan mol-mulk, bundan moliyaviy ijara (lizing) mustasno;
O‘n to‘rtinchi band. telekommunikatsiya tarmoqlaridagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining tekin olingan texnik vositalari, shuningdek ulardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xizmatlar;
O‘n beshinchi band. investor va davlat mulkini boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi o‘rtasida tuzilgan shartnomaga binoan investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan mol-mulk;
O‘n oltinchi band. kredit yoki qarz shartnomalari bo‘yicha mablag‘lar yoki boshqa mol-mulk (mablag' jalb qilishni rasmiylashtirish usulidan qat’i nazar, boshqa shunday mablag‘lar yoki boshqa mol-mulk, shu jumladan qarz qimmatli qog‘ozlar), shuningdek bunday jalb qilingan mablag‘larni to‘lash hisobidan mablag‘lar yoki boshqa mol-mulk;
O‘n yettinchi band. konsessiya bitimi bo‘yicha qonunchilikka muvofiq olingan mol-mulk;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n sakkizinchi band. davlat muassasalari tomonidan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining qaroriga ko‘ra olingan mol-mulk;
O‘n to‘qqizinchi band. O‘zbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha olingan daromadlar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi tomonidan va O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha daromadlar;
Yigirmanchi band. soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq hisobdan chiqarilgan penyalarning va jarimalarning summasi;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yigirma birinchi band. qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining "yashil energiya" sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari;
Izoh: to‘qqiz yuz olti sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Yigirma ikkinchi band. bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaxslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkini sotishdan tushgan mablag‘larining qarzni to‘lashga yo‘naltirilgan qismi;
Izoh: to‘qqiz yuz o‘n bir sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Yigirma uchinchi band. REPO operatsiyalari bo‘yicha daromad;
Izoh: bir ming ellik yetti sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
