Soliqqa oid huquqbuzarliklar va ularni sodir etganlik uchun javobgarlik

VIII BO‘LIM · 3 bob · 313 test · 21 tuzilish testi

27-bob · 210–218 moddalar

Soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Yigirma yettinchi bob. Soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Ikki yuz o‘ninchi modda. Soliqqa oid huquqbuzarlik tushunchasi. Birinchi qism. Soliq to‘lovchining, soliq agentining yoki boshqa shaxsning ushbu Kodeksda javobgarlik belgilangan g‘ayriqonuniy aybli qilmishi (harakati yoki harakatsizligi) soliqqa oid huquqbuzarlik deb e’tirof etiladi. Ikki yuz o‘n birinchi modda. Javobgarlikka tortilishi lozim bo‘lgan shaxslar. Birinchi qism. Yuridik va jismoniy shaxslar soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ushbu Kodeksning yigirma sakkiz va yigirma to‘qqizinchi boblarida nazarda tutilgan hollarda javobgar bo‘ladi. Ikkinchi qism. Jismoniy shaxs soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun o‘n olti yoshdan boshlab javobgarlikka tortilishi mumkin. Ikki yuz o‘n ikkinchi modda. Javobgarlikka tortishning umumiy shartlari. Birinchi qism. Hech kim soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilganidan boshqa asoslar bo‘yicha va tartibda javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Ikkinchi qism. Hech kim soliqqa oid sodir etilgan ayni bir huquqbuzarlik uchun takroran javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Uchinchi qism. Agar jismoniy shaxs tomonidan sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarlikda ma’muriy huquqbuzarlik yoki jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmasa, bu huquqbuzarlik uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan javobgarlik kelib chiqadi. Izoh: bir ming yuz o‘ttiz bir sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda. To‘rtinchi qism. Yuridik shaxsning soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun javobgarlikka tortilishiga mazkur huquqbuzarlik sodir etilganligi fakti soliq organining kuchga kirgan qarorida aniqlanganligi asos bo‘ladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Yuridik shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi tegishli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda uning mansabdor shaxslarini ma’muriy, jinoiy yoki qonunda nazarda tutilgan boshqa javobgarlikdan ozod etmaydi. Oltinchi qism. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi uni to‘lanishi kerak bo‘lgan soliqlar (yig‘imlar) va penyalarning summalarini to‘lash (o‘tkazish) majburiyatidan ozod etmaydi. Yettinchi qism. Shaxsning aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanmaguniga qadar u soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etishda aybdor deb hisoblanmaydi. Javobgarlikka tortilayotgan shaxs o‘zining soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor emasligini isbotlashi shart emas. Sakkizinchi qism. Soliqqa oid huquqbuzarlik fakti va shaxsning uni sodir etishda aybdorligi to‘g‘risida dalolat beruvchi holatlarni isbotlash majburiyati soliq organlarining yoki bunday huquqbuzarliklarni aniqlagan vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi. Izoh: bir ming yuz o‘ttiz bir sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda. Ikki yuz o‘n uchinchi modda. Javobgarlikka tortishni istisno etuvchi holatlar. Birinchi qism. Shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun quyidagi holatlardan hech bo‘lmaganda bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda javobgarlikka tortilishi mumkin emas: Birinchi band. soliqqa oid huquqbuzarlik holatining mavjud emasligi; Ikkinchi band. soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etishda shaxsning aybi mavjud emasligi; Uchinchi band. soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish muddatlari o‘tib ketganligi. Ikkinchi qism. Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa holatlar mavjud bo‘lganda ham shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Ikki yuz o‘n to‘rtinchi modda. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilganda ayb shakllari. Birinchi qism. G‘ayrihuquqiy xatti-harakatni (harakat va harakatsizlik) qasddan yoki ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan shaxs soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb e’tirof etiladi. Ikkinchi qism. Agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z harakati (harakatsizligi) g‘ayriqonuniy ekanligini bilgan bo‘lsa, bunday harakatning (harakatsizlikning) zararli oqibatlari yuzaga kelishini istagan yoxud ularning yuzaga kelishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday huquqbuzarlik qasddan sodir etilgan deb topiladi. Uchinchi qism. Agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etgan shaxs o‘z harakatlari (harakatsizligi) g‘ayriqonuniy ekanligini yoxud bunday harakatlar (harakatsizlik) natijasida yuzaga keladigan oqibatlarning zararli ekanligini garchand ularni oldindan ko‘rishi lozim va mumkin bo‘lgani holda bilmagan bo‘lsa, bunday huquqbuzarlik ehtiyotsizlik tufayli sodir etilgan deb e’tirof etiladi. To‘rtinchi qism. Yuridik shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdorligi uning mansabdor shaxslarining yoki vakillarining harakatlari (harakatsizligi) ushbu soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilishini keltirib chiqargan aybiga qarab aniqlanadi. Ikki yuz o‘n beshinchi modda. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno qiluvchi holatlar. Birinchi qism. Shaxsning soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlikdagi aybini istisno qiladigan holatlar deb quyidagilar e’tirof etiladi: Birinchi band. soliqqa oid huquqbuzarlik belgilari bo‘lgan qilmishning tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda va bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar oqibatida sodir etilganligi. Mazkur holatlar hammaga ma’lum faktlarning mavjudligi, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlar va isbotlash uchun maxsus vositalar talab etilmaydigan boshqa usullar bilan aniqlanadi; Ikkinchi band. soliqqa oid huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgan qilmish bunday qilmish sodir etilgan paytda kasallik oqibatida o‘z harakatlarini o‘zi idora etolmaydigan yoki boshqara olmaydigan holatda bo‘lgan soliq to‘lovchi - jismoniy shaxs tomonidan sodir etilganda. Mazkur holatlar mazmuni, mohiyati va sanasi bo‘yicha soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan o‘sha soliq davriga taalluqli bo‘lgan hujjatlarni soliq organiga taqdim etish orqali isbotlanadi; Uchinchi band. soliq organining yoki boshqa vakolatli organning (ushbu organ mansabdor shaxsining) soliqni (yig‘imni) hisoblab chiqarish, to‘lash tartibi to‘g‘risida yoki soliq to‘g‘risidagi qonunchilik qo‘llanilishining boshqa masalalari bo‘yicha o‘z vakolatlari doirasida soliq to‘lovchiga (yig‘im to‘lovchiga, soliq agentiga) yoxud noma’lum doiradagi shaxslarga bergan yozma tushuntirishlari soliq to‘lovchi (yig‘im to‘lovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganda. Mazkur holatlar ushbu organning tegishli hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda belgilanadi, ushbu hujjat ma’nosi va mazmuniga ko‘ra, bunday hujjat qabul qilingan sanadan qat’i nazar, soliqqa oid huquqbuzarlik yuz bergan soliq davriga taalluqli bo‘ladi; Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘rtinchi band. soliq monitoringini o‘tkazish davrida soliq organining soliq to‘lovchiga (yig‘im to‘lovchiga, soliq agentiga) yuborilgan asoslantirilgan fikri soliq to‘lovchi (yig‘im to‘lovchi, soliq agenti) tomonidan bajarilganda. Ikkinchi qism. Ushbu modda birinchi qismining uch va to‘rtinchi bandlari qoidalari, agar soliq organining yozma tushuntirishlari yoki asoslantirilgan fikri soliq to‘lovchi (yig‘im to‘lovchi, soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan to‘liq bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri axborotga asoslangan bo‘lsa, qo‘llanilmaydi. Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lganida shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgar bo‘lmaydi. Ikki yuz o‘n oltinchi modda. Javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlar. Birinchi qism. Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar deb quyidagilar e’tirof etiladi: Birinchi band. shaxsiy yoki oilaviy sharoitlar og‘ir kechishi oqibatida soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etish; Ikkinchi band. tahdid yoki majburlash ta’sirida yoxud moddiy, xizmat yoki boshqa jihatdan qaramlik sababli soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etish; Uchinchi band. sud yoki ishni ko‘rayotgan soliq organi tomonidan javobgarlikni yengillashtiruvchi deb topilishi mumkin bo‘lgan boshqa holatlar. Ikkinchi qism. Soliqqa oid huquqbuzarlikning ilgari xuddi shunday huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilgan shaxs tomonidan sodir etilganligi javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat deb e’tirof etiladi. Agar soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun o‘ziga nisbatan javobgarlik choralari qo‘llanilgan shaxs bu choralar qo‘llanilgan kundan e’tiboran bir yil ichida bunday huquqbuzarlikni qayta sodir etmagan bo‘lsa, u javobgarlikka tortilmagan deb hisoblanadi. Uchinchi qism. Soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki og‘irlashtiruvchi holatlar sud yoki ishni ko‘rayotgan soliq organi tomonidan belgilanadi va moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilganda inobatga olinadi. Ikki yuz o‘n yettinchi modda. Javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi. Birinchi qism. Agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran yoki mazkur huquqbuzarlik sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan e’tiboran va javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan paytga qadar uch yil (o‘tish muddati) o‘tgan bo‘lsa, shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda. Ikkinchi qism. Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran muddatning o‘tishini hisoblab chiqarish barcha soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladi, ushbu Kodeksning ikki yuz yigirma uch va ikki yuz yigirma to‘rtinchi moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bundan mustasno. Uchinchi qism. Muddatning o‘tishini tegishli soliq davri tugaganidan keyingi kundan e’tiboran hisoblab chiqarish ushbu Kodeksning ikki yuz yigirma uch va ikki yuz yigirma to‘rtinchi moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladi. To‘rtinchi qism. Agar soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxs soliq tekshiruvini o‘tkazishga faol qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa va ushbu soliq tekshiruvini o‘tkazish hamda budjet tizimiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summalarini soliq organlari tomonidan aniqlash uchun bartaraf etib bo‘lmaydigan to‘siqqa aylangan bo‘lsa, javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi to‘xtatiladi. Beshinchi qism. Javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi ushbu Kodeks yuz qirq to‘rtinchi moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan dalolatnoma tuzilgan kundan e’tiboran to‘xtatilgan deb hisoblanadi. Mazkur holatda javobgarlikka tortish muddatining o‘tishi sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishga to‘sqinlik qiluvchi holatlarning amal qilishi tugagan va muddat o‘tishini tiklash to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran qayta tiklanadi. Ikki yuz o‘n sakkizinchi modda. Moliyaviy sanksiyalar. Birinchi qism. Moliyaviy sanksiyalar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlik chorasidir. Ikkinchi qism. Moliyaviy sanksiyalar ushbu Kodeksning yigirma sakkiz va yigirma to‘qqizinchi boblarida nazarda tutilgan miqdorlarda belgilanadi va pul undirish (jarimalar) tarzida qo‘llaniladi. Uchinchi qism. Javobgarlikni yengillashtiruvchi hech bo‘lmaganda bitta holat mavjud bo‘lgan taqdirda, jarima miqdori ushbu Kodeksning tegishli moddasida belgilangan miqdorga nisbatan ikki marta kamaytiriladi. To‘rtinchi qism. Aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklardagi aybga iqror bo‘linganda va soliq organining soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarori olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda moliyaviy sanksiyalar summasi ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdori ushbu Kodeksning tegishli moddalarida belgilangan miqdorga nisbatan ikki baravarga kamaytiriladi. Beshinchi qism. Ushbu Kodeksning ikki yuz o‘n oltinchi moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, jarima miqdori ikki barobar oshiriladi. Oltinchi qism. Bir shaxs tomonidan ikki va undan ortiq soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, moliyaviy sanksiyalar har bir huquqbuzarlik uchun alohida tarzda undiriladi.
Savol berish