Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga soliq solish shartlari va umumiy qoidalari
VII BO‘LIM · 1 bob · 311 test · 0 tuzilish testi
Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga soliq solishning umumiy qoidalari
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
To‘liq matn
Yigirma oltinchi bob. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga soliq solishning umumiy qoidalari.
Ikki yuz uchinchi modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasiga solinadigan soliqni to‘lovchi shaxslar.
Birinchi qism. Agar ushbu bo‘limda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq to‘lashi shart.
Ikkinchi qism. Chet el kompaniyalarini nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari deb e’tirof etish tartibi hamda yuridik va jismoniy shaxslarni bunday chet el kompaniyalarini nazorat qiluvchi shaxslar deb e’tirof etish tartibi ushbu Kodeksning tegishincha o‘ttiz to‘qqiz va qirqinchi moddalarida belgilanadi.
Uchinchi qism. Agar O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etilsa, u ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasini ushbu Kodeksga muvofiq soliq solinishi lozim bo‘lgan o‘z daromadlari tarkibiga kiritishi shart. Yuridik shaxslar mazkur taqsimlanmagan foydani foyda solig‘i bazasiga, jismoniy shaxslar esa - jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasiga kiritadi.
To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar har bir nazorat qilinadigan chet el kompaniyasiga nisbatan uning har bir nazorat qiluvchi shaxsi tomonidan alohida qo‘llaniladi.
Beshinchi qism. Ushbu Kodeksning ikki yuz to‘rtinchi moddasida nazarda tutilgan hollarda nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining taqsimlanmagan foydasi ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
Ikki yuz to‘rtinchi modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining foydasini soliq solishdan ozod qilish.
Birinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar ushbu chet el kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilsa, ushbu modda qoidalari hisobga olingan holda, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi:
Birinchi band. u o‘zi tashkil qilingan chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq notijorat tashkiloti bo‘lib, olingan foydani (daromadni) aksiyadorlar (ishtirokchilar, ta’sischilar) yoki boshqa shaxslar o‘rtasida taqsimlamaydigan bo‘lsa;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi band. u aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi bo‘lsa;
Uchinchi band. ushbu chet el kompaniyasi uchun daromadlarni (foydani) bunday kompaniya doimiy joylashgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliyaviy yil uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davr yakunlari bo‘yicha ushbu Kodeksning ikki yuz yettinchi moddasiga muvofiq aniqlanadigan soliq solishning samarali stavkasi ushbu Kodeksning uch yuz o‘ttiz yettinchi moddasi o‘n ikkinchi bandida ko‘rsatilgan foydadan olinadigan soliq stavkasi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘rtinchi band. u chet davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq bank yoki sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya yoxud boshqa maxsus ruxsatnoma asosida faoliyat yuritadigan bank yoki sug‘urta tashkiloti bo‘lsa.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi bandida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan davlat (hudud) ushbu Kodeksning yuz sakson birinchi moddasi uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan ofshor yurisdiksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismi uch va to‘rtinchi bandlarida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar O‘zbekiston Respublikasi bilan soliq solish masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomasi mavjud bo‘lgan davlat (hudud) bunday chet el kompaniyasi doimiy joylashgan yer bo‘lsa, ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilinadi.
To‘rtinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini aktiv chet el kompaniyasi yoki aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etish qoidalari ushbu Kodeksning ikki yuz beshinchi moddasida belgilanadi.
Beshinchi qism. Foyda solig‘i bo‘yicha daromadga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasini hisob-kitob qilish qoidalari ushbu Kodeksning ikki yuz yettinchi moddasida belgilanadi.
Oltinchi qism. Aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi ushbu Kodeksning ikki yuz beshinchi moddasida ko‘rsatilgan O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi - bunday aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs uchun soliq solishdan ozod qilinadi. Mazkur aktiv chet el xolding kompaniyasining foydasi O‘zbekiston Respublikasining ushbu yuridik shaxsida - ushbu aktiv chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxsda bevosita yoki bilvosita ishtirok etuvchi ushbu chet el xolding kompaniyasini nazorat qiluvchi boshqa shaxslarda ham ozod qilinadi. Ushbu foyda bunday shaxslarning mazkur nazorat qiluvchi shaxsda ishtirok etish ulushiga muvofiq miqdorda soliq solishdan ozod qilinadi.
Yettinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini foyda solig‘i solishdan ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan asoslarga ko‘ra ushbu Kodeksga muvofiq ozod qilish huquqi hujjat bilan tasdiqlanishi kerak. Mazkur huquqni tasdiqlash uchun ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchi o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga bunday soliqdan ozod qilish shartlariga rioya qilinishini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi. Bu hujjatlar ushbu Kodeksning ikki yuz to‘qqizinchi moddasi ikkinchi - beshinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatda taqdim etiladi va uning nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishdan ozod qilish huquqini beruvchi shartlarga rioya etilishini tasdiqlash uchun zarur bo‘lgan qismi davlat tiliga tarjima qilinishi lozim.
Ikki yuz beshinchi modda. Aktiv chet el kompaniyalari va aktiv chet el xolding kompaniyalari.
Birinchi qism. O‘zining moliyaviy hisoboti ma’lumotlariga ko‘ra moliya yilida passiv faoliyatdan olingan daromadlarining ulushi ko‘rsatilgan davr uchun daromadlarining umumiy summasida yigirma foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el kompaniyasi deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Ustav fondida (ustav kapitalida) O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi bo‘lgan nazorat qiluvchi shaxsning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida yetmish besh foizni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etiladi.
Uchinchi qism. Agar chet el xolding kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlarga bir vaqtning o‘zida rioya qilinsa, ushbu chet el xolding kompaniyasi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el xolding kompaniyasi deb e’tirof etiladi:
Birinchi band. uning passiv faoliyatdan olingan daromadlarining (bundan aktiv chet el kompaniyasidan olingan dividendlar mustasno) ulushi moliya yilida moliyaviy hisobot ma’lumotlariga ko‘ra o‘z daromadlari umumiy summasining besh foizidan oshmasa;
Ikkinchi band. ushbu qismning birinchi bandida ko‘rsatilgan ulushni hisob-kitob qilishda dividendlari passiv faoliyatdan olingan daromadlar tarkibidan chiqariladigan har bir aktiv chet el kompaniyasining ustav fondida (ustav kapitalida) uning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida ellik foizni tashkil etsa.
To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning maqsadida moliya yili deganda, chet el yuridik shaxsi tashkil etilgan davlatning qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobot tuziladigan vaqt davri moliyaviy yil, uning moliyaviy hisoboti deganda esa ushbu yuridik shaxsning konsolidatsiya qilinmagan moliyaviy hisoboti tushuniladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Beshinchi qism. Qaysi faoliyat turini amalga oshirishdan olingan daromad soliq solish maqsadida passiv faoliyatdan olingan daromad deb qaralishi ushbu Kodeksning ikki yuz oltinchi moddasiga muvofiq aniqlanadi.
Ikki yuz oltinchi modda. Aktiv va passiv faoliyatdan olinadigan daromadlar.
Birinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining daromadlarini aniqlashda ushbu Kodeksning maqsadida uning quyidagi daromadlari hisobga olinadi:
Birinchi band. ushbu chet el kompaniyasi tomonidan olingan dividendlar;
Ikkinchi band. yuridik shaxslarning, boshqa shaxslarning yoki ular birlashmalarining foydasini yoki mol-mulkini taqsimlash natijasida, shu jumladan ularni tugatish chog‘ida taqsimlash natijasida olinadigan daromadlar;
Uchinchi band. har qanday turdagi qarz majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan foydada ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan obligatsiyalar va ayirboshlanadigan obligatsiyalar bo‘yicha foizli daromad;
To‘rtinchi band. royalti;
Beshinchi band. chet el huquqi bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lmagan chet el tashkilotida aksiyalarni (ulushlarni) realizatsiya qilishdan va (yoki) huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazishdan olinadigan daromadlar;
Oltinchi band. muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga (hosila moliyaviy vositalariga) doir operatsiyalar bo‘yicha daromadlar;
Yettinchi band. ko‘chmas mulkni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlar;
Sakkizinchi band. mol-mulkni ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga berishdan olinadigan daromadlar, shu jumladan lizing operatsiyalaridan olinadigan daromadlar, bundan dengiz yoki havo kemalarini va (yoki) transport vositalarini, shuningdek xalqaro tashishlarda foydalaniladigan konteynerlarni ijaraga yoki ikkilamchi ijaraga berishdan olinadigan daromadlar mustasno. Bunda lizing oluvchi tomonidan lizing predmetini olish va undan foydalanish bilan bog‘liq lizing operatsiyalaridan olinadigan daromad lizing to‘lovining lizing beruvchiga lizingga berilgan mol-mulk qiymatini to‘lashni chiqarib tashlangan holdagi barcha summasidan kelib chiqib hisob-kitob qilinadi;
To‘qqizinchi band. investitsiya pay fondlarining investitsiya paylarini realizatsiya qilishdan (shu jumladan to‘lanishidan) olinadigan daromadlar;
O‘ninchi band. maslahat berish, yuridik, buxgalterlik, auditorlik, injiniring, reklama, marketing xizmatlari, axborotga ishlov berish xizmatlari ko‘rsatishdan, shuningdek ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirishdan olinadigan daromadlar;
O‘n birinchi band. xodimlarni taqdim etishga oid xizmatlardan olinadigan daromadlar;
O‘n ikkinchi band. ushbu modda birinchi qismining birinchi – o‘n birinchi bandlarida ko‘rsatilgan daromadlarga o‘xshash bo‘lgan boshqa daromadlar;
O‘n uchinchi band. boshqa daromadlar.
Ikkinchi qism. Ushbu Kodeksning maqsadida ushbu moddaning birinchi qismi birinchi – o‘n ikkinchi bandlarida ko‘rsatilgan daromadlar passiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb, ushbu moddaning birinchi qismi o‘n uchinchi bandida ko‘rsatilgan daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb e’tirof etiladi.
Uchinchi qism. Agar bunda chet el kompaniyasining asosiy faoliyati ushbu modda birinchi qismining uchinchi bandida ko‘rsatilgan daromadlarni olishga yo‘naltirilgan bo‘lsa va chet davlatning (hududining) qonunchiligiga muvofiq maxsus litsenziya asosida amalga oshirilsa, ko‘rsatilgan daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar jumlasiga kiritilishi mumkin. Xususan, banklar uchun bunday daromadlar aktiv faoliyatdan olinadigan daromadlar deb e’tirof etiladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikki yuz yettinchi modda. Daromadlarga (foydaga) soliq solishning samarali stavkasi.
Birinchi qism. Chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq chet el kompaniyasi va uning alohida bo‘linmalari tomonidan hisoblab chiqarilgan daromad (foyda) solig‘i hamda bunday daromadlarning to‘lov manbaida ushbu kompaniya daromadlaridan (foydasidan) ushlab qolingan daromad (foyda) solig‘i summasining chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasiga nisbati chet el kompaniyasining daromadlariga (foydasiga) soliq solishning samarali stavkasi hisoblanadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Daromad (foyda) solig‘i summasini hisob-kitob qilish chog‘ida soliq to‘lovchi chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasini hisob-kitob qilish chog‘ida inobatga olingan daromadlar (foyda) jumlasiga kiruvchi va chet el tashkilotining chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq hisoblab chiqarilishi va (yoki) chet el kompaniyasining uning alohida bo‘linmalari bilan birgalikdagi daromadining (foydasining) umumiy summasi hisoblab chiqarilgan davrdan farq qiluvchi boshqa davrlarda ushlab qolinishi lozim bo‘lgan soliqlar summasiga tuzatish kiritishga haqli.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Uchinchi qism. Agar soliq davri yakunlari bo‘yicha chet el kompaniyasida daromadlar mavjud bo‘lmasa yoki daromadining (foydasining) umumiy summasi manfiy yoxud nolga teng bo‘lsa, samarali soliq stavkasini hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi, nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi esa ushbu Kodeksning ikki yuz to‘rtinchi moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarni qanoatlantiruvchi deb e’tirof etiladi.
Ikki yuz sakkizinchi modda. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini soliq solishda hisobga olish tartibi.
Birinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu Kodeksning XI bo‘limiga muvofiq hisob-kitob qilingan foydasi (zarari) summasi ushbu Kodeksning maqsadida mazkur kompaniyaning foydasi (zarari) deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini hisoblab chiqarishda ushbu Kodeksning XI bo‘limida nazarda tutilgan, xususan, ushbu chet el kompaniyasi doimiy joylashgan davlat (hudud) bilan xalqaro bitim mavjudligidan kelib chiqadigan xususiyatlar hisobga olinadi.
Uchinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi bunday kompaniya mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobot tuziladigan yildan keyingi kalendar yilda ushbu chet el kompaniyasi tomonidan to‘langan dividendlar miqdoriga, ushbu moliyaviy hisobot tuziladigan moliyaviy yil davomida to‘langan oraliq dividendlar hisobga olingan holda kamayadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘rtinchi qism. Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining moliyaviy hisoboti u mansub bo‘lgan davlat (hudud) qonunchiligiga muvofiq tuzilmasa, ushbu band maqsadida kalendar yil qo‘llaniladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Beshinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini aniqlashda O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari to‘lov manbai bo‘lgan dividendlar tarzidagi daromadlar, agar ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasini nazorat qiladigan shaxs bunday daromadlarga nisbatan haqiqatda huquqqa ega bo‘lsa va bunday daromadlar hisobidan soliq to‘lashdan ozod qilingan bo‘lsa yoxud ularni ushbu Kodeksga muvofiq mustaqil ravishda to‘lagan bo‘lsa, hisobga olinmaydi.
Oltinchi qism. Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi yuridik shaxs tashkil etmagan chet el tuzilmasi bo‘lsa, uning foydasi ushbu chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxslari va (yoki) uning ta’sis hujjatlariga muvofiq benefitsiarlar deb e’tirof etilgan boshqa shunday shaxslar foydasiga taqsimlangan foyda miqdoriga kamayadi.
Yettinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining ushbu Kodeksga muvofiq aniqlanadigan taqsimlanmagan foydasi, ushbu kompaniyani nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etiladigan soliq to‘lovchi tomonidan olingan daromadlarga tenglashtiriladi. Bunday daromadlar nazorat qiluvchi shaxslarda nazorat qiluvchi shaxs yuridik yoki jismoniy shaxs ekanligiga bog‘liq ravishda foyda solig‘i yoki jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda inobatga olinadi.
Sakkizinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining taqsimlanmagan foydasi nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda nazorat qiluvchi shaxsning ushbu kompaniyada foydani taqsimlash haqidagi qaror qabul qilingan sanadagi holatga ko‘ra ishtirok etishi ulushiga muvofiq bo‘lgan ulushda hisobga olinadi.
To‘qqizinchi qism. Agar foydani taqsimlash haqidagi qaror bunday kompaniya mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisobot tuziladigan davr oxiriga to‘g‘ri keladigan yilning o‘ttiz birinchi dekabriga qadar qabul qilinmagan bo‘lsa, mazkur foyda nazorat qiluvchi shaxsning tegishli davrning oxiridagi ishtirok etishi ulushiga to‘g‘ri keladigan ulushda hisobga olinadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘ninchi qism. Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydadagi ulushini mazkur usulda aniqlash imkoni bo‘lmasa, uning foydasi nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda haqiqatda shunday foydaga (daromadga) doir huquqqa ega bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ushbu foyda taqsimlangan taqdirda u huquqqa ega bo‘lgan (ega bo‘ladigan) foyda summasidan kelib chiqqan holda hisobga olinadi.
O‘n birinchi qism. Agar nazorat qiluvchi shaxs nazorat qilinadigan chet el kompaniyasida uning nazorat qiluvchi shaxslari bo‘lgan va O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari tomonidan e’tirof etiladigan yuridik shaxslar orqali bilvosita ishtirok etsa, u holda ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining mazkur nazorat qiluvchi shaxsda hisobga olinadigan foydasi boshqa nazorat qiluvchi shaxslarda hisobga olinishi lozim bo‘lgan foyda summasiga kamayadi. Bunday kamaytirish mazkur nazorat qiluvchi shaxsning bilvosita ishtiroki nazorat qilinadigan chet el kompaniyasida qaysi yuridik shaxs orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa, nazorat qiluvchi shaxsning ana shu yuridik shaxsda ishtirok etish ulushiga mutanosib ulushda amalga oshiriladi.
O‘n ikkinchi qism. Agar bunda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda hisobga olinishi lozim bo‘lgan foydasining summasi nolga teng bo‘lsa, soliq to‘lovchi uni foyda solig‘i (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i) bo‘yicha soliq deklaratsiyasida aks ettirmaydi.
O‘n uchinchi qism. Nazorat qiluvchi shaxs quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda soliq bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etadi, bunda ushbu soliq bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda mazkur shaxs tomonidan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi hisobga olinadi:
Birinchi band. nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining soliq hisoboti taqdim etilgan soliq bo‘yicha soliq bazasini aniqlashda foyda hisobga olingan davr uchun moliyaviy hisoboti yoki moliyaviy hisobot mavjud bo‘lmagan taqdirda boshqa hujjatlar;
Ikkinchi band. agar ushbu nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga yoki ta’sis (korporativ) hujjatlariga muvofiq bu moliyaviy hisobotning auditini majburiy ravishda o‘tkazish belgilangan bo‘lsa yoki audit chet el tashkiloti tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilsa, ushbu qismning birinchi bandida ko‘rsatilgan nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining moliyaviy hisoboti bo‘yicha auditorlik xulosasi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n to‘rtinchi qism. Ushbu moddaning o‘n uchinchi qismida ko‘rsatilgan, chet tilida tuzilgan hujjatlar (ularning nusxalari) davlat tiliga tarjima qilingan bo‘lishi kerak.
O‘n beshinchi qism. Agar moliyaviy hisobot bo‘yicha auditorlik xulosasini soliq hisobotini taqdim etish bilan bir vaqtda taqdim etish mumkin bo‘lmasa, moliyaviy hisobot nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi bildirishnomada moliyaviy hisobot bo‘yicha auditorlik xulosasi tuzilgan sana sifatida aks etgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
O‘n oltinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasi, agar uning ushbu Kodeksning XI bo‘limiga muvofiq hisob-kitob qilingan miqdori uch yuz million so‘mdan ortiqni tashkil etsa, tegishli soliq bo‘yicha soliq davri uchun soliq bazasini ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq aniqlashda hisobga olinadi.
O‘n yettinchi qism. Agar nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi moliya yili yakunlari bo‘yicha foydani (to‘liq yoki qisman) o‘z davlati (hududi) qonunchiligida ushbu foydani ustav kapitalini ko‘paytirish uchun yo‘naltirish majburiyati belgilanganligi tufayli ishtirokchilar (paychilar, ishonchli vakillar yoki boshqa shaxslar) o‘rtasida taqsimlay olmasa, bunday foyda nazorat qiluvchi shaxsda soliq bazasini aniqlashda hisobga olinmaydi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikki yuz to‘qqizinchi modda. Chet el kompaniyalarida ishtirok etish to‘g‘risidagi va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar.
Birinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi soliq rezidentlari bo‘lgan soliq to‘lovchilar ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda va tartibda soliq organini quyidagilar to‘g‘risida xabardor qiladi:
Ikkinchi qism. chet el yuridik shaxsi faoliyatida o‘zining ishtirok etishi to‘g‘risida (yuridik shaxs tashkil etmagan holda chet el tuzilmalarini ta’sis etish haqida);
Uchinchi qism. chet el kompaniyalarining nazorat qiluvchi shaxslari hisoblangan nazorat qilinadigan chet el kompaniyalar haqida.
To‘rtinchi qism. Chet el yuridik shaxslari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma shunday chet el yuridik shaxsida bunday xabarnomani taqdim etish uchun asos bo‘lgan ishtirok etish yuzaga kelgan (ulush o‘zgargan) sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
Beshinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi xabarnoma nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi foydasining ulushi ushbu Kodeksning ikki yuz sakkizinchi moddasiga muvofiq nazorat qiluvchi shaxsda hisobga olinishi kerak bo‘lgan soliq davridan keyingi yilning yigirmanchi martidan kechiktirilmagan muddatda taqdim etiladi.
Oltinchi qism. Agar chet el tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma taqdim etilganidan keyin bunday xabarnomani taqdim etish uchun asoslar o‘zgarmagan bo‘lsa, takroriy xabarnomalar taqdim etilmaydi.
Yettinchi qism. Chet el tashkilotlari faoliyatida ishtirok etish tugatilgan taqdirda, soliq to‘lovchi ishtirok etish tugatilgan sanadan e’tiboran bir oydan kechiktirilmagan muddatda soliq organini bu haqda xabardor qiladi.
Sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchilar chet el yuridik shaxslari faoliyatida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomalarni va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalarni o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga taqdim etadi.
To‘qqizinchi qism. Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomalar va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomalar soliq organiga elektron shaklda taqdim etiladi. Jismoniy shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilar mazkur xabarnomalarni qog‘ozda taqdim etishga haqlidir.
O‘ninchi qism. Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnomaning va nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomaning shakli, shuningdek ularni to‘ldirish hamda taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda.
O‘n birinchi qism. Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risidagi xabarnoma quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
Birinchi band. xabarnomani taqdim etish uchun asoslar yuzaga kelgan sana;
Ikkinchi band. soliq to‘lovchi undagi ishtiroki haqida (uning ta’sis etilganligi haqida) xabarnoma taqdim etgan chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nomi;
Uchinchi band. ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ushbu chet el yuridik shaxsining ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) soliq to‘lovchi sifatidagi kodi - ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
To‘rtinchi band. soliq to‘lovchining chet el yuridik shaxsida ishtirok etish ulushi, basharti bilvosita ishtirok etish mavjud bo‘lsa, soliq to‘lovchining chet el yuridik shaxsida ishtirok etish tartibini quyidagi axborotni ko‘rsatgan holda ochib berish:
A kichik band. chet el yuridik shaxsi faoliyatida bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxsga nisbatan - ushbu qismning ikki va uchinchi bandlarida nazarda tutilgan axborot;
B kichik band. chet el yuridik shaxsi faoliyatida bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxs faoliyatida ishtirok etish ulushi;
Beshinchi band. chet el yuridik shaxsida (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasida) ishtirok etishning yakunlanish sanasi.
O‘n ikkinchi qism. Nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari to‘g‘risidagi xabarnoma quyidagi axborotni o‘z ichiga olishi kerak:
Birinchi band. xabarnoma taqdim etilayotgan davr;
Ikkinchi band. chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nomi;
Uchinchi band. ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) ushbu chet el yuridik shaxsining soliq to‘lovchi sifatidagi kodi (kodlari) - ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
To‘rtinchi band. chet el yuridik shaxsining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) u joylashgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisoboti tuziladigan davrning oxirgi kuni bo‘lgan sana;
Beshinchi band. chet el yuridik shaxsi mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq moliya yili uchun moliyaviy hisobot tuzilgan sana, shuningdek u mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq foydadan (daromaddan) olinadigan soliq bo‘yicha soliq davrining tugallanish sanasi;
Oltinchi band. chet el yuridik shaxsining moliya yili uchun moliyaviy hisoboti bo‘yicha auditorlik xulosasi tuzilgan sana (ushbu yuridik shaxs mansub bo‘lgan davlatning (hududning) qonunchiligiga muvofiq audit majburiy ravishda o‘tkazilgan taqdirda);
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yettinchi band. chet el yuridik shaxsida soliq to‘lovchining ishtirok etishi ulushi, bilvosita ishtirok etish mavjud bo‘lganda chet el yuridik shaxsida soliq to‘lovchining ishtirok etish tartibini quyidagi axborotni ko‘rsatgan holda ochib berish:
A kichik band. bilvosita ishtirok etish o‘zi orqali amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxsga nisbatan - ushbu qismning ikki va uchinchi bandlarida nazarda tutilgan axborot;
B kichik band. bilvosita ishtirok etish amalga oshirilayotgan har bir keyingi yuridik shaxs faoliyatida ishtirok etish ulushi;
Sakkizinchi band. soliq to‘lovchini nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining nazorat qiluvchi shaxsi deb e’tirof etish uchun asoslarning tavsifi;
To‘qqizinchi band. nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foydasini ushbu Kodeksga muvofiq soliq solishdan ozod qilish uchun asoslarning tavsifi.
O‘n uchinchi qism. Chet el yuridik shaxslarida ishtirok etish to‘g‘risida taqdim etilgan xabarnomadagi yoki nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomadagi ma’lumotlarning to‘liq emasligi, ularni to‘ldirishda yo‘l qo‘yilgan noaniqliklar yoxud xatolar aniqlanganda soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan xabarnomani taqdim etishga haqli.
O‘n to‘rtinchi qism. Soliq organida soliq to‘lovchi chet el kompaniyasining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nazorat qiluvchi shaxsi ekanligi, lekin soliq organiga ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xabarnomani yubormaganligi haqida axborot mavjud bo‘lganda, soliq organi zarur tushuntirishlarni taqdim etish yoki ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xabarnomani topshirish haqidagi talabnomani ushbu soliq to‘lovchiga yuboradi.
O‘n beshinchi qism. Talabnoma soliq to‘lovchiga, xususan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq soliq maqsadida axborot almashish doirasida chet davlatlarning vakolatli organlaridan axborot olishda, shu jumladan ushbu Kodeksning qirqinchi moddasi birinchi qismida ko‘rsatilmagan hollarda yuboriladi. Mazkur talabnoma olingan sanadan e’tiboran yigirma kalendar kun ichida soliq to‘lovchi tomonidan bajarilishi lozim.
O‘n oltinchi qism. Soliq organining talabnomasi quyidagi axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak:
Birinchi band. xabar yuborilayotgan soliq to‘lovchining nomi;
Ikkinchi band. soliq organida soliq to‘lovchi qaysi chet el yuridik shaxslarini nazorat qiluvchi shaxs ekanligi to‘g‘risida dalolat beruvchi axborot mavjud bo‘lsa, o‘sha chet el yuridik shaxslarining (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalarining) nomi;
Uchinchi band. ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatda (hududda) chet el yuridik shaxsiga berilgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik raqami, ushbu chet el yuridik shaxsining ro‘yxatdan o‘tkazilgan (inkorporatsiya qilingan) davlatdagi (hududdagi) soliq to‘lovchi sifatidagi kodi (kodlari) - ular mavjud bo‘lgan taqdirda;
To‘rtinchi band. soliq to‘lovchini chet el yuridik shaxsning (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasining) nazorat qiluvchi shaxsi deb e’tirof etish uchun soliq organida mavjud asoslarning tavsifi.
O‘n yettinchi qism. Soliq to‘lovchi soliq organiga yuborilgan talabnomada bayon etilgan faktlarga taalluqli tushuntirishlarni taqdim etib, tushuntirishlar bilan bir vaqtda uni chet el yuridik shaxsini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun asoslar mavjud emasligi haqida dalolat beruvchi hujjatlarni qo‘shimcha ravishda taqdim etishga haqli.
O‘n sakkizinchi qism. Soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan tushuntirishlarni va hujjatlarni ko‘rib chiqishi shart.
O‘n to‘qqizinchi qism. Agar taqdim etilgan tushuntirishlar va hujjatlar ko‘rib chiqilganidan keyin yoxud ular mavjud bo‘lmagan taqdirda soliq organi soliq to‘lovchini chet el yuridik shaxsini (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasini) nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun asoslarni aniqlasa, soliq organining mansabdor shaxsi ushbu soliq to‘lovchiga bunday shaxsni nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etish uchun shunday shaxs tomonidan nazorat qilinadigan chet el kompaniyalari haqidagi xabarnomani yuboradi. Mazkur xabarnoma ushbu modda o‘ninchi qismining sakkizinchi bandida nazarda tutilgan axborotni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Yigirmanchi qism. O‘ziga xabarnoma yuborilgan shaxs mazkur xabarnoma yuzasidan u olingan sanadan e’tiboran uch oy ichida sudga shikoyat qilishga haqli. Bunda mazkur shaxs tegishli ariza sudga berilgan paytdan e’tiboran uch kun ichida ushbu fakt haqida soliq organini xabardor qiladi.
Yigirma birinchi qism. O‘ziga xabarnoma yuborilgan shaxs xabarnoma yuzasidan nizolashish haqidagi arizani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan sud hujjati qonuniy kuchga kirguniga qadar ushbu Kodeksning maqsadida chet el yuridik shaxsini (yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmasini) nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etilishi mumkin emas.
Yigirma ikkinchi qism. Agar shaxs o‘zi nazorat qiladigan chet el kompaniyalari to‘g‘risida o‘z manziliga yuborilgan xabarnoma ustidan shikoyat bermagan bo‘lsa, mazkur xabarnoma olingan sanadan e’tiboran uch oy o‘tgach ushbu shaxs o‘zini chet el kompaniyasini nazorat qiluvchi shaxs deb e’tirof etgan hisoblanadi. Bunda mazkur shaxs uchun ushbu Kodeksning nazorat qilinadigan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan qoidalari tatbiq etiladi.
