Transfert narxni belgilashda soliq nazorati
VI BO‘LIM · 6 bob · 1 171 test · 27 tuzilish testi
Transfert narxni belgilashda soliq nazorati
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
To‘liq matn
Yigirma to‘rtinchi bob. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati.
Yuz to‘qson uchinchi modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati maqsadida axborotni tayyorlash va taqdim etish.
Birinchi qism. Soliq to‘lovchi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining talabiga ko‘ra mazkur talabda ko‘rsatilgan aniq bitimga (bir turdagi bitimlar guruhiga) taalluqli hujjatlarni taqdim etadi. Hujjatlar deganda hujjatlar majmui yoki erkin shaklda tuzilgan yagona hujjat (agar bunday hujjatlarni belgilangan shaklda tuzish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilmagan bo‘lsa) tushuniladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan hujjatlar nazorat qilinadigan bitimni (bir turdagi bitimlar guruhini) amalga oshirgan soliq to‘lovchining (boshqa shaxslarning) faoliyati to‘g‘risidagi, ushbu bitim bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak:
Birinchi band. nazorat qilinadigan bitim o‘zi bilan amalga oshirilgan shaxslarning ro‘yxati (ular soliq rezidenti bo‘lgan davlatlar va hududlarni ko‘rsatgan holda), bitimning tavsifi, uning shartlari, jumladan narxni belgilash usulining tavsifi (mavjud bo‘lsa), to‘lovlarni amalga oshirish shartlari va muddatlari hamda bitim haqidagi boshqa axborot;
Ikkinchi band. bitim taraflari bo‘lgan shaxslarning vazifalari haqidagi (soliq to‘lovchi tomonidan funksional tahlil o‘tkazilgan taqdirda), ular tomonidan foydalaniladigan, ushbu nazorat qilinadigan bitim bilan bog‘liq bo‘lgan aktivlar to‘g‘risidagi va ular tomonidan qabul qilinayotgan, soliq to‘lovchi bitim tuzishda inobatga olgan iqtisodiy (tijorat) tavakkalchiliklar haqidagi ma’lumotlar.
Uchinchi qism. Agar soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobida nazarda tutilgan usullardan foydalangan bo‘lsa, hujjatlarga foydalanilgan usullar haqidagi quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
Birinchi band. foydalanilayotgan usulni tanlash va qo‘llash usuli sabablarining asosi;
Ikkinchi band. foydalanilayotgan axborot manbalariga havola;
Uchinchi band. taqqoslanadigan bitimlarni tanlash uchun foydalanilgan yondashuvni tavsiflagan holda, nazorat qilinayotgan bitim bo‘yicha bozor narxlari oralig‘ining (rentabellik oralig‘ining) hisob-kitobi;
To‘rtinchi band. nazorat qilinadigan bitim amalga oshirilishi natijasida olingan daromadlarning (foydaning) summasi va (yoki) amalga oshirilgan xarajatlarning (ko‘rilgan zararlarning) summasi, olingan rentabellik;
Beshinchi band. nazorat qilinadigan bitimdan uni amalga oshirgan shaxs tomonidan axborotni, intellektual faoliyat natijalarini, korxonani, uning mahsulotini va xizmatlarini individuallashtirish belgilariga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilariga) bo‘lgan huquqlarni va boshqa mutlaq huquqlarni (tegishli holatlar mavjud bo‘lganda) qabul qilish natijasida olinadigan iqtisodiy naf haqidagi ma’lumotlar;
Oltinchi band. nazorat qilinadigan bitimning narxiga (rentabelligiga) ta’sir ko‘rsatgan boshqa omillar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan nazorat qilinadigan bitimni tuzgan shaxsning bozor strategiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, agar ushbu bozor strategiyasi nazorat qilinadigan bitim narxiga (rentabelligiga) ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa;
Yettinchi band. soliq to‘lovchi tomonidan soliq bazasiga va soliq summasiga ushbu Kodeks yuz yetmish yettinchi moddasining birinchi qismiga muvofiq kiritilgan tuzatishlar.
To‘rtinchi qism. Soliq to‘lovchi nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari mustaqil shaxslarning taqqoslanadigan bitimlari shartlariga mos kelishini tasdiqlovchi boshqa axborotni mazkur shartlarni taqqoslashni ta’minlash uchun kiritilgan tuzatishlarni hisobga olgan holda taqdim etishga haqli.
Beshinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar soliq to‘lovchidan nazorat qilinadigan bitimlar tuzilgan kalendar yildan keyingi yilning birinchi iyunidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan talab qilinishi mumkin.
Oltinchi qism. Ushbu modda birinchi - to‘rtinchi qismlarining qoidalari quyidagi hollarda qo‘llanilmaydi:
Birinchi band. agar bitimlarning narxlari yuzasidan ushbu Kodeks yuz yetmish sakkizinchi moddasi birinchi qismining uchinchi bandiga muvofiq monopoliyaga qarshi organlar tomonidan ko‘rsatma belgilangan yoki narx tartibga solinadigan bo‘lsa va ushbu Kodeks yuz yetmish to‘qqizinchi moddasining uchinchi qismiga muvofiq qo‘llanilsa;
Ikkinchi band. agar bitim nazorat qilinmaydigan bo‘lsa;
Uchinchi band. qimmatli qog‘ozlarga doir va qimmatli qog‘ozlarning uyushgan bozorida muomalada bo‘lgan muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir bitimlar tuzilsa;
To‘rtinchi band. ushbu Kodeksning yigirma beshinchi bobiga muvofiq soliq solish maqsadida narxni belgilash to‘g‘risidagi kelishuv tuzilgan bitimlar amalga oshirilsa.
Yettinchi qism. Soliq to‘lovchi ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bo‘yicha mazkur hujjatlarni ixtiyoriy ravishda taqdim etishga haqli.
Sakkizinchi qism. Soliq organlariga taqdim etiladigan hujjatlarning batafsilligi va asoslanganligi bitimning murakkabligiga hamda uning narxi shakllanishiga (bitimlar taraflarining rentabelligiga) mutanosib bo‘lishi kerak.
Yuz to‘qson to‘rtinchi modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati.
Birinchi qism. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida nazorat qilinadigan bitimlar tuzilganligi munosabati bilan soliqlarning to‘liq hisoblab chiqarilishi va to‘lanishini tekshirish (bundan buyon ushbu bobda tekshiruv deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan uning joylashgan yeri bo‘yicha o‘tkaziladi.
Ikkinchi qism. Tekshiruv ushbu Kodeksning yuz sakson ikkinchi moddasiga muvofiq yuborilgan nazorat qilinadigan bitimlar haqidagi bildirishnoma yoki hududiy soliq organining xabarnomasi asosida, shuningdek soliq tekshiruvini o‘tkazish natijasida nazorat qilinadigan bitim aniqlangan taqdirda o‘tkaziladi.
Uchinchi qism. Tekshiruvlarni o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning yuz ellikinchi – yuz ellik ikkinchi moddalarida belgilangan soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazishga haqli.
To‘rtinchi qism. Nazorat qilinadigan bitimlar narxlarining bozor narxlariga muvofiqligini nazorat qilish Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi yoki hududiy soliq organlari tomonidan o‘tkaziladigan soliq nazoratining predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Beshinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, nazorat qilinadigan bitta bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan aynan bir kalendar yil uchun ikki va undan ortiq tekshiruv o‘tkazishga haqli emas.
Oltinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan nazorat qilinadigan bitta bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan takroriy tekshiruv o‘tkazishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
Birinchi band. soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning yuz yetmish yettinchi moddasiga muvofiq soliq summasi ilgari soliq hisobotida bayon etilganidan ko‘ra kamroq miqdorda (zarar summasi - kattaroq miqdorda) aks ettirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etganda;
Ikkinchi band. soliq to‘lovchi tomonidan nazorat qilinadigan bitim haqida ilgari taqdim etilgan axborotda nomutanosiblik aniqlanganda.
Yettinchi qism. Tekshiruv doirasida tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan yildan avvalgi uch kalendar yildan oshmaydigan davrda tuzilgan nazorat qilinadigan bitimlar tekshirilishi mumkin.
Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda.
Sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchi tomonidan tuzilgan bitimga nisbatan tekshiruv o‘tkazish ushbu soliq to‘lovchining soliq tekshiruvlarini hamda mazkur bitim tuzilgan soliq davri uchun soliq monitoringini o‘tkazishga to‘sqinlik qilmaydi.
To‘qqizinchi qism. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati tadbirlarini amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan olingan materiallar va ma’lumotlardan tekshirilayotgan nazorat qilinadigan bitim ishtirokchilari bo‘lgan boshqa shaxslarni tekshirishda foydalanilishi mumkin.
Yuz to‘qson beshinchi modda. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazish tartibi.
Birinchi qism. Tekshiruv O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori asosida uning mansabdor shaxslari tomonidan o‘tkaziladi.
Ikkinchi qism. Tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksning yuz sakson ikkinchi moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan bildirishnoma yoki xabarnoma olingan kundan e’tiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin.
Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda.
Uchinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida u qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida soliq to‘lovchini xabardor qiladi.
To‘rtinchi qism. Agar soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning yuz yetmish yettinchi moddasiga muvofiq soliq summasi soliq hisobotida ilgari berilganidan ko‘ra kam miqdorda (zarar summasi - kattaroq miqdorda) aks ettirgan holda aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan bo‘lsa, tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror ushbu aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kundan e’tiboran uch yildan kechiktirmay chiqarilishi mumkin. Bunda tekshiruv faqat tuzatish kiritish amalga oshirilgan nazorat qilinadigan bitimga nisbatan o‘tkaziladi.
Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda.
Beshinchi qism. Tekshiruv olti oydan oshmaydigan muddatda o‘tkaziladi.
Oltinchi qism. Tekshiruv o‘tkazish muddati uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran va bunday tekshiruv o‘tkazilganligi haqidagi ma’lumotnoma tuzilgan kunga qadar hisoblab chiqariladi.
Yettinchi qism. Alohida hollarda, tekshirish o‘tkazishning mazkur muddati O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) qaroriga ko‘ra o‘n ikki oygacha uzaytirilishi mumkin.
Sakkizinchi qism. Tekshiruv o‘tkazish muddatini uzaytirish asoslarini va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘qqizinchi qism. Chet davlat organlaridan axborot olish, soliq to‘lovchi tomonidan chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazish va (yoki) o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qilish zarur bo‘lgan taqdirda, tekshiruv o‘tkazish muddati qo‘shimcha ravishda olti oydan oshmaydigan muddatga uzaytirilishi mumkin.
O‘ninchi qism. Agar tekshiruv chet davlat organlaridan axborot olish uchun uzaytirilgan bo‘lsa va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi so‘ralayotgan axborotni olti oy ichida ololmagan bo‘lsa, mazkur tekshiruvni uzaytirish muddati qo‘shimcha ravishda uch oyga ko‘paytirilishi mumkin.
O‘n birinchi qism. Tekshiruv o‘tkazish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kun ichida yuboriladi.
O‘n ikkinchi qism. Agar nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining mustaqil shaxslar o‘rtasidagi taqqoslanadigan bitimlarning shartlari bilan taqqoslanishini aniqlash uchun soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobida ko‘rsatilgan usullarni yoki ularning kombinatsiyasini qo‘llagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tekshiruvni amalga oshirish chog‘ida soliq to‘lovchi tomonidan qo‘llanilgan usulni (usullar kombinatsiyasini) qo‘llaydi.
O‘n uchinchi qism. Agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi nazorat qilinadigan bitimni tuzish shartlaridan kelib chiqqan holda soliq to‘lovchi tomonidan qo‘llanilgan usul (usullar kombinatsiyasi) nazorat qilinadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarining mustaqil shaxslar o‘rtasidagi taqqoslanadigan bitimlar shartlari bilan taqqoslanishi mumkinligi yoki taqqoslana olmasligi to‘g‘risida asoslangan xulosa chiqarishga imkon bermasligini isbotlasa, boshqa usul (usullar kombinatsiyasi) qo‘llanilishi mumkin.
O‘n to‘rtinchi qism. Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobida nazarda tutilmagan boshqa usullarni qo‘llashga haqli emas.
O‘n beshinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning yuz qirq oltinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda soliq to‘lovchiga tekshirilayotgan bitimga (bir xil bitimlar guruhiga) nisbatan ushbu Kodeksning yuz to‘qson uchinchi moddasida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etish haqidagi talabnomani yo‘llashga haqli.
O‘n oltinchi qism. Talab qilinayotgan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kun ichida soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etiladi.
O‘n yettinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining tekshiruv o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan bitimlarning ushbu bitimlarga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan ishtirokchilaridan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga haqli. Hujjatlarni (axborotni) bunday talab qilish hujjatlarni talab qilishning ushbu Kodeksning yuz qirq yettinchi moddasida belgilangan tartibiga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi.
O‘n sakkizinchi qism. Tekshiruvning oxirgi kunida tekshiruvchi o‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnomani tuzishi shart bo‘lib, unda tekshiruv predmeti va uni o‘tkazish muddatlari qayd etiladi.
O‘n to‘qqizinchi qism. O‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma o‘ziga nisbatan bunday tekshiruv o‘tkazilgan shaxsga yoki uning vakiliga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki u olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshiriladi.
Yigirmanchi qism. Agar soliq to‘lovchi (uning vakili) o‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnomani olishdan bosh tortsa, mazkur ma’lumotnoma soliq to‘lovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Yigirma birinchi qism. O‘tkazilgan tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran hisoblaganda beshinchi kun u topshirilgan sana deb hisoblanadi.
Yigirma ikkinchi qism. Agar tekshiruv natijalariga ko‘ra soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelgan, nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlaridan chetga chiqishi faktlari aniqlangan bo‘lsa, tekshiruvni o‘tkazgan vakolatli mansabdor shaxslar belgilangan shakldagi tekshiruv dalolatnomasini tekshiruv to‘g‘risidagi ma’lumotnoma tuzilgan kundan e’tiboran ikki oy ichida tuzishi kerak.
Yigirma uchinchi qism. Tekshiruv dalolatnomasi tekshiruvni o‘tkazgan mansabdor shaxslar va o‘ziga nisbatan ushbu tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.
Yigirma to‘rtinchi qism. O‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv dalolatnomasini imzolashni rad etgan taqdirda ushbu dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi.
Yigirma beshinchi qism. Tekshiruv dalolatnomasi ushbu Kodeksning yuz ellik oltinchi moddasi beshinchi qismida nazarda tutilgan talablar hisobga olingan holda tuziladi.
Yigirma oltinchi qism. Tekshiruv dalolatnomasi nazorat qilinadigan bitim narxining bozor narxlari oralig‘i chegarasidan chiqishining hujjatlar bilan tasdiqlangan faktlarini ham, shuningdek ushbu holat soliq summasining kamayishiga (zarar summasining oshishiga) olib kelganligining asoslanishini va bunday kamayish (ko‘payish) summasining hisob-kitobini o‘z ichiga olishi kerak.
Yigirma yettinchi qism. Tekshiruv dalolatnomasi o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxsga u tuzilgan sanadan e’tiboran besh kun ichida yoki ushbu shaxsning vakiliga imzo qo‘ydirib topshirilishi yoki olingan sana haqida dalolat beruvchi boshqa usulda topshirilishi kerak.
Yigirma sakkizinchi qism. Agar o‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs yoki uning vakili tekshiruv dalolatnomasini olishdan bosh tortsa, ushbu fakt tekshiruv dalolatnomasida aks ettiriladi va tekshiruv dalolatnomasi yuridik shaxsning joylashgan yeri yoki jismoniy shaxsning yashash joyi bo‘yicha pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
Yigirma to‘qqizinchi qism. Tekshiruv dalolatnomasi pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilganda, buyurtma xat yuborilgan sanadan e’tiboran hisoblaganda beshinchi kun u olingan sana deb hisoblanadi.
O‘ttizinchi qism. O‘ziga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) tekshiruv dalolatnomasida bayon qilingan faktlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga umuman mazkur dalolatnoma bo‘yicha yoki uning alohida qismlari bo‘yicha yozma e’tirozlarini taqdim etishga haqli.
O‘ttiz birinchi qism. Bunda mazkur shaxs o‘z e’tirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini) yozma e’tirozlariga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasiga topshirishga haqli.
O‘ttiz ikkinchi qism. Bunday e’tirozlar soliq tekshiruvi dalolatnomasi olingan kundan e’tiboran yigirma kalendar kun ichida taqdim etiladi.
O‘ttiz uchinchi qism. Soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan dalolatnomani, boshqa tekshiruv materiallarini va dalolatnomaga doir yozma e’tirozlarni ko‘rib chiqish, shuningdek tekshiruv natijalariga ko‘ra qaror qabul qilish ushbu Kodeksning yuz ellik sakkizinchi – yuz oltmishinchi moddalarida nazarda tutilgan materiallarni ko‘rib chiqish va soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qaror qabul qilish tartibiga o‘xshash tartibda amalga oshiriladi.
