Transfert narxni belgilashda soliq nazorati

VI BO‘LIM · 6 bob · 1 171 test · 27 tuzilish testi

22-bob · 183–185 moddalar

Bitimlarning taqqoslanadigan shartlari

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Yigirma ikkinchi bob. Bitimlarning taqqoslanadigan shartlari. Yuz sakson uchinchi modda. Bitimlarning tijorat va moliyaviy shartlarini taqqoslash. Birinchi qism. Ushbu Kodeks maqsadida taqqoslanadigan bitimlar, agar ular tahlil etiladigan bitimlar bilan bir xil tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlarda tuziladigan bo‘lsa, tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitim deb e’tirof etiladi. Ikkinchi qism. Agar taqqoslanadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlari tahlil etiladigan bitimning shartlaridan farq qilsa, bunday bitimlar, agar tahlil etiladigan va taqqoslanadigan bitimlarning mazkur shartlari o‘rtasidagi farqlar ularning natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasa, tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitimlar deb e’tirof etilishi mumkin. Agar ushbu bitimlarning shartlaridagi farqlarning bu bitimlar shartlariga va (yoki) natijalariga doir tegishli tuzatishlarni soliq solish maqsadida qo‘llash yordamida hisobga olinishi mumkin bo‘lsa, bunday bitimlar ham tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslanadigan bitimlar deb e’tirof etilishi mumkin. Uchinchi qism. Bitimlarning taqqoslanishini aniqlashda, shuningdek bitimlarning tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlarini tuzatishlarni amalga oshirish uchun tahlil etiladigan hamda taqqoslanadigan bitimlarning mustaqil shaxslar o‘rtasidagi bitimlarning tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy tavsiflarining tahlili o‘tkaziladi. Bunday tahlil ushbu Kodeksning yuz sakson to‘rtinchi moddasiga muvofiq o‘tkaziladi. Yuz sakson to‘rtinchi modda. Bitimlarning shartlarini taqqoslash tahlili. Birinchi qism. Bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarini taqqoslashni tahlil qilishda bu shartlarning ushbu bitimlarning tijoratga oid va (yoki) moliyaviy shartlariga yoxud ularning moliyaviy natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan asosiy tavsiflari hisobga olinadi. Bunda quyidagilar hisobga olinadi: Birinchi band. tovarlarning soni, ko‘rsatiladigan xizmatlarning hajmi; Ikkinchi band. bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish muddatlari; Uchinchi band. tegishli bitimlarda qo‘llaniladigan to‘lovlarning shartlari; To‘rtinchi band. bitimda qo‘llanilgan chet el valyutasining so‘mga yoki boshqa valyutaga nisbatan kursi va uning o‘zgarishi; Beshinchi band. bitim taraflari o‘rtasidagi huquqlar va majburiyatlarni taqsimlashning boshqa shartlari. Ikkinchi qism. Bitimlarning asosiy tavsiflari jumlasiga quyidagilar ham kiradi: Birinchi band. bitim predmeti bo‘lgan tovarlarning (xizmatlarning) tavsiflari; Ikkinchi band. ishbilarmonlik muomalasi an’analariga muvofiq bitim taraflari tomonidan bajariladigan vazifalarning tavsiflari, shu jumladan bitim taraflari foydalanadigan aktivlarning, o‘z zimmasiga oladigan tavakkalchiliklarning tavsiflari, shuningdek bitimlar taraflari o‘rtasidagi javobgarlikning taqsimlanishi va boshqa shartlar (bundan buyon ushbu bo‘limda funksional tahlil deb yuritiladi); Uchinchi band. tovarlar (xizmatlar) narxlariga ta’sir ko‘rsatadigan bitim taraflari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarning (kontraktlarning) shartlari; To‘rtinchi band. bitim taraflari faoliyatining iqtisodiy shartlari tavsiflari; Beshinchi band. tovarlar (xizmatlar) narxlariga ta’sir ko‘rsatadigan bitim taraflarining bozor (tijoratga oid) strategiyalari tavsiflari. Uchinchi qism. Bitimlarning shartlarini taqqoslashni tahlil qilish chog‘ida taqqoslanadigan va tahlil etiladigan bitimlar tuziladigan bozorlarning tavsiflari hisobga olinishi kerak. Bunda quyidagi omillar e’tiborga olinadi: Birinchi band. bozorlarning geografik joylashgan yeri va ularning o‘lchami; Ikkinchi band. bozorlarda raqobatning mavjudligi hamda bozordagi sotuvchilar va xaridorlarning nisbiy raqobatbardoshliligi; Uchinchi band. bozorda bir turdagi tovarlarning (xizmatlarning) mavjudligi; To‘rtinchi band. bozordagi taklif va talab, iste’molchilarning xarid qobiliyati; Beshinchi band. ishlab chiqarish va transport infratuzilmasining rivojlanish darajasi; Oltinchi band. bozorning bitim narxiga ta’sir etuvchi boshqa tavsiflari. To‘rtinchi qism. Bitimlarning taraflari tomonidan bajariladigan vazifalarni tahlil qilishda ularning tasarrufidagi moddiy va nomoddiy aktivlar hisobga olinadi. Beshinchi qism. Bitimlar shartlarining taqqoslanishini tahlil qilishda hisobga olinadigan bitim taraflarining asosiy vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi, xususan: Birinchi band. tovarlarning dizaynini amalga oshirish va ularni texnologik jihatdan ishlab chiqish; Ikkinchi band. tovarlarni ishlab chiqarish; Uchinchi band. tovarlarni yoki ularning tarkibiy qismlarini yig‘ish; To‘rtinchi band. uskunani montaj qilish va (yoki) o‘rnatish; Beshinchi band. ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish; Oltinchi band. tovar-moddiy qimmatliklarni sotib olish; Yettinchi band. tovarlarning ulgurji yoki chakana savdosini amalga oshirish; Sakkizinchi band. ta’mirlash, kafolatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar; To‘qqizinchi band. yangi bozorlarda tovarlarni (xizmatlarni) o‘tkazish, marketing, reklama; O‘ninchi band. tovarlarni saqlash va tashish; O‘n birinchi band. sug‘urta qilish; O‘n ikkinchi band. moliyalashtirish, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish; O‘n uchinchi band. sifatni nazorat qilish; O‘n to‘rtinchi band. tezkor va strategik boshqaruv, shu jumladan tovarlarning (xizmatlarning) narx siyosatini, ularni ishlab chiqarish strategiyasini, realizatsiya qilish hajmini va assortimentini, ularning iste’mol xususiyatlarini aniqlash. Oltinchi qism. Bitimlarning shartlarini taqqoslashni tahlil qilishda bitim taraflaridan har biri tomonidan o‘z faoliyatini amalga oshirishda zimmasiga olinadigan va bitimning shartlariga ta’sir ko‘rsatadigan tavakkalchiliklari hisobga olinishi mumkin. Taraflarning tijorat strategiyalari, shu jumladan chiqariladigan mahsulotni yangilashga va takomillashtirishga, mahsulot sotiladigan yangi bozorlarga chiqishga qaratilgan strategiyalari ham hisobga olinishi mumkin. Yettinchi qism. Agar bitimlarning shartlarini taqqoslash tahlil qilinayotganda kreditlar yoki zayomlar shartlarini taqqoslash talab etiladigan bo‘lsa, bitimlar taraflarining kredit tarixi va to‘lov qobiliyati, bunday kreditlar yoki zayomlar berilayotgan muddatlar, ularning valyutasi hamda foiz stavkasi o‘lchamiga ta’sir ko‘rsatuvchi boshqa shartlar hisobga olinadi. Sakkizinchi qism. Ushbu moddada ko‘rsatilgan omillar va tavsiflar, ushbu moddada nazarda tutilgan funksional tahlil uchun qaysi hollarda va qaysi darajada zarur bo‘lsa, o‘sha hollarda va darajada hisobga olinadi. To‘qqizinchi qism. Ushbu moddaning birinchi - sakkizinchi qismlariga muvofiq taqqoslanadigan bitimlar shartlarini tahlil qilish asosida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi taqqoslanadigan bitimlarning shartlari tahlil etiladigan bitim shartlari bilan taqqoslashning zarur darajasini ta’minlash uchun tuzatishlar kiritishni amalga oshirishga haqli. Bunday tuzatishlar quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi: Birinchi band. mustaqil shaxslarning nazorat qilinmaydigan bitimlardagi daromadlari ular tomonidan foydalaniladigan aktivlarni va tovarlar (xizmatlar) bozorida yuzaga kelgan iqtisodiy sharoitlarda o‘z zimmasiga olinadigan iqtisodiy (tijoratga oid) tavakkalchiliklarni hisobga olgan holda shakllantiriladi hamda shartnoma shartlariga va ishbilarmonlik muomalasi an’analariga muvofiq bitimning har bir tarafi tomonidan bajariladigan vazifalarni aks ettiradi; Ikkinchi band. boshqa teng sharoitlarda bozor (tijorat) strategiyasiga muvofiq bitim taraflari tomonidan qo‘shimcha vazifalarni amalga oshirish, daromadlar miqdoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi aktivlardan foydalanish, qo‘shimcha tijorat (iqtisodiy) tavakkalchiliklarini o‘z zimmasiga olish bunday bitim bo‘yicha kutiladigan daromadlarning oshishi bilan birga kechadi. Yuz sakson beshinchi modda. Bitimlarning shartlarini taqqoslash tahlilida foydalaniladigan axborot. Birinchi qism. Transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazishda (shu jumladan tahlil etiladigan bitimning va taqqoslanadigan bitimlarning tijorat va (yoki) moliyaviy shartlarini taqqoslash chog‘ida) O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi quyidagi axborotdan foydalanadi: Birinchi band. O‘zbekiston Respublikasi birjalarining va chet el birjalarining narxlar hamda kotirovkalar to‘g‘risidagi ma’lumotlaridan; Ikkinchi band. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan e’lon qilinadigan yoki so‘rovga ko‘ra taqdim etiladigan O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdosining bojxona statistikasidan; Uchinchi band. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq vakolatli davlat boshqaruvi organlarining rasmiy axborot manbalaridagi, chet davlatlarning yoki xalqaro tashkilotlarning rasmiy axborot manbalaridagi yoxud boshqa e’lon qilingan va (yoki) hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot manbalaridagi hamda axborot tizimlaridagi narxlar (narxlarning o‘zgarish chegaralari) va birja kotirovkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan; Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘rtinchi band. axborot-narx agentliklari ma’lumotlaridan; Beshinchi band. soliq to‘lovchi tomonidan tuzilgan bitimlar to‘g‘risidagi axborotdan. Ikkinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan axborot mavjud bo‘lmagan (yetarli bo‘lmagan) taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi quyidagi axborotdan foydalanadi: Birinchi band. e’lon qilingan va (yoki) hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotlar manbalaridagi hamda axborot tizimlaridagi narxlar (narxlarning tebranish chegaralari) va kotirovkalar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan; Ikkinchi band. yuridik shaxslarning moliyaviy va statistika hisobotidan olingan ma’lumotlardan, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining yoki chet davlatlarning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot manbalarida e’lon qilingan va (yoki) O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining va (yoki) chet el yuridik shaxslarining hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot tizimlaridagi, shuningdek rasmiy saytlaridagi ma’lumotlardan. Uchinchi qism. Chet el yuridik shaxslarining moliyaviy hisobotidagi ma’lumotlardan foydalanishga O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining (O‘zbekiston Respublikasi hududidagi faoliyati doimiy muassasaning tashkil etilishiga olib keladigan chet el yuridik shaxslarining) rentabelligi oralig‘ini aniqlash uchun faqat taqqoslanadigan bitimlar tuzgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining moliyaviy hisoboti ma’lumotlari asosida rentabellikning bunday oralig‘ini hisoblash imkoni bo‘lmagan taqdirda yo‘l qo‘yiladi; Uchinchi band. baholash obyektining baholash faoliyati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga yoki chet davlatlar qonunchiligiga muvofiq aniqlangan bozor qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan; Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘rtinchi band. ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq foydalaniladigan boshqa axborotdan. To‘rtinchi qism. Bitimlarning shartlarini taqqoslashni tahlil qilishda soliq sirini tashkil etuvchi axborotdan, shuningdek foydalanish huquqi qonunchilikka muvofiq cheklangan boshqa axborotdan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday cheklov O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi transfert narxni belgilashda soliq nazoratini o‘tkazayotgan soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Bitimlarning shartlarini taqqoslashni tahlil qilishda faqat hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot manbalaridan, shuningdek soliq to‘lovchi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalaniladi. Oltinchi qism. Bitim shartlarining taqqoslanishini tahlil qilishda, ushbu Kodeksning yuz to‘qson uchinchi moddasiga muvofiq hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishda soliq to‘lovchi o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan tashqari hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan har qanday axborot manbalaridan, shuningdek o‘zi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, xuddi shunday faoliyatni amalga oshirayotgan shaxslarning faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishga haqli. Yettinchi qism. Agar soliq to‘lovchiga nisbatan transfert narx belgilashda soliq nazorati o‘tkazilayotganda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil shaxslar bilan tuzilgan taqqoslanadigan bitimlar to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa, bunday bitimlarni tahlil etiladigan bitim bilan taqqoslashda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bozor narxlarining oralig‘ini aniqlash uchun ushbu axborotdan foydalanishga haqli.
Savol berish