Transfert narxni belgilashda soliq nazorati

VI BO‘LIM · 6 bob · 1 171 test · 27 tuzilish testi

20-bob · 176–179 moddalar

Transfert narxni belgilashda narxlar va soliq solish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Yigirmanchi bob. Transfert narxni belgilashda narxlar va soliq solish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Yuz yetmish oltinchi modda. Transfert narxni belgilash to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Birinchi qism. O‘zaro aloqador taraflar o‘rtasidagi bitimlarda shakllanadigan va (yoki) mustaqil shaxslar o‘rtasida bitimlar tuzilayotganda taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan xolis tarzda shakllanadigan narxdan farq qiladigan narx ushbu Kodeks maqsadida transfert narx deb tushuniladi. Ikkinchi qism. O‘zaro aloqador taraflar faoliyatining mustaqil shaxslar tomonidan taqqoslanadigan iqtisodiy sharoitlarda olinishi mumkin bo‘lgan sharoitlar va natijalardan farq qiladigan tijoratga oid va (yoki) moliyaviy sharoitlar va (yoki) natijalar ushbu Kodeksning maqsadida transfert narxni belgilash deb tushuniladi. Uchinchi qism. Bitimning taraflaridan biri tomonidan olinishi mumkin bo‘lgan, lekin transfert narxni belgilash natijasida taraf olmagan har qanday daromadlar soliq solish maqsadida ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda bitimning shu tarafida hisobga olinadi. To‘rtinchi qism. Ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda tashqi savdo faoliyati ishtirokchilarining daromadlari soliq solish maqsadida bitim narxining bitim predmeti bo‘lgan tovarlarga (xizmatlarga) doir bozor narxidan farq qilishiga sabab bo‘lgan to‘liq olinmagan daromadlar summasiga ko‘paytirilishi mumkin. Bunda shunday bitimlar ishtirokchilari o‘zaro aloqador yoki mustaqil shaxslar ekanligi e’tiborga olinmaydi. Xuddi shunday qoidalar ushbu bo‘limda belgilangan hollarda va tartibda ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlari bo‘lgan bitimlarda qo‘llanilishi mumkin. Beshinchi qism. Soliq solish maqsadida daromadlarni hisobga olish budjet tizimiga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasining kamayishiga yoki ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq aniqlanadigan zarar summasining ko‘payishiga olib kelmagan taqdirda, bunday hisobga olish ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlariga muvofiq amalga oshiriladi. Oltinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan daromadlarni aniqlash ushbu bo‘limda belgilangan usullarni qo‘llagan holda transfert narxni belgilash chog‘ida soliq nazorati doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur qoida soliq to‘lovchining bitimning haqiqiy narxi o‘rniga soliq summasini hisoblab chiqarish chog‘ida bitimning bozor narxini soliq solish maqsadida mustaqil ravishda qo‘llash huquqini, agar bu narx haqiqiy narxdan farq qilsa va ushbu moddaning beshinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, cheklamaydi. Yettinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi transfert narxni belgilashda soliq nazorati doirasida, ushbu bo‘limda nazarda tutilgan tartibda quyidagi soliqlarning to‘liq hisoblab chiqarilishi va to‘lanishini tekshiradi: Birinchi band. foyda solig‘ini; Ikkinchi band. jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini; Uchinchi band. yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni; To‘rtinchi band. qo‘shilgan qiymat solig‘ini; Beshinchi band. aksiz solig‘ini. Sakkizinchi qism. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqqa oid qismi bo‘yicha transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri mazkur soliqni soliq to‘lovchisi bo‘lsa hamda qazib olinishi chog‘ida soliq solish advalor soliq stavkasi bo‘yicha amalga oshiriladigan foydali qazilma bitimning predmeti bo‘lsa, amalga oshiriladi. To‘qqizinchi qism. Qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘iga oid qismi bo‘yicha transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati, agar bitimning taraflaridan biri tegishli soliq to‘lovchisi bo‘lmagan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa, amalga oshiriladi. O‘ninchi qism. Transfert narxni belgilash chog‘idagi soliq nazorati maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining bunday ishtirokchi bo‘lmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlariga nisbatan ham amalga oshirilishi mumkin. O‘n birinchi qism. Transfert narxni belgilashda soliq nazorati natijasida ushbu moddaning yettinchi - o‘ninchi qismlarida ko‘rsatilgan soliq summalari kamaytirilganligi yoki zararning summasi ko‘paytirilganligi aniqlangan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tegishli soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga tuzatishlar kiritishni amalga oshiradi. Yuz yetmish yettinchi modda. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq bazasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritish. Birinchi qism. Agar transfert narxning belgilanishi ushbu Kodeksning yuz yetmish oltinchi moddasi yettinchi qismida ko‘rsatilgan bir yoki bir nechta soliqning (bo‘nak va joriy to‘lovining) summalari kamaytirilishiga yoki zarar summasining ko‘paytirilishiga olib kelgan bo‘lsa, soliq to‘lovchi soliq bazasiga va (yoki) tegishli soliqlarning (zararning) summasiga mustaqil ravishda tuzatishlar kiritishni amalga oshirishga haqli. Bunday tuzatish kiritish summalariga tuzatish kiritilishi lozim bo‘lgan soliqlar bo‘yicha soliq davrini (soliq davrlarini) o‘z ichiga oluvchi kalendar yil o‘tgach amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi qaysi bitimga nisbatan soliq bazasiga va (yoki) soliq summasiga mustaqil ravishda tuzatish kiritgan bo‘lsa, o‘sha bitimni identifikatsiya qilish imkonini beradigan ma’lumotlar tegishli aniqlashtirilgan soliq hisobotiga ilova qilinadigan tushuntirishlarda ko‘rsatiladi. Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tuzatishlar kiritish: Birinchi band. yuridik shaxslar tomonidan - foyda solig‘i bo‘yicha soliq hisobotini taqdim etish uchun belgilangan muddatlarda; Ikkinchi band. jismoniy shaxslar tomonidan - jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiyani topshirish muddatlarida amalga oshirilishi mumkin. To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq amalga oshirilgan tuzatish kiritish natijalariga ko‘ra soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda aniqlangan to‘lanmagan soliqlar summasi tegishli soliq davri uchun foyda solig‘ini (jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini) to‘lash sanasidan kechiktirilmagan muddatda to‘lanishi kerak. Bunda taqdim etilgan aniqlashtirilgan hisobot bo‘yicha soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan to mazkur moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan muddat tugaguniga qadar bo‘lgan davr uchun to‘lanmagan soliqlar summasiga penyalar hisoblanmaydi. Beshinchi qism. Kalendar yil ichida tugaydigan soliq davrlarining (hisobot davrlarining) yakunlari bo‘yicha soliqlarni (bo‘nak va joriy to‘lovlarni) hisoblab chiqarishda soliq to‘lovchi bitimlarning haqiqiy narxlaridan foydalanishga haqli. Yuz yetmish sakkizinchi modda. Bozor narxlari to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Birinchi qism. Ushbu Kodeks maqsadida, agar ushbu bo‘limda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bitimlarning narxlari, ushbu bitimlar taraflarining daromadlari va xarajatlari quyidagi hollarda bozor narxlari deb e’tirof etiladi: Birinchi band. mustaqil shaxslar o‘rtasidagi bitimlar; Ikkinchi band. O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga yoki chet davlatning qonunchiligiga muvofiq o‘tkazilgan birja savdolarining natijalariga ko‘ra tuzilgan bitimlar; Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uchinchi band. monopoliyaga qarshi organning ko‘rsatmalariga muvofiq (tartibga solinadigan narxlar qo‘llaniladigan bitimlar uchun ushbu Kodeksning yuz yetmish to‘qqizinchi moddasida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda) narxlari belgilangan bitimlar; To‘rtinchi band. narxlari ushbu Kodeksning yigirma beshinchi bobida nazarda tutilgan narxni belgilash to‘g‘risidagi kelishuviga muvofiq belgilangan bitimlar. Ikkinchi qism. Nazorat qilinadigan bitimlarda bitimning narxi, agar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan buning aksi isbotlanmagan bo‘lsa yoki soliq to‘lovchi ushbu Kodeksning yuz yetmish yettinchi moddasiga muvofiq soliq (zarar) summalariga mustaqil tuzatish kiritishni amalga oshirmagan bo‘lsa, bozor narxi deb topiladi. Uchinchi qism. Agar ushbu Kodeksning Maxsus qismida soliq solish maqsadida ayrim soliqlarni hisoblab chiqarish va to‘lash masalalari bo‘yicha tovarning (xizmatning) narxini yoki bitim taraflarining daromadlarini (xarajatlarini) aniqlashning boshqacha qoidalari belgilangan bo‘lsa, ushbu Kodeksning Maxsus qismi qoidalari qo‘llaniladi. Yuz yetmish to‘qqizinchi modda. Narxlarni tartibga solishda bozor narxi deb topishning o‘ziga xos xususiyatlari. Birinchi qism. Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxni belgilash, eng ko‘p va (yoki) eng kam chegaraviy narxlarni belgilash vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar ushbu moddaning to‘rtinchi - yettinchi qismlarida nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda soliq solish maqsadida bozor narxlari deb topiladi. Ikkinchi qism. Agar ayrim turdagi bitimlarga nisbatan narxga doir eng ko‘p va (yoki) eng kam ustamalar yoki narxlardan chegirmalar belgilash vositasida yoxud rentabellikka yoki foydaga doir cheklovlar vositasida narxlarni tartibga solish nazarda tutilgan bo‘lsa, ko‘rsatilgan turdagi bitimlardagi narxlar soliq solish maqsadida ushbu moddaning sakkizinchi qismida belgilangan o‘ziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda bozor narxlari deb topiladi. Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan o‘ziga xos xususiyatlar, agar narxlarni tartibga solish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va chet davlatlarning qonunchiligiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshirilsa, hisobga olinadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘rtinchi qism. Belgilangan narxlarga muvofiq bo‘lgan narxlar va narxning kelishilgan formulasiga muvofiq bo‘lgan narxlar bozor narxlari deb topiladi. Beshinchi qism. Eng kam chegaraviy narxni belgilashda bunday narx, agar bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq mazkur eng kam chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng kam ko‘rsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxdan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng kam ko‘rsatkichi ushbu eng kam chegaraviy narxga teng bo‘lgan oraliq bozor narxlarining oralig‘i deb e’tirof etiladi, eng ko‘p ko‘rsatkich esa uning ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq belgilangan eng ko‘p ko‘rsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi. Oltinchi qism. Eng ko‘p chegaraviy narxni belgilash chog‘ida bunday narx bozor narxini aniqlashda, agar ushbu eng ko‘p chegaraviy narx bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq mazkur eng ko‘p chegaraviy narx hisobga olinmagan holda aniqlangan eng ko‘p ko‘rsatkichidan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, eng ko‘p ko‘rsatkichi ushbu eng ko‘p chegaraviy narxga teng bo‘lgan oraliq bozor narxlarining oralig‘i deb e’tirof etiladi, eng kam ko‘rsatkich esa uning ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq belgilangan eng kam ko‘rsatkichiga teng ravishda qabul qilinadi. Yettinchi qism. Bir vaqtning o‘zida eng kam va eng ko‘p chegaraviy narxlar belgilanganda ular bozor narxlarini aniqlashda, agar bozor narxlari oralig‘ining ushbu Kodeksning yigirma to‘rtinchi bobiga muvofiq aniqlangan eng kam ko‘rsatkichi eng kam chegaraviy narxdan ko‘p bo‘lsa, eng ko‘p chegaraviy narx esa bozor narxlarining ushbu oralig‘ining eng ko‘p ko‘rsatkichidan ko‘p bo‘lsa, bozor narxini aniqlashda hisobga olinmaydi. Aks holda, bozor narxlari oralig‘ining tegishincha eng kam va (yoki) eng ko‘p ko‘rsatkichiga ushbu moddaning beshinchi - oltinchi qismlariga muvofiq tuzatishlar kiritiladi. Sakkizinchi qism. Agar bitim uchun narxga doir eng kam va (yoki) eng ko‘p ustamalar belgilangan bo‘lsa yoxud rentabellik yoki foyda miqdorlari uchun boshqa cheklovlar belgilangan bo‘lsa, ushbu Kodeksning yigirma uchinchi bobiga muvofiq aniqlangan bozor narxlari oraliqlariga (rentabellik oraliqlariga) ushbu moddaning beshinchi - yettinchi qismlarida nazarda tutilgan xuddi shunday tartibda tuzatishlar kiritilishi lozim.
Savol berish