Soliq nazorati

V BO‘LIM · 3 bob · 1 184 test · 42 tuzilish testi

17-bob · 135–155 moddalar

Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Soliq tekshiruvlari

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

O‘n yettinchi bob. Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Soliq tekshiruvlari. Yuz o‘ttiz beshinchi modda. Soliq nazorati to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Birinchi qism. Vakolatli organlarning soliq to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilishga doir faoliyati soliq nazoratidir. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Soliq nazorati maqsadida ushbu Kodeksning yuz o‘ttiz uchinchi moddasida ko‘rsatilgan davlat organlari, muassasalari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar soliq to‘lovchilarni soliq bo‘yicha hisobga olish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq organlariga taqdim etishi shart. Uchinchi qism. Soliq nazorati maqsadida banklar ushbu Kodeksning yuz o‘ttiz to‘rtinchi moddasida o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajaradi. To‘rtinchi qism. Soliq, bojxona organlari va boshqa vakolatli organlar, prokuratura organlari hamda tergov organlari soliq to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishlari, o‘zlari olib borayotgan soliq tekshiruvlari haqidagi o‘zida mavjud materiallar to‘g‘risida bir-birini xabardor qiladi. Shuningdek mazkur organlar o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida boshqa zarur axborot bilan almashishni amalga oshiradi. Bunday xabardor qilish tartibi mazkur organlar o‘rtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Soliq to‘lovchi (soliq agenti) to‘g‘risida qonunchilik talablarini buzgan holda olingan hujjatlar yoki boshqa axborot ushbu shaxsni soliqqa oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortishga asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Oltinchi qism. Soliq nazorati materiallari O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda soliq to‘lovchi hisobda turgan joydagi soliq organida tekshiruv tugagan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Yuz o‘ttiz oltinchi modda. Soliq nazoratining shakllari. Birinchi qism. Soliq organlari soliq nazoratini: Birinchi band. soliq tekshiruvlari; Ikkinchi band. soliq monitoringi shaklida amalga oshiradi. Ikkinchi qism. Bojxona organlari tovarlarning O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarga nisbatan o‘z vakolatlari doirasida ushbu Kodeksga va bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq soliq nazoratini amalga oshiradi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Yuz o‘ttiz yettinchi modda. Soliq tekshiruvlarining turlari. Birinchi qism. Soliq tekshiruvlari soliq to‘lovchilar, yig‘imlarni to‘lovchilar va soliq agentlari tomonidan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat qilish maqsadida o‘tkaziladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi to‘g‘risida soliq organlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rganish va tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Uchinchi qism. Soliq organlari soliq tekshiruvlarining quyidagi turlarini o‘tkazadi: Birinchi band. kameral soliq tekshiruvi; Ikkinchi band. sayyor soliq tekshiruvi; Uchinchi band. soliq auditi; To‘rtinchi band. transfert narxning shakllanishini tekshirish. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. To‘rtinchi qism. Tadbirkorlik subyektlari yuqori barqarorlik reytingining "AAA" toifasidagi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan (bundan davlat korxonalari hamda ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (bundan jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar mustasno). Izoh: bir ming sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda. Yuz o‘ttiz sakkizinchi modda. Kameral soliq tekshiruvi. Birinchi qism. Kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotini, moliyaviy hisobotni, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risida soliq organida mavjud bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda ma’lumotlarni tahlil qilish asosida soliq organi tomonidan o‘tkaziladi. Ikkinchi qism. Kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlanadi, bundan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno: Birinchi band. soliq to‘lovchining hududiga kirish; Ikkinchi band. soliq to‘lovchining hududini va binolarini ko‘zdan kechirish; Uchinchi band. soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish; To‘rtinchi band. soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda. Uchinchi qism. Soliq organlari kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilishi boshlanguniga qadar tekshiruvdan oldingi tahlilni o‘tkazishi mumkin. Bunda soliq auditi o‘tkazilgan yoki o‘tkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil o‘tkazilmaydi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. To‘rtinchi qism. Tekshiruvdan oldingi tahlil - taqdim etilgan soliq hisobotini va soliq to‘lovchining faoliyati to‘g‘risidagi boshqa axborotni soliq organlari tomonidan axborot tizimlaridan foydalangan holda, soliq to‘lovchining ishtirokisiz o‘tkaziladigan avtomatlashtirilgan tahlildir. Beshinchi qism. Tekshiruvdan oldingi tahlil soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) buyrug‘isiz amalga oshiriladi. Oltinchi qism. Agar tekshiruvdan oldingi tahlil chog‘ida soliq organi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotida soliq organida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bilan tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlansa, soliq to‘lovchiga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi xabarnoma yuboriladi. Yettinchi qism. Soliq to‘lovchi tegishli tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi shart. Bunday majburiyatning bajarilmaganligi soliq organi tomonidan soliq to‘lovchida kameral soliq tekshiruvini tayinlash uchun asos bo‘ladi. Sakkizinchi qism. Tekshiruvdan oldingi tahlil aniqlashtirilgan soliq hisoboti yoki aniqlangan tafovutlar asosnomasi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan yoxud kameral soliq tekshiruvi tayinlagan sanadan e’tiboran yakunlangan hisoblanadi. Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘qqizinchi qism. Kameral soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, tekshiruvni o‘tkazish muddatlari, tekshirilayotgan davr, tekshirilayotgan soliqlar va yig‘imlarning turlari ko‘rsatiladi. O‘ninchi qism. Kameral soliq tekshiruvi ushbu Kodeksning sakson sakkizinchi moddasida belgilangan da’vo muddati o‘tmagan soliq davrlariga nisbatan o‘tkazilishi mumkin. Bunda aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha qayta kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish mumkin emas, bundan kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda. O‘n birinchi qism. Agar soliq to‘lovchi kameral soliq tekshiruvi tugaguniga qadar ushbu Kodeksning sakson uchinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda hisoblab chiqarilgan soliq summasi o‘zgartirilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etsa, kameral soliq tekshiruvi taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisobotini hisobga olgan holda o‘tkaziladi. O‘n ikkinchi qism. Agar o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi yakuni bilan taqdim etilgan soliq hisobotida tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlangan bo‘lsa, soliq organi soliq to‘lovchiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda soliq hisobotlariga tuzatishlar kiritish talabnomasini yuboradi. O‘n uchinchi qism. Soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish haqida talabnoma yuborilgan sana kameral soliq tekshiruvi tugatilgan sana hisoblanadi. Agar o‘rganish va tahlil qilish yakunlariga ko‘ra tafovutlar va (yoki) xatolar aniqlanmagan bo‘lsa ham kameral soliq tekshiruvi yakunlangan hisoblanadi. O‘n to‘rtinchi qism. Soliq to‘lovchi tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida tegishli soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoxud tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan holda aniqlangan tafovutlarning asosnomasini ushbu Kodeksda belgilangan tartibda taqdim etishi shart. Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘n beshinchi qism. Soliq to‘lovchi soliq organining tegishli talabnomasida ko‘rsatilgan, aniqlangan tafovutlarning asosnomasi sifatida soliq maslahatchilari tashkilotining xulosasini taqdim etishga haqli. Soliq to‘lovchining nomidan bunday asosnomani soliq maslahatchilari tashkiloti soliq to‘lovchi bilan tuzilgan shartnoma asosida mustaqil ravishda taqdim etishi mumkin. O‘n oltinchi qism. Soliq to‘lovchining taqdim etgan asosnomasi tegishli hujjatlar (asosnomalar) olingan kundan e’tiboran o‘n besh kun ichida soliq organining rahbari (rahbari o‘rinbosari) tomonidan ko‘rib chiqiladi. O‘n yettinchi qism. Aniqlangan tafovutlar bo‘yicha taqdim etilgan asosnomalariga to‘liq yoki qisman rozilik berilgan taqdirda, soliq organi ilgari yuborilgan talabnoma bekor qilinganligi to‘g‘risidagi bildirish xatini yoxud soliq hisobotiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi aniqlashtirilgan talabnomani soliq to‘lovchiga yuboradi. O‘n sakkizinchi qism. Agar soliq to‘lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etmasa (shu jumladan aniqlashtirilgan talabnomadan keyin), yoxud aniqlangan tafovutlar bo‘yicha asosnomalarni taqdim etmasa, yoki u taqdim etgan asosnomalar yetarli emas deb topilsa, soliq organi soliq to‘lovchiga soliq auditini tayinlashga haqli. O‘n to‘qqizinchi qism. Agar soliq (hisobot) davri uchun soliq monitoringi o‘tkazilayotgan bo‘lsa, bunday davr uchun kameral soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Mazkur qoida soliq monitoringi muddatidan oldin tugatilganda qo‘llanilmaydi. Yigirmanchi qism. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, zimmasiga soliq hisobotini taqdim etish bo‘yicha majburiyat yuklatilgan soliq agentlarining va boshqa shaxslarning kameral soliq tekshiruvlariga nisbatan ham tatbiq etiladi. Yigirma birinchi qism. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi soliq to‘lovchi tomonidan soliq davri uchun soliq hisoboti taqdim etish chog‘ida soliq organlari qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) to‘g‘risida xabardor qilingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida soliq organining buyrug‘isiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq hisobotiga o‘zgartishlar kiritish haqidagi talabnoma yozib berilmaydi. Izoh: sakkiz yuz o‘n ikki sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Yigirma ikkinchi qism. Qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qoplashga nisbatan kameral soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organlari ushbu summani qoplash to‘g‘risidagi qaror yoxud ularni qoplashni rad etish (to‘liq yoki qisman) to‘g‘risidagi asoslantirilgan qaror qabul qiladi. Yigirma uchinchi qism. Kameral soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Yuz o‘ttiz to‘qqizinchi modda. Sayyor soliq tekshiruvi. Birinchi qism. Soliq to‘lovchilarning soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lash sohasidagi ayrim majburiyatlarini, shuningdek soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan boshqa majburiyatlarini bajarilishini tekshirish sayyor soliq tekshiruvidir. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvi chog‘ida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy qimmatliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi. Uchinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvlarini o‘tkazish chog‘ida soliq organlari profilaktika tadbirlarini va xronometraj kuzatuvlarini amalga oshirishga, nazorat-kassa texnikasi va to‘lov terminallari qo‘llanilishini tekshirishga va soliq nazoratining boshqa tadbirlarini o‘tkazishga haqli. To‘rtinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi. Beshinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvi o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda o‘tkaziladi. Oltinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvini tayinlash to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi. Yettinchi qism. Soliq to‘lovchiga sayyor soliq tekshiruvi dalolatnomasini topshirilgan yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan kun sayyor soliq tekshiruvi muddatining tugashi deb hisoblanadi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Yuz qirqinchi modda. Soliq auditi. Birinchi qism. Muayyan davr uchun soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish hamda to‘lashning to‘g‘riligini tekshirish soliq auditidir. Ikkinchi qism. Soliq auditi soliq to‘lovchilarning (soliq agentlarining) yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga mansub soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) nisbatan o‘tkaziladi. Uchinchi qism. Soliq organlari soliq auditi o‘tkazilishi boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin soliq to‘lovchiga soliq auditi o‘tkazilishi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi. To‘rtinchi qism. Xabarnomada soliq auditining boshlanish sanasi, tekshirilishi lozim bo‘lgan masalalarning ro‘yxati, zarur hujjatlarning dastlabki ro‘yxati, shuningdek soliq auditini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Beshinchi qism. Agar soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash belgilari mavjud bo‘lsa, soliq organi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bilan kelishgan holda soliq to‘lovchini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqlidir. Oltinchi qism. Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga mansub bo‘lgan soliq to‘lovchilarning soliq auditi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan inspeksiya boshlig‘ining (inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida amalga oshiriladi. Yettinchi qism. Soliq auditida ishtirok etish uchun boshqa soliq organlarining mansabdor shaxslari jalb etilishi mumkin. Sakkizinchi qism. Soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘ida tekshiriladigan soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, soliq auditini o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi. To‘qqizinchi qism. Soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i bilan uni o‘tkazish dasturi ham tasdiqlanadi. O‘ninchi qism. Ushbu Kodeksning yuz qirq uchinchi moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditi faqat ushbu Kodeksning sakson sakkizinchi moddasida belgilangan da’vo qilish muddati o‘tmagan oxirgi soliq auditidan keyingi davrni qamrab olishi mumkin. O‘n birinchi qism. Soliq to‘lovchi ixtiyoriy ravishda tugatilayotganda soliq auditi, soliq to‘lovchining bevosita soliq auditi o‘tkazilayotgan yildan oldingi uch yildan ko‘p bo‘lmagan faoliyatini qamrab olishi mumkin. O‘n ikkinchi qism. Soliq auditi o‘tkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq to‘lovchi tomonidan o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘n uchinchi qism. Soliq auditi o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Yuz qirq birinchi modda. Soliq auditini o‘tkazish muddati. Birinchi qism. Agar ushbu Kodeksning yuz qirq ikkinchi moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditi o‘ttiz kundan ortiq davom etishi mumkin emas. Ikkinchi qism. Soliq auditini o‘tkazish muddati soliq to‘lovchiga (soliq agentiga) soliq auditini tayinlash to‘g‘risidagi buyruq topshirilgan kunda boshlanadi. Yuz qirq ikkinchi modda. Soliq auditini o‘tkazish muddatini uzaytirish. Birinchi qism. Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq auditini o‘tkazish muddati ikki oygacha, alohida hollarda esa - uch oygacha uzaytirilishi mumkin. Ikkinchi qism. Soliq auditini o‘tkazish muddatini uzaytirish asoslari va tartibini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilaydi. Uchinchi qism. Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq auditi o‘tkazilishini quyidagilar uchun ham uzaytirishga haqli: Birinchi band. ushbu Kodeksning yuz qirq oltinchi moddasi birinchi qismiga muvofiq hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish; Ikkinchi band. chet el davlat organlaridan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida axborot olish; Uchinchi band. ekspertizalar o‘tkazish; To‘rtinchi band. chet tilida taqdim etilgan hujjatlarni tarjima qilish. To‘rtinchi qism. Soliq auditi muddatini ushbu moddaning uchinchi qismi birinchi bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha uzaytirishga hujjatlar talab qilinayotgan har bir shaxs bo‘yicha ko‘pi bilan bir marta yo‘l qo‘yiladi. Beshinchi qism. Soliq auditi muddatini uzaytirish soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) tegishli buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi. Oltinchi qism. Soliq auditining umumiy muddati olti oydan oshishi mumkin emas. Yettinchi qism. Soliq auditini o‘tkazish muddati o‘tkazilgan soliq auditi to‘g‘risida dalolatnoma tuzilgan (imzolangan) kunda tugaydi. Yuz qirq uchinchi modda. Soliq auditini o‘tkazishga doir cheklovlar. Birinchi qism. Soliq organlari soliq to‘lovchining aynan bitta davr uchun aynan bir xil soliqlar bo‘yicha bir martadan ortiq soliq auditini o‘tkazishga haqli emas, bundan soliq auditini o‘tkazish chog‘ida soliq organiga ma’lum bo‘lmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno. Yangi holatlar aniqlangan taqdirda soliq organi takroriy soliq auditini tayinlashga haqli. Yuz qirq to‘rtinchi modda. Mansabdor shaxslarning soliq to‘lovchining hududiga kirishi. Birinchi qism. Bevosita soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining tekshirilayotgan shaxsning hududiga yoki binosiga kirishi ushbu mansabdor shaxslar tomonidan xizmat guvohnomalari va soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) ushbu shaxsning soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i (qarori) taqdim etilgan taqdirda amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Soliq organlarining bevosita soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari ko‘rsatilgan obyektlar to‘g‘risidagi aniq ma’lumotlarning tekshirilayotgan shaxs tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga asoslangan ma’lumotlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida tekshirilayotgan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalaniladigan hududlarini yoki binosini yoxud soliq solish obyektlarini ko‘zdan kechirishni o‘tkazishi mumkin. Uchinchi qism. Soliq organlarining soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslariga mazkur hududlarga yoki binolarga (bundan turar-joy binolari mustasno) kirishiga to‘sqinlik qilingan taqdirda soliq organining mansabdor shaxsi o‘zi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadigan dalolatnomani tuzadi. Bunday dalolatnoma asosida soliq organi tekshirilayotgan shaxs to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar yoki xuddi shunday soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasini mustaqil tarzda aniqlashga haqli. Tekshirilayotgan shaxs ko‘rsatilgan dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda mazkur dalolatnomaga tegishli qayd kiritiladi. To‘rtinchi qism. Soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi soliq organlari mansabdor shaxslarining turar-joy binolariga ularda yashovchi jismoniy shaxslarning xoxishiga qaramay yoki xoxishiga qarshi qonunda yoki sudning qarori asosida belgilangan hollardan boshqacha tarzda kirishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yuz qirq beshinchi modda. Hududni va binolarni ko‘zdan kechirish. Birinchi qism. Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazuvchi mansabdor shaxslari tekshiruvning to‘liqligi uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni aniqlashtirish maqsadida tekshirilayotgan shaxsning hududlari va binolarini, shuningdek hujjatlar va buyumlarni ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli. Ikkinchi qism. Agar hujjatlar va buyumlar soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan soliq nazoratini amalga oshirish yuzasidan ilgari bajarilgan harakatlar natijasida yoki ushbu buyumlar egasi ularni ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga rozi bo‘lgan taqdirda olingan bo‘lsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan hollarda hujjatlar va buyumlarni ko‘zdan kechirishga yo‘l qo‘yiladi. Uchinchi qism. Ko‘zdan kechirish videotasvirga olingan holda amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa - xolislar ishtirokida amalga oshiriladi. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. To‘rtinchi qism. Ko‘zdan kechirish o‘tkazilayotganda tekshirilayotgan shaxs yoki uning vakili, shuningdek mutaxassislar ishtirok etishga haqlidir. Beshinchi qism. Zarur bo‘lgan hollarda, ko‘zdan kechirish chog‘ida fotosuratga olish va videoyozuvga tushirish amalga oshiriladi, hujjatlardan ko‘chirma nusxalar olinadi yoki ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq boshqa harakatlar bajariladi. Oltinchi qism. Ko‘zdan kechirish o‘tkazilganligi to‘g‘risida bayonnoma tuziladi. Yuz qirq oltinchi modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazishda hujjatlarni talab qilib olish. Birinchi qism. Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsdan tekshiruv uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni talab qilib olishga haqli. Ikkinchi qism. Hujjatlar taqdim etish to‘g‘risidagi talabnoma tekshirilayotgan shaxsga (uning qonuniy yoki vakolatli vakiliga) shaxsan imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi. Agar hujjatlarni taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani mazkur usulda topshirish imkoni bo‘lmasa, u ushbu Kodeks o‘n to‘qqizinchi moddasining ikkinchi qismida belgilangan tartibda yuboriladi. Uchinchi qism. Talab qilib olinadigan hujjatlar soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi, pochta orqali buyurtma xat bilan yuborilishi yoxud telekommunikatsiya aloqa tarmoqlari yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda topshirilishi mumkin. To‘rtinchi qism. Hujjatlarni qog‘ozda taqdim etish tekshirilayotgan shaxs tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida amalga oshiriladi. Agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq organiga (mansabdor shaxsga) taqdim etiladigan hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini notarial tarzda tasdiqlashni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Hisobga olish hujjatlari elektron shaklda tuzilgan taqdirda soliq to‘lovchi (soliq agenti) soliq tekshiruvi chog‘ida soliq organlari mansabdor shaxslarining talabiga ko‘ra bunday hujjatlarning qog‘ozdagi ko‘chirma nusxalarini taqdim etishi shart, bundan elektron hisobvaraq-fakturalarning axborot tizimida ro‘yxatga olingan hisobvaraq-fakturalar mustasno. Oltinchi qism. Zarur bo‘lgan taqdirda soliq organi hujjatlarning asl nusxalari bilan tanishishga haqli. Yettinchi qism. Soliq tekshiruvi davomida talab qilib olingan hujjatlar tegishli talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida taqdim etiladi. Agar tekshirilayotgan shaxs talab qilinayotgan hujjatlarni belgilangan muddat ichida taqdim etish imkoniga ega bo‘lmasa, u tekshiruvchi mansabdor shaxslarni bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi. Sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchi talab qilinadigan hujjatlarni ko‘rsatilgan muddatlarda taqdim etishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi, talab qilib olinayotgan hujjatlarni taqdim etish imkoni bo‘lmagan sabablar ko‘rsatilgan yozma shakldagi xabarnomani hujjatlar taqdim etish haqidagi talabnoma olingan kundan keyingi kun davomida yuborishi kerak. Xabarnomada soliq to‘lovchi talab qilingan hujjatlarni taqdim eta olishi mumkin bo‘lgan muddatlar ko‘rsatilishi lozim. To‘qqizinchi qism. Soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) soliq to‘lovchidan xabarnomani olgan kundan e’tiboran ikki kun ichida ushbu xabarnoma asosida hujjatlarni taqdim etish muddatlarini uzaytirish yoki muddatlarni uzaytirishni rad etishga haqli bo‘lib, bu haqda alohida qaror chiqaradi. O‘ninchi qism. Tekshirilayotgan shaxsning talab qilinayotgan hujjatlarni taqdim etishni rad etganligi soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tuziladigan bayonnomada qayd etiladi. Bayonnoma soliq organining mansabdor shaxsi va tekshirilayotgan shaxs tomonidan imzolanadi. Tekshirilayotgan shaxs bayonnomani imzolashni rad etgan taqdirda bu haqda tegishli qayd kiritiladi. Ko‘rsatilgan hujjatlarni taqdim etish soliq to‘lovchi tomonidan rad etilganligi yoki belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganligi ushbu hujjatlarni ushbu Kodeksning yuz qirq sakkizinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yish uchun asos bo‘ladi. O‘n birinchi qism. Soliq tekshiruvi va soliq nazoratining boshqa tadbirlari jarayonida soliq organlari tekshirilayotgan shaxsning kameral yoki sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilganda soliq organlariga ilgari taqdim etilgan hujjatlarni, shuningdek soliq monitoringini o‘tkazish jarayonida tasdiqlangan ko‘chirma nusxalar shaklida taqdim etilgan hujjatlarni tekshirilayotgan shaxsdan talab qilib olishga haqli emas. Agar hujjatlar ilgari soliq organiga asl nusxalar tarzida taqdim etilib, keyinchalik tekshirilayotgan shaxsga qaytarilgan bo‘lsa, shuningdek soliq organiga taqdim etilib, bartaraf etib bo‘lmaydigan kuch holatlari oqibatida yo‘qotilgan taqdirda, hujjatlar tekshirilayotgan shaxsdan qayta talab qilib olinishi mumkin. Yuz qirq yettinchi modda. Uchinchi shaxslardan hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish. Birinchi qism. Soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsi tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarga (axborotga) ega bo‘lgan kontragentdan yoki boshqa shaxslardan ushbu hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishga haqli. Ikkinchi qism. Tekshirilayotgan soliq to‘lovchining (soliq agentining) faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish soliq organi rahbarining (rahbari o‘rinbosarining) soliq nazoratining qo‘shimcha tadbirlarini tayinlash to‘g‘risidagi qarori asosida soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish chog‘ida ham amalga oshirilishi mumkin. Uchinchi qism. Soliq tekshiruvlarini yoki soliq nazoratining boshqa tadbirlarini amalga oshiruvchi soliq organi tekshirilayotgan soliq to‘lovchining faoliyatiga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomani mazkur hujjatlar (axborot) talab qilib olinishi kerak bo‘lgan shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organiga yuboradi. Bunda topshiriqnomada soliq nazoratining qaysi tadbirini o‘tkazish chog‘ida hujjatlar (axborot) taqdim etish zarurati yuzaga kelganligi ko‘rsatiladi, muayyan bitimga taalluqli axborot talab qilib olinayotganda esa ushbu bitimni identifikatsiyalash imkonini beruvchi ma’lumotlar ko‘rsatiladi. To‘rtinchi qism. Topshiriqnoma olingan kundan e’tiboran uch kun ichida hujjatlar (axborot) qaysi shaxsdan talab qilib olinayotgan bo‘lsa, o‘sha shaxsning hisobda turgan joyidagi soliq organi ushbu shaxsga hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risida talabnoma yuboradi. Beshinchi qism. Talabnomaga hujjatlarni (axborotni) talab qilib olish to‘g‘risidagi topshiriqnomaning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi. Oltinchi qism. Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani olgan shaxs talabnoma olingan kundan e’tiboran besh kun ichida uni bajaradi yoki talab qilib olinayotgan hujjatlarga (axborotga) ega emasligini o‘sha muddatda xabar qiladi. Agar talab etiladigan hujjatlarni (axborotni) mazkur muddatda taqdim etish imkoni bo‘lmasa, soliq organi hujjatlar qaysi shaxsdan talab qilib olingan bo‘lsa o‘sha shaxsning iltimosnomasiga ko‘ra ushbu hujjatlarni (axborotni) taqdim etish muddatini uzaytirishga haqli. Yettinchi qism. Talab etiladigan hujjatlar ushbu Kodeks yuz qirq oltinchi moddasining uchinchi - beshinchi va o‘n birinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar hisobga olingan holda taqdim etiladi. Sakkizinchi qism. Hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibi soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilariga taalluqli hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishda ham qo‘llaniladi. To‘qqizinchi qism. Hujjatlarni (axborotni) talab qilib olishning ushbu moddada nazarda tutilgan tartibi soliq agentlariga tegishli bo‘lgan hujjatlar va axborotni talab qilib olishda ham qo‘llaniladi. O‘ninchi qism. Hujjatlarni (axborotni) taqdim etish to‘g‘risidagi talabnomani olgan shaxs ushbu moddaning qoidalariga muvofiq bo‘lmagan talabnoma bo‘yicha hujjatlarni (axborotni) taqdim etishni rad etishga haqli. Yuz qirq sakkizinchi modda. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish. Birinchi qism. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish soliq organining soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsining asoslantirilgan qarori asosida amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Hujjatlar va buyumlarni tungi paytda olib qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi. Uchinchi qism. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish xolislar hamda hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxslar ishtirokida o‘tkaziladi. Zarur bo‘lgan hollarda, olib qo‘yishni amalga oshirishda ishtirok etish uchun mutaxassis taklif etiladi. To‘rtinchi qism. Olib qo‘yish boshlanguniga qadar soliq organining mansabdor shaxsi olib qo‘yishni amalga oshirish to‘g‘risidagi qarorni taqdim etadi hamda hozir bo‘lgan shaxslarga ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi. Beshinchi qism. Soliq organining mansabdor shaxsi hujjatlar va buyumlarini olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxsga ularni o‘z ixtiyori bilan topshirishni taklif etadi, taklif rad etilgan taqdirda esa olib qo‘yishni majburiy tarzda amalga oshiradi. Oltinchi qism. O‘ziga nisbatan olib qo‘yish amalga oshirilayotgan shaxs olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan hujjatlar va buyumlar saqlanishi mumkin bo‘lgan binolarni yoki boshqa joylarni ochishdan bosh tortganda, soliq organining mansabdor shaxsi tambalarga, eshiklarga va boshqa buyumlarga zarurat sababli yuzaga kelmagan shikast yetkazishdan qochib olib qo‘yishni mustaqil tarzda bajarishga haqli. Yettinchi qism. Soliq tekshiruvi predmetiga aloqasi bo‘lmagan hujjatlar va buyumlar olib qo‘yilmaydi. Sakkizinchi qism. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yishni amalga oshirish to‘g‘risida ushbu Kodeksning yuz ellik to‘rtinchi moddasida hamda mazkur moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda bayonnoma tuziladi. To‘qqizinchi qism. Olib qo‘yilgan hujjatlar va buyumlar olib qo‘yish bayonnomasida yoki unga ilova qilinadigan ro‘yxatlarda aniq nomi, soni, o‘ziga xos xususiyatlari va imkon qadar buyumlarning qiymati ko‘rsatilgan holda sanab o‘tiladi hamda ro‘yxatga olinadi. O‘ninchi qism. Agar soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish uchun tekshirilayotgan shaxs hujjatlarining ko‘chirma nusxalari yetarli bo‘lmasa hamda soliq organlarida hujjatlarning asl nusxalari yo‘q qilinishi, yashirilishi, o‘zgartirilishi yoki almashtirib qo‘yilishi mumkinligi to‘g‘risida taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lsa, soliq organining mansabdor shaxsi hujjatlarning aslini ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda olib qo‘yishga haqli. Bunday hujjatlar olib qo‘yilayotganda ulardan soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadigan ko‘chirma nusxalar olinadi va hujjatlar olib qo‘yilayotgan shaxsga topshiriladi. O‘n birinchi qism. Hujjatlarni olib qo‘yish bilan bir vaqtning o‘zida ko‘chirma nusxalarni tayyorlash yoki topshirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, soliq organi ko‘chirma nusxalarni hujjatlari olib qo‘yilgan shaxsga hujjatlar olib qo‘yilganidan keyin besh kun ichida topshiradi. O‘n ikkinchi qism. Barcha olib qo‘yiladigan hujjatlar va buyumlar xolislarga hamda olib qo‘yishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga ko‘rsatiladi va zarur bo‘lgan taqdirda olib qo‘yilgan joyda o‘raladi. O‘n uchinchi qism. Olib qo‘yilgan hujjatlar raqamlanishi, tikilishi va olib qo‘yilayotgan shaxsning muhri yoki imzosi bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Ushbu shaxs olib qo‘yilayotgan hujjatlarni muhr yoki imzo bilan tasdiqlashdan bosh tortgan taqdirda, olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnomaga bu haqda maxsus belgi qo‘yiladi. O‘n to‘rtinchi qism. Hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yish to‘g‘risidagi bayonnomaning ko‘chirma nusxasi ular qaysi shaxsdan olib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki yuboriladi. Yuz qirq to‘qqizinchi modda. Guvohning ishtiroki. Birinchi qism. Soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega biror-bir holatlar o‘ziga ma’lum bo‘lgan har qanday voyaga yetgan jismoniy shaxs ko‘rsatmalar berish uchun guvoh sifatida chaqirilishi mumkin. Ikkinchi qism. Guvohning ko‘rsatmalari bayonnomaga kiritiladi. Uchinchi qism. Guvoh sifatida quyidagi shaxslar jalb etilishi mumkin emas: To‘rtinchi qism. o‘zining jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari sababli soliq nazoratini amalga oshirish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni to‘g‘ri idrok etishga qodir bo‘lmagan shaxslar; Beshinchi qism. o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan soliq nazoratini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan va ushbu shaxslarning kasbiy siriga taalluqli bo‘lgan axborotni olgan shaxslar. Chunonchi, bunday shaxslar jumlasiga - advokat, auditor, soliq maslahatchisi va mediator kiradi. Izoh: bir ming sakson to‘qqiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Oltinchi qism. Guvohning ko‘rsatmalari, agar u kasalligi, keksaligi, nogironligi tufayli soliq organiga kela olmasa, u turgan joyda olinishi mumkin. Yettinchi qism. Ko‘rsatmalar olishdan avval soliq organining mansabdor shaxsi guvohni ko‘rsatmalar berishni rad etganlik yoki bundan bosh tortganlik yoxud bila turib yolg‘on ko‘rsatmalar berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiradi, bu haqda bayonnomaga guvohning imzosi bilan tasdiqlanadigan belgi kiritiladi. Sakkizinchi qism. Soliq organiga guvoh sifatida chaqirilgan xodimlar uchun soliq organiga kelganligi sababli ishda bo‘lmagan vaqt uchun asosiy ish joyidagi oylik ish haqi saqlanib qoladi. Yuz ellikinchi modda. Ekspertiza. Birinchi qism. Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir aniq harakatlarni o‘tkazishda ishtirok etish uchun ekspert jalb etilishi mumkin. Ikkinchi qism. Shaxsni ekspert sifatida jalb etish soliq organi va ekspert o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Uchinchi qism. Agar yuzaga keladigan masalalarni tushuntirish uchun ilm-fan, san’at, texnika yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar talab etilsa, ekspertiza tayinlanadi. Soliq organining soliq nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxsida bunday bilimlarga egaligi ekspertiza tayinlash zaruratidan ozod etmaydi. To‘rtinchi qism. Ekspert oldida qo‘yilgan masalalar va uning xulosasi ekspertning maxsus bilimlari doirasidan chiqishi mumkin emas. Beshinchi qism. Ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qarorni soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan mansabdor shaxsning iltimosnomasi asosida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) qabul qiladi. Oltinchi qism. Qarorda ekspertizani tayinlash uchun asoslar, ekspertiza o‘tkazishi kerak bo‘lgan tashkilotning nomi yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ekspertning oldiga qo‘yiladigan masalalar va uning ixtiyoriga beriladigan materiallar ko‘rsatiladi. Ekspert ekspertiza predmetiga taalluqli tekshiruv materiallari bilan tanishishga, o‘ziga qo‘shimcha materiallar taqdim etilishi to‘g‘risida iltimosnomalar berishga haqli. Yettinchi qism. Ekspert xulosani o‘z nomidan yozma shaklda beradi. Ekspert xulosasida o‘zi o‘tkazgan tekshirishlar, ular asosida qilingan xulosalar hamda qo‘yilgan masalalarga asoslantirilgan javoblar bayon etiladi. Sakkizinchi qism. Agar ekspertga berilgan materiallar yetarli bo‘lmasa yoki u ekspertiza o‘tkazish uchun zarur bilimlarga ega bo‘lmasa, ekspert xulosa berishni rad etishi mumkin. To‘qqizinchi qism. Soliq tekshiruvini o‘tkazayotgan soliq organining mansabdor shaxsi tekshirilayotgan shaxsni ekspertiza tayinlanganligi to‘g‘risidagi qaror bilan tanishtirishi va uning ushbu moddaning o‘ninchi qismida nazarda tutilgan huquqlarini tushuntirishi shart bo‘lib, bu haqda bayonnoma tuziladi. O‘ninchi qism. Ekspertiza tayinlash va o‘tkazish jarayonida tekshirilayotgan shaxs: Birinchi band. ekspertni rad etish; Ikkinchi band. ekspertni o‘zi ko‘rsatgan shaxslar orasidan tayinlash to‘g‘risida iltimos qilish; Uchinchi band. qo‘shimcha savollarni taqdim etib, ular yuzasidan ekspert xulosasini olish; To‘rtinchi band. soliq organi mansabdor shaxsining ruxsati bilan ekspertiza o‘tkazishda ishtirok etish va ekspertga tushuntirishlar berish; Beshinchi band. ekspertning xulosasi bilan tanishish; Oltinchi band. ekspertning xulosasi yuzasidan asoslantirilgan fikr taqdim etish huquqiga ega. Yuz ellik birinchi modda. Mutaxassisni jalb etish. Birinchi qism. Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda ishtirok etish uchun soliq organi tomonidan maxsus bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan hamda ishning natijasidan manfaatdor bo‘lmagan mutaxassis jalb etilishi mumkin. Ikkinchi qism. Shaxsning mutaxassis sifatida jalb qilinishi soliq organi va mutaxassis o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Uchinchi qism. Shaxsning mutaxassis sifatida ishtirok etishi uning guvoh sifatida aynan shu holatlar yuzasidan so‘roq qilinishi imkoniyatini istisno etmaydi. Yuz ellik ikkinchi modda. Tarjimonning ishtiroki. Birinchi qism. Zarur bo‘lgan hollarda, soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda ishtirok etish uchun tarjimon jalb etilishi mumkin. Ikkinchi qism. Ishning natijasidan manfaatdor bo‘lmagan, tarjima qilish uchun zarur darajada til biladigan yoki kar yoxud soqov jismoniy shaxsning imo-ishoralarini tushunadigan shaxs tarjimonlik qilishi mumkin. Uchinchi qism. Shaxsning tarjimon sifatida jalb qilinishi soliq organi va tarjimon o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. To‘rtinchi qism. Tarjimon soliq organi mansabdor shaxsining chaqiruviga binoan kelishi va o‘ziga topshirilgan tarjimani aniq bajarishi shart. Yuz ellik uchinchi modda. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligini ta’minlash. Birinchi qism. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarning xolisligi videotasvirga olish qurilmalaridan foydalanish vositasida amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud bo‘lmaganda esa - xolislar ishtirokida amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Videotasvirni yozib olish to‘xtovsiz va izchil ravishda olib boriladi. Videotasvir materiallarining ko‘chirma nusxasi soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga soliq nazoratiga oid tadbir tugagach taqdim etiladi. Uchinchi qism. Soliq nazoratini amalga oshirishga doir harakatlarda videotasvirga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. To‘rtinchi qism. Qonunchilikda videoyozuv taqiqlangan hollarda yoki videoyozuvga olish imkoniyati mavjud bo‘lmaganda xolislar soliq nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq harakatlarga majburiy tartibda jalb etiladi. Izoh: yetti yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda. Yuz ellik to‘rtinchi modda. Soliq nazorati doirasida harakatlarni amalga oshirish chog‘idagi bayonnomaga qo‘yiladigan umumiy talablar. Birinchi qism. Soliq nazorati harakatlarini o‘tkazish chog‘ida bayonnoma tuziladi. Bayonnomada quyidagilar ko‘rsatiladi: Birinchi band. tekshirish o‘tkazishning asoslari, turi va davri; Ikkinchi band. amalga oshiriladigan aniq harakatning joyi va sanasi; Uchinchi band. harakatning boshlanish va tugash vaqti; To‘rtinchi band. bayonnomani tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi; Beshinchi band. harakatda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan har bir shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, zarur bo‘lgan hollarda esa - uning manzili; Oltinchi band. harakatning mazmuni, uni amalga oshirish ketma-ketligi; Yettinchi band. harakatni bajarish chog‘ida aniqlangan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar va holatlar. Ikkinchi qism. Bayonnoma harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan barcha shaxslar tomonidan o‘qib chiqiladi. Mazkur shaxslar bayonnomaga kiritilishi yoki materiallarga qo‘shib qo‘yilishi lozim bo‘lgan fikr-mulohazalarini bildirishga haqli. Uchinchi qism. Bayonnoma soliq organining uni tuzgan mansabdor shaxsi, shuningdek harakatni amalga oshirishda ishtirok etgan yoki uni o‘tkazishda hozir bo‘lgan barcha shaxslar tomonidan imzolanadi. To‘rtinchi qism. Bayonnomaga fotosuratlar, videoyozuvlar va harakatni amalga oshirish chog‘ida bajarilgan boshqa materiallar ilova qilinadi. Yuz ellik beshinchi modda. Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida g‘ayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Birinchi qism. Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida tekshirilayotgan shaxslarga yoki ularning egaligida, foydalanishida yoxud tasarrufida bo‘lgan mol-mulkka g‘ayriqonuniy harakatlar orqali zarar yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ikkinchi qism. Soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari yoki ular mansabdor shaxslarining harakatlari orqali yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishi lozim. Uchinchi qism. Soliq organlarining g‘ayriqonuniy qarorlari orqali tekshirilayotgan shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ularning mansabdor shaxslari qonunda nazarda tutilgan tartibda javobgar bo‘ladi. To‘rtinchi qism. Soliq organlari mansabdor shaxslarining qonuniy harakatlari orqali tekshirilayotgan shaxslarga yoki ularning vakillariga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Savol berish