Soliq majburiyatini bajarish

III BO‘LIM · 7 bob · 1 475 test · 42 tuzilish testi

15-bob · 120–125 moddalar

Soliq qarzini undirish

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

O‘n beshinchi bob. Soliq qarzini undirish. Yuz yigirmanchi modda. Soliq qarzini undirish to‘g‘risidagi umumiy qoidalar. Birinchi qism. Soliq qarzi belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda bu qarzni undirish ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Soliq qarzi mazkur soliq qarziga ega bo‘lgan soliq to‘lovchidan, ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda esa - boshqa shaxslardan undiriladi. Uchinchi qism. Agar soliq to‘lovchining soliqlar bo‘yicha qarzini uzishga doir majburiyati bank kafolati, uchinchi shaxsning kafilligi yoxud mol-mulk garovi bilan ta’minlangan bo‘lsa, soliq to‘lovchi soliqlar bo‘yicha soliq qarzini uzmagan yoki to‘liq uzmagan taqdirda, soliq organi soliq qarzining to‘lanmagan summasini tegishlicha bank kafolatini bergan bankdan, kafildan yoxud garovga qo‘yilgan mol-mulk qiymatidan undirishi shart. To‘rtinchi qism. Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning yuz yigirma birinchi – yuz yigirma to‘rtinchi moddalarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Beshinchi qism. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsdan soliq qarzini undirish ushbu Kodeksning yuz yigirma beshinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Oltinchi qism. Yuridik shaxsdan yoki yakka tartibdagi tadbirkordan soliq qarzini undirish dastlab uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan, ular yetishmagan taqdirda esa mazkur shaxsning boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi. Yettinchi qism. Ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda soliq to‘lovchining yoki boshqa shaxsning soliq qarzi uning bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish imkoni bo‘lmagan qismida boshqa shaxslardan undirilishi mumkin. Sakkizinchi qism. Agar soliq to‘lovchining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan oladigan tushumi yoki boshqa daromadlari boshqa shaxslarning bankdagi hisobvaraqlariga kelib tushgan bo‘lsa, soliq to‘lovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin. To‘qqizinchi qism. Agar soliq to‘lovchi soliq tekshiruvi to‘g‘risida bilgan paytdan e’tiboran o‘zining pul mablag‘larini yoki boshqa mulkini o‘zga shaxslarga bergan bo‘lsa, soliq to‘lovchining soliq qarzi shu shaxslardan undirilishi mumkin. O‘ninchi qism. Ushbu modda sakkizinchi va to‘qqizinchi qismlarining qoidalari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olinadigan tushum yoki boshqa daromadlar yoxud pul mablag‘lari yoki boshqa mulk o‘zga shaxslarga bir nechta operatsiyalar orqali o‘tkazib berilganligi aniqlangan hollarda ham qo‘llaniladi. O‘n birinchi qism. Ushbu moddaning sakkizinchi - o‘ninchi qismlarida ko‘rsatilgan hollarda mazkur shaxslardan soliq qarzini undirish soliq to‘lovchining realizatsiya qilingan tovarlari (ishlari, xizmatlari) uchun kelib tushgan tushum, boshqa daromadlari, u tomonidan o‘tkazilgan pul mablag‘lari, boshqa mol-mulkning qiymati doirasida amalga oshiriladi. Soliq organi mazkur shaxslar to‘g‘risida o‘zida mavjud bo‘lgan axborot asosida va soliq to‘lovchining soliq qarzi miqdoriga bog‘liq tarzda ushbu qarzni undirishni ko‘rsatilgan qaysi shaxslardan va qanday nisbatda undirishni amalga oshirishni mustaqil ravishda belgilashga haqli. O‘n ikkinchi qism. Ushbu moddaning sakkizinchi - o‘ninchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda soliq qarzini undirish sud tartibida amalga oshiriladi. O‘n uchinchi qism. Soliqni sud tartibida undirish quyidagi hollarda ham amalga oshiriladi, agar soliqni to‘lash majburiyati: Birinchi band. soliq organi tomonidan bitimni tavsiflashni, soliq to‘lovchining maqomini yoki faoliyati xususiyatini o‘zgartirishga asoslangan bo‘lsa; Ikkinchi band. o‘zaro aloqador shaxslar o‘rtasida bitimlar tuzilishi munosabati bilan transfert narx belgilash chog‘idagi soliq nazorati natijalariga ko‘ra yuzaga kelgan bo‘lsa. O‘n to‘rtinchi qism. Soliq organlari tomonidan soliq qarzi soliq to‘lovchining debitorlari hisobidan undirilishi mumkin. Soliq qarzi bo‘yicha undiruv soliq to‘lovchining debitorlik qarziga ushbu Kodeksning bir ming ikki yuz o‘n birinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda qaratiladi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. O‘n beshinchi qism. Ushbu bobning qoidalari O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tish munosabati bilan to‘lanadigan soliqlar bo‘yicha soliq qarzini undirishga, shuningdek soliq agentlarining soliq qarzini undirishga ham tatbiq etiladi. Yuz yigirma birinchi modda. Soliq qarzini bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirish. Birinchi qism. Soliq qarzi belgilangan muddatda to‘lanmagan yoki to‘liq to‘lanmagan taqdirda, soliq qarzini undirish - undiruvni bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lariga (shu jumladan, korporativ kartalardagi pul mablag‘lariga) qaratish yo‘li bilan majburiy tartibda amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Ushbu moddaning qoidalari faqat yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llaniladi. Uchinchi qism. Soliq qarzini majburiy tartibda undirish to‘lanmagan soliq qarziga ega bo‘lgan soliq to‘lovchidan yoki soliq agentidan, ushbu Kodeksning yuz yigirma va yuz yigirma ikkinchi moddalarida nazarda tutilgan hollarda esa boshqa shaxslardan ham amalga oshirilishi mumkin. To‘rtinchi qism. Soliq qarzini undirish soliq organi tomonidan majburiyatga ega shaxsning hisobvarag‘i ochilgan bankka ushbu shaxsning hisobvaraqlaridan zarur pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjetga o‘tkazish uchun inkasso topshiriqnomasini elektron shaklda yuborish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Beshinchi qism. Soliq organining majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjetga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasining shakli hamda uni bankka yuborish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishilgan holda belgilaydi. Oltinchi qism. Agar soliq to‘lovchi soliqni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini mustaqil ravishda yubormagan bo‘lsa, soliq organining inkasso topshiriqnomasi soliq to‘lovchining hisobvarag‘iga soliqni to‘lash uchun belgilangan muddat tugagach uch ish kunidan kechiktirmay qo‘yiladi. Yettinchi qism. Soliq organining majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligida belgilangan to‘lovlar navbatini hisobga olgan holda bank tomonidan so‘zsiz bajarilishi shart. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Quyidagi hollarda soliq organlari majburiyatga ega shaxslarning hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir bajarilmagan (to‘liq yoki qisman) inkasso topshiriqnomalarini chaqirib olish to‘g‘risida qaror qabul qiladi: Birinchi band. ushbu Kodeksning o‘n birinchi bobiga muvofiq soliq qarziga nisbatan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilganda; Ikkinchi band. soliq qarzi uzilganda, shu jumladan ushbu Kodeksning o‘n ikkinchi bobiga muvofiq ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan summalar hisobga olinishi munosabati bilan soliq qarzi uzilganda; Uchinchi band. ushbu Kodeksning to‘qson oltinchi moddasiga muvofiq undirilishi umidsiz deb e’tirof etilgan soliq qarzi hisobdan chiqarilganda; To‘rtinchi band. ushbu Kodeksning sakson uchinchi moddasiga muvofiq taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti bo‘yicha soliq va penya summalari kamaytirilganda. To‘qqizinchi qism. Soliq qarzini undirish milliy valyutadagi talab qilib olguncha depozit hisobvaraqlaridan, bunday hisobvaraqlarda mablag‘lar yetarli bo‘lmagan taqdirda esa - majburiyatga ega shaxsning chet el valyutasidagi talab qilib olguncha depozit hisobvaraqlaridan amalga oshirilishi mumkin. Majburiyatga ega shaxsning valyuta hisobvaraqlaridan soliq qarzini undirish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining valyuta sotiladigan sanada belgilangan kursi bo‘yicha milliy valyutada undiriladigan summaga ekvivalent summada amalga oshiriladi. O‘ninchi qism. Soliq qarzini undirish muddatli depozitlarga joylashtirilgan mablag‘lar hisobidan, ularning amal qilish muddati tugagunga qadar amalga oshirilmaydi. O‘n birinchi qism. Valyuta hisobvaraqlarida turgan mablag‘larni undirish chog‘ida soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) inkasso topshiriqnomasi bilan bir vaqtning o‘zida bankka majburiyatga ega shaxsning valyutasini sotish uchun topshiriqnoma yuboradi. Mazkur topshiriqnoma bank tomonidan u olingan kundan keyingi operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi. Chet el valyutasini sotish bilan bog‘liq xarajatlar shu majburiyatga ega shaxsning hisobidan amalga oshiriladi. O‘n ikkinchi qism. Soliq organining majburiyatga ega shaxsning bankdagi hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini hisobdan chiqarish va budjet tizimiga o‘tkazishga doir inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan inkasso topshiriqnomasi olingan kundan keyingi bir operatsiya kunidan kechiktirmay, valyuta hisobvaraqlaridan undirishda esa - ikki operatsiya kunidan kechiktirmay bajariladi. O‘n uchinchi qism. Agar bank tomonidan soliq organining inkasso topshiriqnomasi olingan kunda majburiyatga ega shaxsning hisobvaraqlarida uni bajarish uchun pul mablag‘lari yetarli bo‘lmasa, inkasso topshiriqnomasi shu hisobvaraqlarga pul mablag‘lari kelib tushishiga qarab, har bir bunday tushum kunidan keyingi bir yoki ikki operatsiya kunidan kechiktirmay, hisobvaraq valyutasiga bog‘liq holda bajariladi. Mazkur inkasso topshiriqnomasi bank tomonidan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchiligida belgilangan to‘lovlar navbatini hisobga olgan holda bank tomonidan bajariladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘n to‘rtinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchilaridan bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirishning o‘ziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning yuz yigirma ikkinchi moddasida belgilanadi. Yuz yigirma bir bir modda. Soliq qarzini undirishni soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratish. Birinchi qism. Soliq qarzi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organiga soliq qarzini o‘z debitori hisobidan undirishni so‘rab murojaat qilishga haqli. Murojaatga o‘zaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim. Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi soliq qarzini o‘z debitori hisobidan undirishni so‘rab murojaat qilgan taqdirda, soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomaning va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxasini uch ish kunidan kechiktirmay debitorning shaxsiy kabinetiga solishtirma dalolatnomani imzolash uchun yoki imzolashni rad etish uchun bildirish xati bilan birga yuboradi. Uchinchi qism. Soliq to‘lovchining debitori bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada ko‘rsatilgan qarz mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart. Soliq to‘lovchining debitori tomonidan soliq organining bildirish xatiga rad javobi taqdim etilmagan yoki u javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik qarzi tan olingan va soliq to‘lovchining soliq qarzini debitor hisobidan undirishga rozilik berilgan deb hisoblanadi. To‘rtinchi qism. Agar soliq to‘lovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada ko‘rsatilgan summadan farq qilsa, debitor bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida soliq organiga o‘zi tan olgan summani ko‘rsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart. Beshinchi qism. Soliq to‘lovchining debitori tomonidan imzolangan yoki elektron hujjat shaklida tasdiqlangan o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qat’i nazar, uning kreditori soliq qarzini undirishni unga qaratishi uchun asos bo‘ladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan majburiyat soliq to‘lovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq to‘lovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi. Oltinchi qism. Soliq organi uch ish kunidan kechiktirmay debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq to‘lovchining soliq qarzi summasidan va debitorlik qarzi summasidan oshmaydigan miqdorda undirish to‘g‘risida inkasso topshiriqnomasi taqdim etadi. Yettinchi qism. Soliq organi tomonidan o‘zida mavjud bo‘lgan yoki boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida yoxud soliq tekshiruvlari natijasida soliq to‘lovchining debitorlik qarzi mavjudligi mustaqil ravishda aniqlangan hollarda, soliq qarzini undirish ushbu moddada belgilangan tartibda soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratilishi mumkin. Bunda soliq to‘lovchining debitorlik qarzi aniqlangan kundan e’tiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda soliq to‘lovchining o‘ziga va debitoriga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish xati yuboriladi. Sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchi va uning debitori soliq organining bildirish xatini ushbu bildirish xati olingan kundan e’tiboran o‘n ish kunidan kechiktirmay tasdiqlashi yoki asoslangan holda rad etishi lozim. Bildirish xati javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik (kreditorlik) qarzi tan olingan deb hisoblanadi. To‘qqizinchi qism. Soliq organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasining ijrosini banklar tomonidan ta’minlash yoki soliq organi tomonidan undirish, ijrosiz chaqirib olish ushbu Kodeksning yuz yigirma birinchi moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. O‘ninchi qism. Debitorlik qarzi soliq to‘lovchiga to‘lab berilganligi haqida asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda yoki sud qarori asosida inkasso topshiriqnomasi soliq organi tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay ijrosiz qaytarib olinadi. O‘n birinchi qism. Soliq to‘lovchi bilan uning debitori o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak: O‘n ikkinchi qism. soliq to‘lovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami; O‘n uchinchi qism. soliq to‘lovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi soliq organining nomi; O‘n to‘rtinchi qism. soliq to‘lovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari; O‘n beshinchi qism. debitorning soliq to‘lovchi oldidagi qarz summasi; O‘n oltinchi qism. soliq to‘lovchi va uning debitorining elektron hujjat shaklida tasdiqlangan imzolari; O‘n yettinchi qism. soliq to‘lovchi va uning debitori o‘rtasida o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana. O‘n sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchi bilan uning debitori o‘rtasidagi o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi elektron hujjat shaklida tuziladi. O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilarga o‘zaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini elektron hujjat shaklida taqdim etish, tasdiqlash (qisman tasdiqlash) yoki rad etish imkoniyatini yaratadi. O‘n to‘qqizinchi qism. Quyidagi hollarda soliq qarzini undirish soliq to‘lovchining debitorlik qarziga qaratilmaydi, agar: Yigirmanchi qism. debitorlik qarz summasi asoslangan holda rad etilgan bo‘lsa; Yigirma birinchi qism. da’vo muddati o‘tgan bo‘lsa; Yigirma ikkinchi qism. debitordan undirilishi lozim bo‘lgan qarz summasi bo‘yicha sud hujjati majburiy ijro organining ish yurituvida bo‘lsa yoki uni ijroga taqdim etish muddati o‘tgan bo‘lsa yoxud ushbu sud hujjati bo‘yicha ijro harakatlari belgilangan tartibda to‘xtatib turilgan, tugatilgan yoki kechiktirilgan (bo‘lib-bo‘lib ijro etilgan) bo‘lsa; Yigirma uchinchi qism. u O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘lovchisi bo‘lmasa; Yigirma to‘rtinchi qism. u jismoniy shaxs bo‘lsa; Yigirma beshinchi qism. debitor tugatilish jarayonida bo‘lsa yoki unga nisbatan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa; Yigirma oltinchi qism. debitorning faoliyati tugatilgan yoki yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarilgan bo‘lsa. Yigirma yettinchi qism. Soliq organi tomonidan undiruvning debitorlik qarziga qaratilishi soliq to‘lovchini soliq qarzi to‘languniga qadar soliqlarni to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Yuz yigirma ikkinchi modda. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirish. Birinchi qism. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i yuzasidan soliq qarzini shu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan undirishda ushbu Kodeksning yuz yigirma to‘rtinchi moddasi qoidalari mazkur moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi. Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘i yuzasidan soliq qarzini to‘lash to‘g‘risidagi talabnoma ushbu Kodeksning yuz o‘n oltinchi moddasida belgilangan tartibda yuboriladi. Bunday talabnoma soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘ini to‘lash uchun belgilangan muddat o‘tganidan keyin yuboriladi. Uchinchi qism. Bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobidan soliq qarzini undirish birinchi navbatda soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. To‘rtinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining bank hisobvaraqlarida soliq qarzining butun summasini undirish uchun pul mablag‘lari yetarli bo‘lmasa yoki umuman bo‘lmasa, undirilmay qolgan summani undirish ushbu konsolidatsiyalashgan guruh qolgan ishtirokchilarining banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Beshinchi qism. Soliq organi soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi o‘zida mavjud bo‘lgan axborot asosida soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lari hisobiga undirish amalga oshiriladigan tarkibini, shuningdek oldingi ishtirokchilarning bankdagi hisobvaraqlarida pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda, ushbu ishtirokchilardan bunday undirishning ketma-ketligini mustaqil ravishda belgilaydi. Oltinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining soliq qarzi ushbu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilaridan biri tomonidan uzilgan, shu jumladan qisman uzilgan taqdirda, ko‘rsatilgan soliq qarzini undirish tartib-taomili ushbu ishtirokchi tomonidan uzilgan qismi bo‘yicha tugatiladi. Yettinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining o‘ziga nisbatan undiruv to‘g‘risida qaror chiqarilgan ishtirokchilariga soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlar va kafolatlar tatbiq etiladi. Yuz yigirma uchinchi modda. Soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish. Birinchi qism. Agar majburiyatga ega shaxsning soliq qarzini ushbu Kodeksning yuz yigirma bir va yuz yigirma ikkinchi moddalarida nazarda tutilgan tartibda undirish mumkin bo‘lmasa, soliq organi soliq qarzini shu majburiyatga ega shaxsning boshqa mol-mulki, shu jumladan naqd pul mablag‘lari hisobidan undirishga haqli. Ikkinchi qism. Soliq qarzini undirish soliq qarzini uzish to‘g‘risidagi talabnomada ko‘rsatilgan summalar doirasida hamda ushbu Kodeksning yuz yigirma bir va yuz yigirma ikkinchi moddalariga muvofiq undiruv amalga oshirilgan summalarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Uchinchi qism. Ushbu moddaning qoidalari soliq qarzini faqat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlardan undirishga nisbatan qo‘llaniladi. To‘rtinchi qism. Majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlikda amalga oshiriladi: Birinchi band. ushbu Kodeksning yuz yigirma bir va yuz yigirma ikkinchi moddalariga muvofiq undiruv qaratilmagan naqd pul mablag‘lariga nisbatan; Ikkinchi band. mahsulotlar (tovarlar) ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etmaydigan mol-mulkka, xususan, qimmatli qog‘ozlar, valyuta qimmatliklari, ishlab chiqarishga mo‘ljallanmagan binolar, yengil avtotransport, xizmat xonalarining dizayni ashyolariga nisbatan; Uchinchi band. tayyor mahsulotlarga (tovarlarga), shuningdek ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va (yoki) bevosita ishtirok etishga mo‘ljallanmagan boshqa moddiy qimmatliklarga nisbatan; To‘rtinchi band. ishlab chiqarishda bevosita ishtirok etish uchun mo‘ljallangan xom ashyo va materiallarga nisbatan, shuningdek dastgohlar, uskunalar, binolar, inshootlar va boshqa asosiy vositalarga nisbatan; Beshinchi band. boshqa shaxslarga egalik qilish, foydalanish yoki tasarruf etish shartnomasi bo‘yicha ushbu mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi ularga o‘tkazilmagan holda topshirilgan mol-mulkka nisbatan, agar soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatning bajarilishini ta’minlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa; Oltinchi band. boshqa mol-mulkka nisbatan, bundan yakka tartibdagi tadbirkor yoki uning oila a’zolari kundalik shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan, qonunchilikka muvofiq belgilanadigan boshqa mol-mulk mustasno. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi qism. Soliq qarzini soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan undirishning ushbu modda to‘rtinchi qismida belgilangan ketma-ketligi buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Oltinchi qism. Soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzdorligini undirish sud tartibida amalga oshiriladi. Soliq to‘lovchi tomonidan soliq qarzdorligi tan olinsa, soliq organi rahbarining (rahbar o‘rinbosarining) qaroriga binoan soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mulki hisobidan soliq qarzdorligi undirilishi mumkin. Yettinchi qism. Soliq organi majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan kundan e’tiboran uch ish kuni ichida tegishli qarorni qog‘ozda yoki elektron shaklda ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni inobatga olgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda ijro etish uchun majburiy ijro etuvchi davlat organiga yuborishi kerak. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Soliq organining ushbu modda yettinchi qismida ko‘rsatilgan qarorni majburiy ijro etuvchi davlat organiga yuborish shakli va tartibi, shuningdek uning mazmuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. To‘qqizinchi qism. Davlat ijrochisi soliq qarzi bo‘yicha majburiyatga ega shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi qaror o‘ziga kelib tushgan kundan e’tiboran ikki oylik muddatda ijro harakatlarini amalga oshirishi va ushbu qarorda mavjud bo‘lgan talablarni bajarishi kerak. O‘ninchi qism. Soliq qarzini soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirish xususiyatlari ushbu Kodeksning yuz yigirma to‘rtinchi moddasida belgilanadi. O‘n birinchi qism. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq qarzlarini bojxona organlari tomonidan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan qoidalarni hisobga olgan holda undirish chog‘ida ham qo‘llaniladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Yuz yigirma to‘rtinchi modda. Soliq qarzini soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirish. Birinchi qism. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga doir soliq qarzini shu konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan undirishda ushbu Kodeks yuz yigirma uchinchi moddasining qoidalari ushbu moddada nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda qo‘llaniladi. Ikkinchi qism. Soliqni soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining mol-mulki hisobidan undirish birinchi navbatda mazkur konsolidatsiyalashgan guruh mas’ul ishtirokchisining ushbu Kodeksning yuz yigirma ikkinchi moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Uchinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining mas’ul ishtirokchisida ushbu Kodeksning yuz yigirma ikkinchi moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki umuman bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish mazkur guruhning boshqa a’zolaridan ularning naqd pul mablag‘lari hamda banklardagi pul mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. To‘rtinchi qism. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarida ushbu Kodeksning yuz yigirma ikkinchi moddasiga muvofiq undiruvga qaratilmagan naqd pul mablag‘lari va banklardagi pul mablag‘lari yetarli bo‘lmagan yoki umuman bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish mazkur guruh mas’ul ishtirokchisining boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi. Bunday undiruv ushbu Kodeks yuz yigirma uchinchi moddasi to‘rtinchi qismining ikkinchi – oltinchi bandlarida belgilangan ketma-ketlikda amalga oshiriladi. Beshinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi mas’ul ishtirokchisining mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda, soliqni undirish ushbu Kodeks yuz yigirma uchinchi moddasi to‘rtinchi qismining ikkinchi – oltinchi bandlarida belgilangan ketma-ketlikda mazkur guruh o‘zga ishtirokchilarining boshqa mol-mulki hisobidan amalga oshiriladi. Oltinchi qism. Soliq organi soliq to‘lovchilar to‘g‘risidagi mavjud axborot asosida boshqa mol-mulki hisobidan soliq qarzini undirish amalga oshiriladigan soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilarining tarkibini hamda avvalgi ishtirokchilarning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda mazkur ishtirokchilardan undiruv qanday ketma-ketlikda amalga oshirilishini mustaqil tarzda belgilaydi. Yettinchi qism. Soliq to‘lovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining soliq qarzini boshqa mol-mulk hisobidan undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan ishtirokchilariga nisbatan soliq to‘lovchilar uchun ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquq va kafolatlar tatbiq etiladi. Yuz yigirma beshinchi modda. Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxsning soliq qarzini undirish. Birinchi qism. Agar yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lmagan jismoniy shaxs (bundan buyon ushbu moddada jismoniy shaxs deb yuritiladi) soliq to‘lash bo‘yicha majburiyatlarini belgilangan muddatda bajarmagan bo‘lsa, soliq organi soliq qarzini ushbu jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi ariza (bundan buyon ushbu moddada undirish to‘g‘risidagi ariza deb yuritiladi) bilan sudga murojaat qilishga haqli. Ikkinchi qism. Undirish to‘g‘risidagi arizaga soliq organining talabnomani ta’minlash tartibida javobgarning mol-mulkini xatlash haqidagi iltimosnomasi ilova qilinishi mumkin. Uchinchi qism. Undirish to‘g‘risidagi arizaning nusxasi u sudga berilgan kundan kechiktirmay soliq organi tomonidan soliq qarzi undirilayotgan jismoniy shaxsga yuboriladi. To‘rtinchi qism. Agar jismoniy shaxsning soliq qarzi umumiy summasi bir million so‘mdan oshsa, undirish to‘g‘risidagi ariza soliq organi tomonidan sudga beriladi. Beshinchi qism. Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish to‘g‘risidagi ishlar qonunchilikka muvofiq ko‘rib chiqiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Oltinchi qism. Qonuniy kuchga kirgan sud qarori asosida soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Yettinchi qism. Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirish quyidagilarga nisbatan ushbu ketma-ketlik bilan amalga oshiriladi: Birinchi band. bank hisobvaraqlaridagi pul mablag‘lariga; Ikkinchi band. naqd pul mablag‘lariga; Uchinchi band. boshqa shaxslarga shartnoma bo‘yicha egalik qilishga, foydalanishga, tasarruf etishga berilgan mol-mulkka, ushbu mol-mulkka doir mulk huquqi ularga o‘tmagan holda, agar soliq majburiyati ijrosini ta’minlash uchun bunday shartnomalar bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa; To‘rtinchi band. boshqa mol-mulkka, bundan qonunchilikka muvofiq belgilanadigan jismoniy shaxsning yoki uning oilasi a’zolarining kundalik shaxsiy foydalanishi uchun mo‘ljallangan mol-mulk mustasno. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Soliq qarzini jismoniy shaxsning mol-mulki hisobidan undirishda ushbu moddaning yettinchi qismida belgilangan ketma-ketlikni buzishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘qqizinchi qism. Soliq qarzi jismoniy shaxsning pul mablag‘lari ko‘rinishida bo‘lmagan mol-mulki hisobidan undirilgan taqdirda, soliq qarzi bunday mol-mulk realizatsiya qilingan va undan kelib tushgan summalar hisobidan to‘langan paytdan e’tiboran to‘langan deb hisoblanadi. O‘ninchi qism. Mazkur mol-mulk xatlab qo‘yilgan kundan e’tiboran va tushgan summalar budjet tizimiga o‘tkazilgan kunga qadar soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun penyalar hisoblanmaydi.
Savol berish