Soliq majburiyatini bajarish
III BO‘LIM · 7 bob · 1 475 test · 42 tuzilish testi
Soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
To‘liq matn
O‘n birinchi bob. Soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish.
To‘qson yettinchi modda. Soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirishning umumiy shartlari.
Birinchi qism. Soliq to‘lashning muddatini keyinroq muddatga ko‘chirish soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirish deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Soliq to‘lash muddatini o‘zgartirishga ushbu bobda belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Uchinchi qism. Agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘lanishi lozim bo‘lgan umumiy soliq summasiga yoki uning bir qismiga (bundan buyon ushbu bobda qarz summasi deb yuritiladi) nisbatan, qarz summasiga foizlar hisoblangan holda, soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish mumkin.
To‘rtinchi qism. Soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish uni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida amalga oshiriladi.
Beshinchi qism. Soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash, shu soliq bo‘yicha tegishlicha bir yo‘la yoki bosqichma-bosqich qarz summasini to‘lagan holda, ushbu soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirishdan iboratdir.
Oltinchi qism. Soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar yuzaga kelgan qarz summasiga yoki kelgusida yuzaga keladigan qarz summasiga nisbatan berilishi mumkin.
Yettinchi qism. Soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash, agar ushbu Kodeksning to‘qson to‘qqizinchi moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bir yildan oshmagan muddatga beriladi.
Sakkizinchi qism. Soliq to‘lash muddati o‘zgartirilishiga talabgor shaxs (bundan buyon ushbu bobda manfaatdor shaxs deb yuritiladi) soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash to‘g‘risida ariza berishga yoxud bu haqda xabardor qilishga haqli. Bunday ariza bir yoki bir nechta soliqqa nisbatan berilishi mumkin.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘qqizinchi qism. Manfaatdor shaxsning soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash haqidagi arizasini ko‘rib chiqish chog‘ida, soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli organ mazkur shaxsga u bilan kelishilgan holda qabul qilinishi mumkin bo‘lgan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning ushbu bobda nazarda tutilgan boshqa shartlarini taklif etishga haqli.
O‘ninchi qism. Soliq to‘lash muddatining o‘zgartirilishi soliq to‘lash bo‘yicha mavjud majburiyatlarni bekor qilmaydi va yangi majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.
O‘n birinchi qism. Ushbu Kodeksning to‘qson to‘qqizinchi moddasida ko‘rsatilgan organlarning qaroriga ko‘ra soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish, agar ushbu bobda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Kodeksning yuz yettinchi – yuz to‘qqizinchi moddalariga muvofiq mol-mulk garovi, kafillik yoki bank kafolati bilan ta’minlanishi mumkin.
O‘n ikkinchi qism. Ushbu bob qoidalari penya va jarima to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilganda ham qo‘llaniladi.
O‘n uchinchi qism. To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv jarayonida yuzaga keladigan barcha turdagi joriy soliq to‘lovlarini (bundan mehnat shartnomalari (kontraktlari) va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlar solig‘i, shuningdek ijtimoiy soliq mustasno) to‘lash, sud ajrimi asosida joriy etilgan sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomilining muddatida to‘xtatib turiladi. Bu holda sud sanatsiya qiluvchi boshqaruvchining yoki tashqi boshqaruvchining hisobotini tasdiqlagan va to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqargan sanadan e’tiboran mazkur soliq qarzlari olti oy ichida teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Izoh: to‘qqiz yuz o‘n bir sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
O‘n to‘rtinchi qism. Ushbu bobning qoidalari soliq agentlariga va ushbu Kodeksning to‘rt yuz sakson ikkinchi moddasida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Izoh: olti yuz ellik ikki sonli qonun, ikki ming yigirma-yil tahririda.
To‘qson sakkizinchi modda. Soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirishni istisno etadigan holatlar.
Birinchi qism. Agar manfaatdor shaxsga nisbatan quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilayotgan bo‘lsa, soliqni to‘lash muddati o‘zgartirilishi mumkin emas:
Birinchi band. agar ushbu moddaning ikkinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi bilan bog‘liq jinoyat alomatlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi band. ushbu shaxs bunday o‘zgartirishdan soliq solinishi lozim bo‘lgan o‘z pul mablag‘larini yoki boshqa mol-mulkini yashirish uchun foydalanishini yoki ushbu shaxs doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishini taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lsa;
Uchinchi band. ushbu shaxs soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirish to‘g‘risida ariza bergan kundan oldingi uch yil mobaynida ushbu Kodeksning to‘qson to‘qqizinchi moddasida ko‘rsatilgan organ tomonidan soliq to‘lash muddatini tegishli o‘zgartirish shartlari buzilganligi munosabati bilan ilgari berilgan kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatining amal qilishini tugatish to‘g‘risida qaror chiqarilgan bo‘lsa;
To‘rtinchi band. shaxs bankrot deb topilgan bo‘lsa;
Izoh: to‘qqiz yuz o‘n bir sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Beshinchi band. shaxs ushbu Kodeks yuzinchi moddasi ikkinchi qismining o‘ttiz ikkinchi bandi bo‘yicha yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga kiritilgan bo‘lsa.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shartlar ushbu Kodeks to‘qson to‘qqizinchi moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Uchinchi qism. Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin emas, qabul qilingan qaror esa bekor qilinishi lozim.
To‘rtinchi qism. Qabul qilingan qaror bekor qilingani to‘g‘risida manfaatdor shaxs va ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organi uch kunlik muddatda yozma shaklda xabardor qilinadi. Manfaatdor shaxs bunday qaror ustidan ushbu Kodeksda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Beshinchi qism. Soliq to‘lovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi bo‘yicha foyda solig‘iga nisbatan soliq to‘lash muddatini o‘zgartirish amalga oshirilmaydi.
To‘qson to‘qqizinchi modda. Soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga vakolatli organlar.
Birinchi qism. Quyidagi organlar soliqlarni to‘lash muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolatiga ega organlardir (bundan buyon ushbu moddada vakolatli organlar deb yuritiladi):
Birinchi band. ushbu Kodeks o‘n yettinchi moddasi birinchi qismining birinchi – beshinchi bandlarida ko‘rsatilgan soliqlar bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi (bundan ushbu qismning uchinchi bandida va ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno). O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi ushbu Kodeksning o‘n yettinchi moddasida ko‘rsatilgan soliqlarni, shuningdek aylanmadan olinadigan soliqni ushbu bobda nazarda tutilgan tartibda mol-mulkni garovga bermagan holda, kafilliksiz yoki bank kafolatisiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishga (bundan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, to‘lov manbaida olinadigan foyda solig‘i hamda soliq agenti sifatida to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i mustasno) ham haqli;
Izoh: yetti yuz yigirma ikki sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi band. ushbu Kodeks o‘n yettinchi moddasi birinchi qismining oltinchi – sakkizinchi bandlarida ko‘rsatilgan soliqlar va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlari. Bunday soliqlarga nisbatan to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ikki yilgacha muddatga berilishi mumkin;
Uchinchi band. O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar bo‘yicha - bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona organlari (bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno).
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi soliq to‘lovchiga ushbu Kodeksning o‘n yettinchi moddasida ko‘rsatilgan har qanday soliq bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini uch yilgacha muddatga berishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishda ushbu Kodeks to‘qson sakkizinchi moddasining birinchi qismida belgilangan cheklovlardan chetga chiqishga haqli.
Yuzinchi modda. Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish shartlari.
Birinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha muddatni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati manfaatdor shaxsga, basharti uning moliyaviy ahvoli ushbu soliqni belgilangan muddatda to‘lash imkonini bermasa, biroq ko‘rsatilgan shaxsda bunday soliqni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash uchun berilgan muddat mobaynida to‘lash imkoniyati yuzaga keladi deb taxmin qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud bo‘lsa, berilishi mumkin.
Ikkinchi qism. Soliq to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati manfaatdor shaxsga quyidagi asoslardan loaqal bittasi mavjud bo‘lgan taqdirda berilishi mumkin:
Birinchi band. ushbu shaxsga tabiiy ofat, texnologik falokat yoki boshqa bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar natijasida zarar yetkazilganligi;
Ikkinchi band. ushbu shaxsni budjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish kechiktirilganligi yoki ushbu shaxs tomonidan bajarilgan davlat buyurtmasi, davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlar haqini to‘lash kechiktirilganligi;
Uchinchi band. manfaatdor shaxs soliqni bir yo‘la to‘lashi oqibatida uning to‘lovga qobiliyatsizligi alomatlari paydo bo‘lishi xavfi yuzaga kelganligi;
Izoh: to‘qqiz yuz o‘n bir sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Uch bir band. manfaatdor shaxs faoliyatni uch yildan ortiq vaqtdan buyon amalga oshirayotganligi hamda hisoblangan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab kelganligi, ammo moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini belgilangan muddatlarda to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmaganligi;
Izoh: yetti yuz yigirma ikki sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘ttiz ikkinchi band. agar manfaatdor shaxs (tadbirkorlik subyekti) ushbu Kodeks yuz birinchi moddasining birinchi qismiga binoan soliq to‘lashni kechiktirish huquqi to‘g‘risidagi xabarnomani yer uchastkalari, binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran uch oy ichida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yer uchastkalari, binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tganligining qayd raqamini va sanasini ko‘rsatgan holda soliq organlariga yuborgan bo‘lsa;
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘ttiz uchinchi band. agar o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha jami daromadi o‘n milliard so‘mdan oshmagan shaxs soliq qarzi yuzaga kelgan sanadan e’tiboran bir oy ichida soliq organlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi to‘g‘risida xabarnoma yuborgan bo‘lsa. Mazkur tartib qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i to‘lovchilariga nisbatan qo‘llaniladi (ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz va undan ko‘proq bo‘lgan yuridik shaxslar, yer qa’ridan foydalanuvchilar va aksiz to‘lanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar bundan mustasno);
Izoh: sakkiz yuz o‘n ikki sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda.
To‘rtinchi band. jismoniy shaxsning mulkiy holati (qonunchilikka muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk hisobga olinmaganda) soliqni bir yo‘la to‘lash imkoniyatini istisno etishi;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Beshinchi band. manfaatdor shaxs tomonidan tovarlar yoki xizmatlarni ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish mavsumiy xususiyatga ega ekanligi;
Oltinchi band. O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlar olib o‘tilishi munosabati bilan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish uchun asoslar mavjud ekanligi;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yettinchi band. ushbu Kodeks to‘qson yettinchi moddasining o‘n uchinchi qismida nazarda tutilgan to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv tartib-taomili joriy etilgan bo‘lsa.
Izoh: to‘qqiz yuz o‘n bir sonli qonun, ikki ming yigirma to‘rt-yil tahririda.
Uchinchi qism. Ushbu modda ikkinchi qismining bir, uchinchi – oltinchi bandlarida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lganda, soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati quyidagilarga berilishi mumkin:
Birinchi band. yuridik shaxsga - uning sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan summaga;
Ikkinchi band. jismoniy shaxsga - uning mol-mulki qiymatidan oshmaydigan summaga, bundan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk mustasno.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘rtinchi qism. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqni hisobga olish joyidagi soliq organiga yozma, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuborib, soliq auditi natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini va moliyaviy sanksiyalarning tekshiruv materiallarini, shuningdek kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha qo‘shimcha hisoblangan soliqlar summalarini ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan soliq organi tomonidan qabul qilingan qaror kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida teng ulushlarda to‘lashga haqli. Bunda ushbu tartib sayyor soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha hisoblangan moliyaviy sanksiyalar summasini to‘lashga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
Beshinchi qism. Agar soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ushbu modda ikkinchi qismining bir yoki ikkinchi bandlarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha berilgan bo‘lsa, qarz summasiga foizlar hisoblanmaydi. Agar soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash ushbu modda ikkinchi qismining o‘ttiz uchinchi bandida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha taqdim etilgan va soliq qarzi bo‘yicha bo‘lib-bo‘lib to‘lash kalendar yil davomida bir marta foydalanilgan bo‘lsa, foizlar olti oy davomida ham hisoblanmaydi.
Izoh: sakkiz yuz o‘n ikki sonli qonun, ikki ming yigirma ikki-yil tahririda.
Oltinchi qism. Agar soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ushbu modda ikkinchi qismining uch, o‘ttiz bir, to‘rt, besh va oltinchi bandlarida va (yoki) to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra berilgan bo‘lsa, kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash davrida amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng stavkadan kelib chiqqan holda, ushbu modda ikkinchi qismining o‘ttiz ikkinchi bandi bo‘yicha soliqlarni to‘lash kechiktirilgan kundan e’tiboran qarz summasiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining ellik foizi miqdorida foizlar hisoblanadi. Ushbu moddaning ikkinchi qismi o‘ttiz ikkinchi bandida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra foizlar soliqlarni to‘lash kechiktirish bo‘yicha qarz summasiga nisbatan kechiktirish davrida amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining ellik foiziga teng stavkadan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Bunda, soliqlarni manfaatdor shaxs tomonidan to‘lashni kechiktirishning amal qilish muddati soliq organiga xabarnoma yuborilgan sanadan e’tiboran hisoblab chiqariladi, kechiktirilgan soliqlar summasi esa, muddati tugagan oyidan keyingi oyidan boshlab kechiktirish muddati tugaganidan so‘ng amal qilish muddati tugagan sanadan e’tiboran kechiktirilgan soliq summasi hisoblangan foizlar bilan birga teng ulushlarda o‘n ikki oy ichida to‘lanadi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yuz birinchi modda. Soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish tartibi.
Birinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi ariza manfaatdor shaxs tomonidan tegishli vakolatli organga beriladi. Tadbirkorlik subyektlari (bundan davlat ulushi ellik foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar, yer qa’ridan foydalanuvchilar va aksiz osti mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar mustasno) umumiy maydoni bir ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan yer uchastkalariga va (yoki) binolar hamda inshootlarga bo‘lgan mulkiy huquq olinganda ushbu Kodeks o‘n yettinchi moddasi birinchi qismining yetti va sakkizinchi bandlarida ko‘rsatilgan soliqlarni to‘lashni taqdim etilgan xabarnoma asosida xabardor qilgan holda va garov ta’minotisiz olti oy muddatga kechiktirish huquqiga ega. Bunda kechiktirilgan soliqlar summasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer uchastkalarining, binolarning va inshootlarning qiymatidan va (yoki) maydonlaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan soliqlar miqdorida belgilanadi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Manfaatdor shaxsning soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
Birinchi band. ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organining uning soliqlar, penyalar va jarimalar bo‘yicha hisob-kitoblari holati to‘g‘risidagi ma’lumotnomasi;
Ikkinchi band. ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organining mazkur shaxsga banklarda ochilgan barcha hisobvaraqlar ro‘yxati ko‘rsatilgan ma’lumotnomasi;
Uchinchi band. ushbu shaxsning banklardagi hisobvaraqlari bo‘yicha ko‘rsatilgan ariza berilishidan oldingi olti oy davomida har oylik pul mablag‘lari aylanishi to‘g‘risida, shuningdek uning haqi to‘lanmagan hisob-kitob hujjatlarining tegishli kartotekasiga joylashtirilgan hisob-kitob hujjatlari mavjudligi to‘g‘risida yoxud ushbu kartotekada ularning mavjud emasligi to‘g‘risida banklar ma’lumotnomalari;
To‘rtinchi band. ushbu shaxsning banklardagi barcha hisobvaraqlarida mavjud bo‘lgan pul mablag‘larining qoldiqlari to‘g‘risida banklar ma’lumotnomalari;
Beshinchi band. ushbu shaxsning soliqni to‘lash muddati o‘zgartirilgan davrda soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qaror qaysi shartlarga ko‘ra qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha shartlarga rioya etilishini nazarda tutuvchi majburiyati, shuningdek qarzdorlikni so‘ndirishning taxminiy grafigi;
Oltinchi band. soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirish asoslari mavjudligini tasdiqlovchi ushbu moddaning uchinchi - sakkizinchi qismlarida ko‘rsatilgan hujjatlar.
Uchinchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasining ikkinchi qismi birinchi bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasiga quyidagilar ilova qilinadi:
Birinchi band. ushbu shaxsga nisbatan uning ariza bilan murojaat etishi uchun asos bo‘lgan bartaraf etib bo‘lmaydigan holatlar vujudga kelganligi fakti to‘g‘risidagi xulosa;
Ikkinchi band. ko‘rsatilgan holatlar natijasida ushbu shaxsga yetkazilgan zararni baholash dalolatnomasi.
To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari yoki fuqaro muhofazasi, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan himoya qilish sohasidagi organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi organlari tomonidan tuziladi.
Izoh: bir ming yuz to‘qqiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda.
Beshinchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasining ikkinchi qismi ikkinchi bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasiga bunday asos mavjudligini va budjetdan (davlat maqsadli jamg‘armalaridan) moliyalashtirish hisobiga ushbu shaxsga kelib tushmagan summani yoki ushbu shaxs tomonidan bajarilgan davlat buyurtmasining, davlat ehtiyojlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining ehtiyojlari uchun bajarilgan ishlar va (yoki) ko‘rsatilgan xizmatlarning haqi to‘lanmaganligini tasdiqlovchi moliya organining hujjati ilova qilinadi.
Oltinchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasining ikkinchi qismi uchinchi bandida ko‘rsatilgan asos mavjudligi manfaatdor shaxsning moliyaviy holatini tahlil qilish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yoki u vakolat bergan soliq organi tomonidan aniqlanadi. Bunday tahlil O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan uslubiyatga muvofiq o‘tkaziladi.
Yettinchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasining ikkinchi qismi to‘rtinchi bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasiga jismoniy shaxsning ko‘char va ko‘chmas mulki (bundan qonunchilikka muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk mustasno) to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Sakkizinchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasining ikkinchi qismi beshinchi bandida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasiga ushbu shaxs tomonidan tuzilgan, mazkur shaxsning umumiy daromadlarida uning mavsumiy xususiyatga ega bo‘lgan faoliyatdan olingan daromadlarining ulushi kamida ellik foizni tashkil etishini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
To‘qqizinchi qism. Mavsumiy xususiyatga ega bo‘lgan tarmoqlar va faoliyat turlarining ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
O‘ninchi qism. Ushbu Kodeks yuzinchi moddasi ikkinchi qismining o‘ttiz birinchi bandida ko‘rsatilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, manfaatdor shaxsning arizasiga muvofiq soliqni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Bunda ushbu qismda nazarda tutilgan tartibda to‘lanadigan soliq summasi oxirgi uch yil davomida to‘langan soliqlar summasining ellik foizidan oshmasligi kerak.
Izoh: yetti yuz yigirma ikki sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
O‘n birinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi manfaatdor shaxsning arizasida ushbu shaxs mazkur bobga muvofiq qarz summasiga hisoblangan foizlarni to‘lash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
O‘n ikkinchi qism. Vakolatli organning talabiga ko‘ra, manfaatdor shaxs garov predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lgan mol-mulk to‘g‘risidagi hujjatlarni, kafillik xatini yoki bank kafolatini taqdim etadi.
O‘n uchinchi qism. Vakolatli organ manfaatdor shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha ushbu shaxs tomonidan qarz summasining to‘lanishini vaqtinchalik (ariza ko‘rib chiqiladigan davrda) to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bunday qarorning ko‘chirma nusxasi manfaatdor shaxs tomonidan o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda taqdim etiladi.
O‘n to‘rtinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish yoxud uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror vakolatli organ tomonidan manfaatdor shaxsning arizasi olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida qabul qilinadi.
O‘n beshinchi qism. Soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qarorda quyidagilar ko‘rsatilishi kerak:
Birinchi band. qarz summasi;
Ikkinchi band. kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilayotgan soliq;
Uchinchi band. qarz summasini va hisoblangan foizlarni to‘lash tartibi hamda muddatlari.
O‘n oltinchi qism. Tegishli hollarda soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qarorda garov predmeti bo‘lgan mol-mulk to‘g‘risidagi hujjatlar, kafillik xati yoki bank kafolati ko‘rsatilishi kerak.
O‘n yettinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qaror ushbu qarorda belgilangan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Bunda soliqni to‘lash uchun belgilangan kundan e’tiboran ushbu qaror kuchga kiradigan kunga qadar bo‘lgan butun vaqt uchun tegishli penyalar, agar to‘lovning ko‘rsatilgan muddati ushbu qaror kuchga kiradigan kundan oldin bo‘lsa, qarz summasiga kiritiladi.
O‘n sakkizinchi qism. Agar soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash mol-mulk garovi evaziga beriladigan bo‘lsa, uni berish to‘g‘risidagi qaror faqat ushbu Kodeksning yuz yettinchi moddasida nazarda tutilgan tartibda mol-mulk garovi to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgandan keyingina kuchga kiradi.
O‘n to‘qqizinchi qism. Soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror asoslantirilgan bo‘lishi kerak. Agar soliq to‘lovchi tomonidan yuborilgan xabarnoma ushbu Kodeks yuzinchi moddasi ikkinchi qismining o‘ttiz ikkinchi bandida nazarda tutilgan asoslarga muvofiq bo‘lmasa, soliq organi uch kundan kechiktirmay soliq to‘lovchiga soliqlarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish uchun asoslar mavjud emasligi to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yigirmanchi qism. Soliqlarni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ustidan manfaatdor shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yigirma birinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qarorning ko‘chirma nusxasi vakolatli organ tomonidan mazkur qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kunlik muddatda ushbu shaxs hisobda turgan joydagi soliq organiga yuboriladi.
Yuz ikkinchi modda. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishini tugatish.
Birinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishi tegishli qarorning amal qilish muddati o‘tganidan keyin tugatiladi yoxud ushbu moddada nazarda tutilgan hollarda bu muddat kelishidan oldin tugatilishi mumkin.
Ikkinchi qism. Soliqning to‘liq summasi va tegishli foizlarning summasi belgilangan muddat o‘tgunga qadar to‘langan taqdirda soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishi muddatidan oldin tugatiladi.
Uchinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash shartlari manfaatdor shaxs tomonidan buzilgan taqdirda, uning amal qilishi soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatni bajarish muddatini tegishli o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan vakolatli organning qarori bilan muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Yer uchastkalar, binolar va inshootlar soliq to‘lovlarini to‘lashni kechiktirish muddati davrida realizatsiya qilingan yoki ijaraga berilgan taqdirda, ushbu Kodeks yuzinchi moddasi ikkinchi qismining o‘ttiz ikkinchi bandida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra kechiktirish summasi bir oy ichida to‘liq miqdorda undiriladi.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishi muddatidan oldin tugatilganda manfaatdor shaxs tegishli qarorni olganidan keyin bir oy ichida soliq qarzining to‘lanmagan summasini, shuningdek soliqni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan keyingi kundan boshlab ushbu summa to‘langan kungacha bo‘lgan har bir kalendar kun uchun penya to‘lashi kerak. Bunda soliq qarzining qoplanmasdan qolgan summasi kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan soliq qarzi summasi to‘lashni kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) amal qilgan davrda kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) haqidagi qarorga muvofiq hisoblangan foizlar summasiga oshirilgan summa bilan haqiqatda to‘langan summalar hamda foizlar o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Beshinchi qism. Soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarnoma ushbu qarorni qabul qilgan vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan e’tiboran besh kun ichida ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda manfaatdor shaxsga yuboriladi. Bunday qarorning ko‘chirma nusxasi ayni shu muddatda manfaatdor shaxs hisobda turgan joydagi soliq organiga yuboriladi.
Oltinchi qism. Vakolatli organning soliqni to‘lash bo‘yicha kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning amal qilishini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risidagi qarori ustidan manfaatdor shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yettinchi qism. Ushbu bobda nazarda tutilgan va manfaatdor shaxs tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan foizlar ularni to‘lash muddati buzilgan taqdirda hamda ularni to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani bajarish muddati o‘tganidan keyin ushbu Kodeksning o‘n beshinchi bobida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda undiriladi.
