Soliq hisobi va soliq hisobotlari

II BO‘LIM · 2 bob · 206 test · 9 tuzilish testi

8-bob · 81–84 moddalar

Soliq hisoboti

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Sakkizinchi bob. Soliq hisoboti. Sakson birinchi modda. Soliq hisobotini shakllantirish va tuzish. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Birinchi qism. Soliq to‘lovchining har bir soliq turi yoki to‘langan daromadlar bo‘yicha hisob-kitoblarni va soliq deklaratsiyalarini, shuningdek hisob-kitoblarga hamda soliq deklaratsiyalariga doir ilovalarni o‘z ichiga oladigan, soliq to‘lovchilarning va soliq agentlarining soliq majburiyatlarini aniqlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan hujjatlari soliq hisobotidir. Ikkinchi qism. Soliq hisoboti O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan shakllarda tuziladi. Uchinchi qism. Soliq hisoboti soliq organlariga shaxs faqat soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladigan soliqlar bo‘yicha taqdim etiladi. To‘rtinchi qism. Soliq hisobotida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun javobgarlik soliq to‘lovchining yoki soliq agentining zimmasiga yuklanadi. Beshinchi qism. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i, ijtimoiy soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq hisobotlari soliq organlarining axborot tizimida mavjud bo‘lgan hamda soliq to‘lovchi (soliq agenti) tomonidan shaxsiy kabinetdagi interaktiv xizmatga kiritilgan ma’lumotlar asosida soliq organlari tomonidan elektron shaklda shakllantiriladi. Oltinchi qism. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan hisobot ma’lumotlari soliq to‘lovchining (soliq agentining) hisob hujjatlaridan farq qilganda, soliq to‘lovchi (soliq agenti) mazkur hisobotga besh kun ichida, biroq tegishli hisobotni taqdim etish muddatidan kechiktirmasdan tuzatish kiritadi va uni taqdim etadi. Yettinchi qism. Soliq organlari tomonidan shakllantirilgan soliq hisobotiga ushbu moddaning oltinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda tuzatishlar kiritilmaganligi soliq to‘lovchining (soliq agentining) soliq organlari tomonidan shakllantirilgan hisobotga rozi ekanligini bildiradi va soliq organlari tomonidan shakllantirilgan holda taqdim etilgan deb hisoblanadi. Sakkizinchi qism. Soliq organlari tomonidan shakllantiriladigan hisobotni tuzish, unga tuzatish kiritish va uni taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Izoh: bir ming yuz sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Sakson ikkinchi modda. Soliq hisobotini taqdim etish tartibi. Birinchi qism. Soliq hisoboti soliq to‘lovchi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shaklda qog‘oz yoki elektron shaklda ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar bilan birga taqdim etiladi. Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi ushbu Kodeksga muvofiq soliq hisobotiga ilova qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlarni elektron shaklda taqdim etishga haqli. Uchinchi qism. Yuridik shaxs bo‘lgan soliq to‘lovchilar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq hisobotini o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organiga belgilangan shakllar bo‘yicha elektron hujjat tarzida taqdim etadi. To‘rtinchi qism. Yirik soliq to‘lovchilar, joylashgan yeridan qat’i nazar, soliq hisobotini Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasiga taqdim etadi. Beshinchi qism. Ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlari qoidalari davlat sirlari jumlasiga kiritilgan axborotni taqdim etishga nisbatan qo‘llanilmaydi. Oltinchi qism. Soliq hisoboti blankalari soliq organlari tomonidan bepul taqdim etiladi. Yettinchi qism. Soliq hisoboti ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda soliq to‘lovchi tomonidan soliq organiga shaxsan yoki vakil orqali taqdim etilishi yoxud pochta jo‘natmasi tarzida joylanmalar ro‘yxati bilan yuborilishi mumkin. Sakkizinchi qism. Soliq maslahatchilari tashkiloti soliq hisobotini soliq to‘lovchi nomidan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron hujjat tarzida taqdim etishga haqli. To‘qqizinchi qism. Soliq organi soliq to‘lovchi tomonidan belgilangan shaklda taqdim etilgan soliq hisobotini qabul qilishni rad etishga haqli emas. O‘ninchi qism. Soliq hisoboti qog‘ozda olingan taqdirda, soliq organi soliq to‘lovchining iltimosiga ko‘ra, soliq hisobotining ko‘chirma nusxasiga uning qabul qilib olingani to‘g‘risida belgi qo‘yishi va u olingan sanani ko‘rsatishi shart. O‘n birinchi qism. Soliq hisoboti, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatilgan holda taqdim etiladi. O‘n ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi va uning vakolatli vakili soliq hisobotida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligini tasdiqlab, unga imzo qo‘yadi. O‘n uchinchi qism. Agar soliq hisobotida ko‘rsatilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi va to‘liqligini soliq to‘lovchining vakolatli vakili tasdiqlasa, soliq hisobotida bu haqda tegishli belgi qo‘yiladi. Bunda soliq hisobotiga ushbu vakilning uni imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi. O‘n to‘rtinchi qism. Soliq hisoboti elektron shaklda taqdim etilganda vakilning uni imzolashga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron shaklda taqdim etilishi mumkin. O‘n beshinchi qism. Soliq hisoboti soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlarda taqdim etiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘n oltinchi qism. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar ushbu Kodeksning Maxsus qismiga muvofiq soliq hisobotini taqdim etish majburiyati zimmasiga yuklatilgan soliq agentlariga va boshqa shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi. Sakson uchinchi modda. Soliq hisobotiga o‘zgartirishlar kiritish. Birinchi qism. O‘zi ilgari taqdim etgan soliq hisobotida hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (o‘zgarishiga) olib kelgan noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni va (yoki) xatolarni aniqlagan soliq to‘lovchi ushbu soliq hisobotiga zarur tuzatishlarni kiritishi va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi shart. Ikkinchi qism. Soliq imtiyozlaridan foydalanilganidan keyin jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliq bo‘yicha hisoblangan soliq summasining kamayishiga olib keladigan aniqlashtirilgan soliq hisobotlari ularning asosliligi soliq organlari tomonidan o‘rganib chiqilganidan keyin qabul qilinadi. Izoh: bir ming yuz to‘rt sonli qonun, ikki ming yigirma besh-yil tahririda. Uchinchi qism. Agar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar hisoblab chiqarilgan soliq summasining kamayishiga olib kelmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi o‘zi ilgari taqdim etgan soliq hisobotiga zarur tuzatishlar kiritishga va soliq organiga aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishga haqli. Bunda soliq hisobotini taqdim etishning belgilangan muddati o‘tgandan keyin taqdim etilgan aniqlashtirilgan soliq hisoboti muddat buzilgan holda taqdim etilgan deb hisoblanmaydi. To‘rtinchi qism. Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga soliq hisobotini taqdim etish muddati o‘tgunga qadar taqdim etilgan bo‘lsa, soliq hisoboti aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgan kun taqdim etilgan deb hisoblanadi. Beshinchi qism. Agar aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga soliqni to‘lash muddati o‘tgandan keyin taqdim etilgan bo‘lsa, soliq to‘lovchi bir paytning o‘zida quyidagi shartlarga rioya etgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi: Birinchi band. aniqlashtirilgan soliq hisoboti u hisoblab chiqarilgan soliq summasi kamayishiga (o‘zgarishiga) olib kelgan holatlar soliq organi tomonidan aniqlanganligini yoki soliq auditi tayinlanganligini bilgan paytga qadar taqdim etilgan bo‘lsa; Ikkinchi band. aniqlashtirilgan soliq hisoboti taqdim etilgunga qadar u yetishmayotgan soliq summasini va unga tegishli penyalarni to‘lagan bo‘lsa. Oltinchi qism. Aniqlashtirilgan soliq hisoboti soliq organiga, ushbu moddada nazarda tutilgan o‘ziga xos xususiyatlarni inobatga olgan holda, soliq hisobotini topshirish uchun belgilangan tartibda taqdim etiladi. Yettinchi qism. Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar soliq agentlari tomonidan taqdim etiladigan aniqlashtirilgan soliq hisobotiga nisbatan ham qo‘llaniladi. Sakson to‘rtinchi modda. Soliq hisobotini saqlash muddati. Birinchi qism. Soliq to‘lovchilar va soliq agentlari soliq organlariga soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ushbu hisobot taqdim etilgan yildan keyin kamida uch yil saqlashi shart. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda. Ikkinchi qism. Agar soliq to‘g‘risidagi qonunchilik soliq stavkasini qo‘llashni, to‘lanadigan soliq miqdorini, soliq imtiyozini yoki soliq chegirmasini qo‘llashni va (yoki) soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirishni soliq to‘lovchining muayyan shartlarga rioya etishi bilan bog‘lasa, ushbu soliq to‘lovchi barcha tasdiqlovchi hujjatlarni mazkur shartlarning amal qilishi tugaydigan yildan keyin kamida uch yil saqlashi kerak. Bunday tasdiqlovchi hujjatlar jumlasiga, xususan, ushbu soliq bo‘yicha soliq hisoboti, unga ilova qilinadigan hujjatlar, shuningdek ko‘rsatilgan shartlarga yoki majburiyatlarga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar kiradi. Ushbu qismning qoidalari, agar ko‘rsatilgan shartlar yoki majburiyatlar vaqtinchalik tusga ega bo‘lsa va ularga rioya etilishini hujjatlar bilan tasdiqlashni talab qilsa, qo‘llaniladi. Izoh: sakkiz yuz to‘qson bir sonli qonun, ikki ming yigirma uch-yil tahririda.
Savol berish