Soliq hisobi va soliq hisobotlari
II BO‘LIM · 2 bob · 206 test · 9 tuzilish testi
Soliq hisobi
Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗
Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.
To‘liq matn
Yettinchi bob. Soliq hisobi.
Yetmish oltinchi modda. Soliq solish maqsadlarida hisobga olish va hisob hujjatlari.
Birinchi qism. Soliq solish obyektlari va (yoki) soliq solish bilan bog‘liq obyektlar to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish hamda tizimlashtirish, shuningdek soliqlarni, yig‘imlarni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini tuzish maqsadida ushbu Kodeks talablariga muvofiq soliq to‘lovchi yoki soliq agenti tomonidan hisob hujjatlarini yuritish soliq solish maqsadlarida hisobga olish deb e’tirof etiladi.
Ikkinchi qism. Hisob hujjatlari soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarni aniqlash, shuningdek soliqlar va yig‘imlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo‘lgan boshlang‘ich hujjatlar, buxgalteriya hisobi registrlari hamda boshqa hujjatlardan iboratdir.
Uchinchi qism. Agar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, soliq solish maqsadlarida hisobga olish buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga asoslanadi. Buxgalteriya hisobi va hisob hujjatlarini yuritish tartibi buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
To‘rtinchi qism. Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq zimmasiga buxgalteriya hisobini yuritish majburiyati yuklatilmagan shaxslar soliq solish maqsadlarida hisobga olishni ushbu bobga muvofiq tashkil etadi va yuritadi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Beshinchi qism. Soliq solish maqsadlarida hisobga olishga nisbatan soliq organlarining axborot tizimlaridan majburiy foydalanishga doir talablar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan tartibda belgilanishi mumkin.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yetmish yettinchi modda. Soliq solish maqsadlarida hisob siyosati.
Birinchi qism. Soliq solish maqsadlaridagi hisob siyosati soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Bunda hisob siyosati ixtiyoriy shaklda tasdiqlanadi va unda quyidagilar aks ettirilishi kerak:
Birinchi band. agar soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi yoki soliq agenti tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqilgan soliq registrlarining shakli va ularni tuzish tartibi;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi band. unga rioya etilishi ustidan mas’ul mansabdor shaxslar;
Uchinchi band. soliq solish maqsadlarida alohida-alohida hisob yuritish tartibi, agar bunday hisob yuritish majburiyati ushbu Kodeksda nazarda tutilgan bo‘lsa;
To‘rtinchi band. soliq to‘lovchi tomonidan foyda solig‘ini hisoblab chiqarish maqsadida sarflarni xarajatlar sirasiga kiritish, shuningdek qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishning tanlangan usullari;
Beshinchi band. xedjirlanadigan tavakkalchiliklarni, xedjirlanadigan moddalarni va ularga nisbatan qo‘llaniladigan xedjirlash vositalarini aniqlash siyosati, xedjirlash operatsiyalari, shuningdek boshqa moliyaviy tavakkalchiliklar amalga oshirilgan taqdirda xedjirlash samaradorligi darajasini baholash uslubiyati;
Oltinchi band. aktivlarning har bir guruhi va kichik guruhi bo‘yicha amortizatsiya normalari (hisoblash usullari);
Yettinchi band. buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq islomiy moliya faoliyatidan va islomiy qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlarning alohida hisobini yuritish tartibi.
Izoh: bir ming yuz yigirma olti sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda.
Ikkinchi qism. Soliq solish maqsadlarida hisob siyosatini o‘zgartirish va (yoki) unga qo‘shimchalar kiritish soliq to‘lovchi tomonidan quyidagi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi:
Birinchi band. buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilgan yangi hisob siyosatini yoki uning yangi bo‘limini tasdiqlash;
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Ikkinchi band. buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishlab chiqilgan amaldagi hisob siyosatiga yoki amaldagi hisob siyosatining bo‘limiga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Uchinchi qism. Hisob siyosatini shakllantirishda soliq to‘lovchi tomonidan soliq solish maqsadlarida tanlangan hisob yuritish usullari tegishli hisob siyosati tasdiqlangan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran qo‘llaniladi.
To‘rtinchi qism. Yangi tashkil etilgan yuridik shaxs yoki chet el yuridik shaxsining doimiy muassasasi soliq solish maqsadlarida hisob yuritish usullari to‘g‘risidagi qarorni o‘zi tashkil etilgandan keyingi birinchi hisobot davri davomida qabul qiladi.
Beshinchi qism. Soliq solish maqsadlaridagi hisob siyosati kalendar yil davomida o‘zgartirilmaydi. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka yoxud soliq solish shartlariga o‘zgartirish kiritilganda va faqat ushbu o‘zgartirishlar taalluqli bo‘lgan qismida soliq to‘lovchining hisob siyosatida o‘zgartirishlar qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yetmish sakkizinchi modda. Soliq solish maqsadlarida hisobni yuritish.
Birinchi qism. Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchi yoki soliq agenti soliq solish maqsadlarida hisobni hisoblash usuli bo‘yicha milliy valyutada yuritadi.
Ikkinchi qism. Foydali qazilmalarni qazib olish uchun maxsus renta solig‘ini to‘lovchi bo‘lgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar soliq hisobini soliq solish maqsadida hisoblash usuli bo‘yicha AQSH dollarida yuritishga haqli.
Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Yetmish to‘qqizinchi modda. Hisob hujjatlarini tuzish va saqlashga doir talablar.
Birinchi qism. Hisob hujjatlari qog‘ozda va (yoki) elektron shakllarda tuziladi hamda ushbu Kodeksning sakson sakkizinchi moddasida belgilangan soliq majburiyati bo‘yicha da’vo muddati tugagunga qadar saqlanadi.
Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi qayta tashkil etilganda qayta tashkil etilgan shaxsning hisob hujjatlarini saqlash majburiyati uning huquqiy vorisiga (huquqiy vorislariga) yuklatiladi.
Uchinchi qism. Yuridik shaxs tugatilganda hisob hujjatlari tegishli davlat arxiviga qonunchilikda belgilangan tartibda topshiriladi.
Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda.
Saksoninchi modda. Alohida-alohida hisob va uni yuritish qoidalari.
Birinchi qism. Ushbu Kodeksda soliq solishning turlicha tartibi nazarda tutilgan faoliyat turlarini bir vaqtda amalga oshirayotgan soliq to‘lovchilar soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarning alohida-alohida hisobini yuritishi shart.
Ikkinchi qism. Soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarning alohida-alohida hisobi soliq to‘lovchilar tomonidan buxgalteriya hisobi ma’lumotlari asosida yuritiladi.
Uchinchi qism. Faoliyatning muayyan turiga taalluqli barcha daromadlar va xarajatlar tegishli hisob hujjatlari bilan tasdiqlanishi kerak.
To‘rtinchi qism. Soliq solish obyektlarining va soliq solish bilan bog‘liq obyektlarning alohida-alohida hisobi mutanosib usul yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobga olish usuli yordamida yuritilishi mumkin.
Beshinchi qism. Hisobga olishning mutanosib usulida daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bog‘liq obyektlar realizatsiya qilishdan olingan tushumning umumiy summasida faoliyatning muayyan turlari bo‘yicha, qo‘shilgan qiymat solig‘i va aksiz solig‘ini hisobga olmagan holda realizatsiya qilishdan olingan tushum ulushiga mutanosib tarzda shu muayyan faoliyat turlariga kiritiladi.
Oltinchi qism. To‘g‘ridan-to‘g‘ri hisobga olish usuli qo‘llanilganda daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bog‘liq obyektlar faoliyatning qaysi turi amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lsa, shu turiga kiritiladi. Bunda faoliyatning faqat bitta aniq turiga kiritish mumkin bo‘lmagan daromadlar, xarajatlar va soliq solishning boshqa obyektlari yoki soliq solish bilan bog‘liq obyektlar hisobga olishning mutanosib usuli orqali faoliyatning amalga oshirilayotgan barcha turlariga kiritiladi.
Yettinchi qism. Maqsadli mablag‘lar oluvchi soliq to‘lovchilar ushbu maqsadli mablag‘lardan foydalanish doirasida olingan daromadlarning (qilingan xarajatlarning) alohida-alohida hisobini yuritishi shart.
Sakkizinchi qism. Soliq to‘lovchilar, bundan budjet tashkilotlari mustasno, soliq davri tugaganidan keyin o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organlariga olingan maqsadli mablag‘lardan foydalanganlik to‘g‘risida hisobot taqdim etadi. Olingan maqsadli mablag‘lardan foydalanganlik to‘g‘risidagi hisobotning shakli va uni taqdim etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
