Umumiy qoidalar

I BO‘LIM · 6 bob · 2 401 test · 75 tuzilish testi

1-bob · 1–15 moddalar

Asosiy qoidalar

Rasmiy matnni lex.uz da o‘qish ↗

Bu bobning audio darslari hali tayyor emas.

To‘liq matn

Birinchi bob. Asosiy qoidalar. Birinchi modda. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadigan munosabatlar. Birinchi qism. Ushbu Kodeks soliqlar va yig‘imlarni belgilash, joriy etish va bekor qilishga, hisoblab chiqarish hamda to‘lashga doir munosabatlarni, shuningdek soliq majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi. Ikkinchi modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik. Birinchi qism. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan va qabul qilinishi ushbu Kodeksda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan iborat. Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim o‘rnatilgan hududda soliq bilan bog‘liq muayyan munosabatlar ushbu Kodeksda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinishi hamda tegishli vakolatli organning qarori bilan ushbu Kodeksning ayrim qoidalarini qo‘llash bo‘yicha alohida tartib belgilanishi mumkin. Izoh: bir ming yuz ellik sakkiz sonli qonun, ikki ming yigirma olti-yil tahririda. Uchinchi qism. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining soliq to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uchinchi modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni yoki ularning qismlarini ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topish. Birinchi qism. Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi, agar mazkur hujjatga nisbatan quyidagi shartlardan hech bo‘lmaganda bittasi bajarilsa, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topiladi: Birinchi band. ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega bo‘lmagan organ tomonidan qabul qilingan bo‘lsa yoxud normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan bo‘lsa; Ikkinchi band. soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa; Uchinchi band. soliq munosabatlari subyektlari harakatlarining ushbu Kodeksda belgilangan asoslarini, shartlarini, ketma-ketligini yoki tartibini o‘zgartirsa; To‘rtinchi band. ushbu Kodeksda taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yo‘l qo‘ysa; Beshinchi band. ushbu Kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid bo‘lsa. Ikkinchi qism. Ushbu Kodeksga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari bu hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur o‘zgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq bo‘lmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur o‘zgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, u sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Uchinchi qism. Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi ular qabul qilingan sanadan e’tiboran ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi. To‘rtinchi modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning vaqt bo‘yicha amal qilishi. Birinchi qism. Soliq solish, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq majburiyatlari yuzaga kelgan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. Agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi. Uchinchi qism. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikni bekor qiladigan yoki yengillashtiradigan soliq to‘g‘risidagi qonunchiliklar orqaga qaytish kuchiga ega. To‘rtinchi qism. Soliqlar va yig‘imlarni bekor qilishni, soliqlar va yig‘imlar stavkalarini kamaytirishni, soliq to‘lovchilarning majburiyatlarini bekor qilishni yoki ularning ahvolini boshqacha tarzda yengillashtirishni nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar bu soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lsa, orqaga qaytish kuchiga ega bo‘lishi mumkin, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno. Beshinchi qism. Yangi soliqlar va yig‘imlar belgilanishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kamida uch oy o‘tgach amalga kiritiladi. Soliq imtiyozlarini bekor qilishni, yangi majburiyatlarni joriy etishni, soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni yoki soliq munosabatlari subyektlarining holatini boshqacha tarzda og‘irlashtirishni nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ham xuddi shunday tartibda amalga kiritiladi. Oltinchi qism. Soliqlar va yig‘imlar stavkalarining o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar ularda kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, ular rasman e’lon qilingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan e’tiboran amalga kiritiladi. Yettinchi qism. Ushbu moddaning beshinchi va oltinchi qismlarida ko‘rsatilmagan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar hujjatlarning o‘zida kechroq muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Beshinchi modda. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlarni hisoblash tartibi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Birinchi qism. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatlar, ro‘y berishi kerak bo‘lgan voqea yoki sodir qilinishi kerak bo‘lgan harakatni ko‘rsatgan holda kalendar sana bilan yoki vaqtning yillar, choraklar, oylar yoki kunlar bilan hisoblanadigan o‘tish davri bilan aniqlanadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Kalendar sanadan yoki ro‘y berishi kerak bo‘lgan voqeadan keyingi kun soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan muddatni hisoblash boshlanadigan kun deb hisoblanadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Uchinchi qism. Yillar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi yilining tegishli oyi va kunida tugaydi. Bunda ketma-ket keladigan o‘n ikki oydan iborat har qanday vaqt davri yil deb e’tirof etiladi, bundan kalendar yil mustasno. To‘rtinchi qism. Choraklar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli kunida tugaydi. Bunda chorak uch kalendar oyga teng deb hisoblanadi, choraklar hisobi esa kalendar yil boshidan yuritiladi. Beshinchi qism. Oylar bilan hisoblanadigan muddat muddatning oxirgi oyining tegishli sanasida tugaydi. Oltinchi qism. Agar muddatning tamom bo‘lishi tegishli sana mavjud bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, muddat mazkur oyning oxirgi kunida tugaydi. Yettinchi qism. Kunlar bilan hisoblanadigan muddat, agar bu muddat kalendar kunlar bilan belgilanmagan bo‘lsa, ish kunlari bilan hisoblanadi. Bunda qonunchilikka muvofiq dam olish va (yoki) ish kuni bo‘lmagan bayram kuni deb e’tirof etilmaydigan kun ish kuni deb hisoblanadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Sakkizinchi qism. Agar muddatning oxirgi kuni qonunchilikka muvofiq dam olish va (yoki) ish kuni bo‘lmagan kun deb e’tirof etiladigan kunga to‘g‘ri kelsa, dam olish kunidan va (yoki) ish kuni bo‘lmagan kundan keyingi ish kuni muddatning tamom bo‘lish kuni deb hisoblanadi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. To‘qqizinchi qism. Amalga oshirilishi uchun muddat belgilangan harakat muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rt ga qadar bajarilishi mumkin. O‘ninchi qism. Agar hujjatlar yoxud pul mablag‘lari aloqa tashkilotiga muddatning oxirgi kuni soat yigirma to‘rt ga qadar topshirilgan bo‘lsa, muddat o‘tkazib yuborilmagan deb hisoblanadi. Oltinchi modda. O‘zbekiston Respublikasining soliq solishga oid xalqaro shartnomalarining qo‘llanilishi. Birinchi qism. O‘zbekiston Respublikasining soliq solish masalalariga oid xalqaro shartnomalarini va xalqaro soliq huquqining umumiy normalarini qo‘llash ushbu moddada belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasi tomonlardan biri bo‘lgan, ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish va soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashni bartaraf etish masalalarini tartibga soladigan xalqaro shartnoma qoidalari shunday shartnomani tuzgan bir yoki ikkala davlatning soliq rezidentlariga nisbatan qo‘llaniladi. Uchinchi qism. Ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi tuzilgan davlatning soliq rezidentiga nisbatan, agar soliq rezidenti ushbu xalqaro shartnoma qoidalaridan mazkur xalqaro shartnoma tuzilgan davlatning soliq rezidenti bo‘lmagan boshqa shaxs manfaatlarini ko‘zlab foydalansa, tatbiq etilmaydi. To‘rtinchi qism. Ushbu moddaning beshinchi - o‘n ikkinchi qismlari qoidalari O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasiga muvofiq to‘lov manbaidan daromad olish uchun haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxsni aniqlash uchun qo‘llaniladi. Beshinchi qism. Yuridik shaxs tomonidan to‘lanadigan daromadlardan mustaqil ravishda foydalanish va (yoki) ularni tasarruf etish huquqiga ega bo‘lgan shaxs yoxud uning manfaatlarini ko‘zlab bunday daromadlarni tasarruf etishga vakolatli bo‘lgan o‘zga shaxs ushbu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs deb topiladi. Bunda bu huquq ushbu yuridik shaxsda bevosita va (yoki) bilvosita ishtirok etish yoki uning ustidan nazorat bo‘lganligi yoxud boshqa holatlar tufayli yuzaga kelganligi ahamiyatga ega emas. Oltinchi qism. Yuridik shaxs tashkil etmagan tuzilmaning daromadlariga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs xuddi shunday tartibda aniqlanadi. Yettinchi qism. Daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxsni aniqlashda ushbu moddaning beshinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan bajariladigan vazifalar, shuningdek ular qabul qiladigan tavakkalchiliklar inobatga olinadi. Sakkizinchi qism. Agar O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan daromadlarni tasarruf etishga nisbatan chet ellik shaxs cheklangan vakolatlarga ega bo‘lsa, hech qanday boshqa vazifalarni bajarmasa va hech qanday tavakkalchilikni o‘z zimmasiga olmasa, bunday daromadlarni bevosita yoki bilvosita boshqa shaxsga to‘lagan (to‘liq yoki qisman) holda, ushbu boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab mazkur daromadlarga nisbatan vositachilik vazifalarini amalga oshirsa, bu chet ellik shaxs O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan olinadigan daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega deb e’tirof etilmaydi. To‘qqizinchi qism. O‘zbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlarni bunday daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan chet ellik shaxsga to‘lash chog‘ida, agar to‘lov manbaiga bunday daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega shaxs ma’lum bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadga soliq solish quyidagi tartibda amalga oshiriladi: Birinchi band. agar to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidenti bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadga (uning bir qismiga) soliq solishi, O‘zbekiston Respublikasining soliq rezidentlariga nisbatan ushbu Kodeks qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) taalluqli soliq, agar to‘lov manbai o‘zi hisobga olingan joydagi soliq organini xabardor qilgan bo‘lsa, to‘lov manbai tomonidan ushlab qolinmaydi. Bunday xabardor qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi; Izoh: yetti yuz qirq bir sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi band. agar to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnoma mavjud bo‘lgan davlatning (hududning) soliq rezidenti bo‘lsa, to‘lanayotgan daromadlarga (ularning bir qismiga) soliq solishga nisbatan mazkur xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi. O‘ninchi qism. Ko‘rsatilgan qoidalar, basharti daromadlar to‘lanadigan va bu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan shaxsning doimiy turgan joyi soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnomaga ega bo‘lgan davlat (hudud) bo‘lsa, qo‘llaniladi. O‘n birinchi qism. Agar daromadlar to‘lanadigan va bu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan shaxsning doimiy turgan joyi soliq solish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bilan amaldagi xalqaro shartnomaga ega bo‘lmagan davlat (hudud) bo‘lsa, soliq to‘lov manbaida mazkur Kodeks bilan belgilangan soliq stavkalari bo‘yicha ushlab qolinadi. Agar bunday daromadlar ushbu daromadlarga nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lmagan va bu daromadlarga (ularning bir qismiga) nisbatan haqiqiy huquqqa ega bo‘lgan shaxs qaysi davlat (hudud) rezidenti ekanligi o‘ziga ma’lum bo‘lmagan shaxsga to‘lansa, to‘lov manbaidagi soliq ham soliq stavkalari bo‘yicha ushlab qolinadi. O‘n ikkinchi qism. Xalqaro shartnomada O‘zbekiston Respublikasi tomonidan belgilangan vakolatli organ O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalariga muvofiq chet davlatning vakolatli organidan chet davlat soliq to‘lovchisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasida bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarishiga ko‘maklashish to‘g‘risida so‘rashga haqli. Yettinchi modda. Soliq solish prinsiplari. Birinchi qism. Soliq solish majburiylik, aniqlik va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi, adolatlilik, soliq tizimining yagonaligi, oshkoralik va soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsiplariga asoslanadi. Sakkizinchi modda. Majburiylik prinsipi. Birinchi qism. Har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va unda nazarda tutilgan yig‘imlarni to‘lashi shart. Ikkinchi qism. Hech kimga soliqlar va yig‘imlarning barcha alomatlariga ega bo‘lgan, biroq ushbu Kodeksda nazarda tutilmagan yoxud uning normalari buzilgan holda belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyati yuklatilishi mumkin emas. To‘qqizinchi modda. Soliq solishning aniqligi va soliq organlarining soliq to‘lovchilar bilan hamkorligi prinsipi. Birinchi qism. Soliqlarni va yig‘imlarni belgilovchi soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, soliq to‘lovchilarni hamda ushbu soliqlarning va yig‘imlarning boshqa barcha elementlarini, shu jumladan ularni to‘lash muddatlari va tartibini aniqlab berishi kerak. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to‘lovchilar bilan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikni to‘g‘ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart. Bunda soliq organlari soliq to‘lovchilarning qonuniy faoliyatiga asossiz to‘siqlar yaratishga haqli emas, soliq to‘lovchilar esa soliq organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratishi kerak. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘ninchi modda. Adolatlilik prinsipi. Birinchi qism. Soliqlar va yig‘imlar kamsitish xususiyatiga ega bo‘lishi hamda ijtimoiy, irqiy, milliy, diniy va boshqa shu kabi mezonlardan kelib chiqqan holda qo‘llanilishi mumkin emas. Ikkinchi qism. Mulkning shakliga, jismoniy shaxslarning fuqaroligiga yoki kapitalning kelib chiqish mamlakatiga qarab farqlangan soliq stavkalarini, soliq imtiyozlarini yoki boshqa afzalliklarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. Uchinchi qism. Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘n birinchi modda. Soliq tizimining yagonaligi prinsipi. Birinchi qism. Soliq tizimi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagonadir. Ikkinchi qism. O‘zbekiston Respublikasining yagona iqtisodiy makonini buzuvchi, xususan, O‘zbekiston Respublikasining hududi doirasida tovarlarning (xizmatlarning) yoki moliyaviy mablag‘larning erkin muomalada bo‘lishini bevosita yoki bilvosita cheklab qo‘yadigan soliqlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘n ikkinchi modda. Oshkoralik prinsipi. Birinchi qism. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari rasman e’lon qilinishi shart. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. Ikkinchi qism. Rasman e’lon qilinmagan soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari kuchga kiritilmagan hujjat sifatida huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘n uchinchi modda. Soliq to‘lovchining haqligi prezumpsiyasi prinsipi. Birinchi qism. Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlaridagi barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan qarama-qarshiliklar va noaniqliklar soliq to‘lovchining foydasiga talqin etiladi. Izoh: olti yuz sakson uch sonli qonun, ikki ming yigirma bir-yil tahririda. O‘n to‘rtinchi modda. Bitimlarning iqtisodiy mazmuni va ularni yuridik jihatdan rasmiylashtirish. Birinchi qism. Soliq solish maqsadida barcha bitimlar va soliq to‘lovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan yoki shartnomaning nomlanishidan qat’i nazar, o‘zining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi kerak. Ikkinchi qism. Agar bitimning yoki iqtisodiy munosabatlarning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi ularning haqiqatdagi iqtisodiy mazmuniga muvofiq bo‘lmasa, soliq organlari soliq solish maqsadida bitimning yuridik tavsiflanishini, soliq to‘lovchining maqomini va (yoki) uning iqtisodiy faoliyati xususiyatini o‘zgartirishga haqli. Uchinchi qism. Qalbaki (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan) bitimlar soliq solish maqsadida hisobga olinmaydi. Agar bunday bitimlar boshqa bitimlarni niqoblasa, soliqlarni hisoblash uchun haqiqiy bitimlarning iqtisodiy mazmuni va natijalari hisobga olinadi. To‘rtinchi qism. Agar bitimlarning yoki boshqa iqtisodiy munosabatlarning barcha ishtirokchilari o‘zlari tuzgan bitimlarning barcha shartlari va talablarini bajarayotgan bo‘lsa, soliqqa oid bo‘lmagan munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan qoidalarning ayrim buzilishlari soliq to‘lovchi tomonidan olingan daromadlarni yoki ularning qilgan xarajatlarini (ko‘rgan zararlarini) soliq solish maqsadida e’tirof etishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Beshinchi qism. Agar soliq to‘lovchi yagona yoki ustuvor maqsadi soliq to‘lamaslik tarzidagi asossiz soliq nafi olishdan yoxud o‘zi to‘laydigan soliqlarning summasini kamaytirishdan iborat bo‘lgan operatsiyalarni yoki operatsiyalar ketma-ketligini amalga oshirsa, uning bunday harakatlari ushbu Kodeks maqsadlarida huquqni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi. Oltinchi qism. Soliqlarning summalarini kamaytirishga oid sxema ham huquqni suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi, bunda ushbu kamaytirish bevosita yoki bilvosita maqsad yoxud oqibat bo‘ladi yoki maqsadlardan yoxud oqibatlardan biri bo‘ladi hamda bu maqsad yoki oqibat ikkinchi darajali bo‘lmaydi. Soliqlarning summalarini kamaytirish soliq solish qamrovini bevosita yoki bilvosita o‘zgartirishni, soliq imtiyozlaridan foydalanishni yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summalarini boshqacha tarzda kamaytirishni o‘z ichiga oladi. Yettinchi qism. Huquq suiiste’mol qilingan hollarda, soliq organlari soliq to‘lovchi to‘lashi lozim bo‘lgan soliqlarning summalarini aniqlashda huquqni suiiste’mol qilish alomatlariga ega bo‘lgan ayrim operatsiyalarni yoki operatsiyalar ketma-ketligini e’tiborga olmaslikka haqli. Shuningdek soliq organlari to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summalarini bunday suiiste’mollikning ta’sirini istisno etadigan tarzda o‘zgartirishga haqli. Sakkizinchi qism. Ushbu moddada ko‘rsatilgan huquqni suiiste’mol qilishning, bitim qalbakiligining (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligining) holatlarini aniqlash, shuningdek ularning oqibatlarini qo‘llash soliq organlari tomonidan, soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda esa, soliq organlarining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘n beshinchi modda. Lozim darajada ehtiyotkorlik. Birinchi qism. Soliq munosabatlarida soliq to‘lovchilar kontragentlarni tanlash chog‘ida ularning soliq organlarida soliq to‘lovchilar sifatida hisobga qo‘yilganligini, kontragentning ishbilarmonlik obro‘sini, ishlab chiqarish bazasi va xodimlari mavjudligini, moliyaviy holatini, bitim bo‘yicha majburiyatlarni bajarish qobiliyatini tekshirib, lozim darajada ehtiyotkorlik qilishi shart. Ikkinchi qism. Soliq to‘lovchi tomonidan uning oldidagi o‘z majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan tuzilgan bitimlar bo‘yicha qilingan xarajatlar (ko‘rilgan zararlar), agar ushbu soliq to‘lovchi bitim tuzayotganda lozim darajada ehtiyotkorlik qilmagan bo‘lsa, soliq solish maqsadida tan olinmaydi. Uchinchi qism. Soliq organlari soliq to‘lovchilarga kontragentlarning soliq organlarida soliq to‘lovchi sifatida hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risidagi axborotdan, shuningdek boshqa axborotdan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda foydalanish imkoniyatini beradi.
Savol berish